10:26 / 22.12.2021
4386

Malayziya oxirgi o‘n yildagi eng kuchli toshqinlardan aziyat chekmoqda

Malayziya mamlakatda oxirgi o‘n yilda kuzatilayotgan eng kuchli toshqinlardan aziyat chekmoqda. Mamlakatda kuchli yomg‘irlar 3 kundan beri tinmayapti va 8 ta shtatda toshqinlarga olib kelgan.  

Foto: Reuters

Ayni vaqtda tabiiy ofat oqibatida 17 kishi halok bo‘lgani, o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilingani ma’lum qilinmoqda.

Mamlakatning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish milliy agentligida toshqinlardan Selangor, Kelantan, Trenganu, Paxang, Malakka, Negeri-Sembilan, Perak va Kuala-Lumpur shtatlari jabr ko‘rgani ma’lum qilingan. Butun mamlakat bo‘ylab 63 mingga yaqin odam xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Malayziyalik harbiylar qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda va o‘z uylarida hamda qochqinlar lagerlarida qolib ketgan odamlarga oziq-ovqat yetkazmoqda. Vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, chunki meteorologik xizmat yaqin kunlarda yanada kuchli yomg‘irlar va shtormlar kuzatilishini prognoz qilmoqda.

Jamoatchilik va deputatlar mamlakat rahbariyatining anomal kuchli yomg‘irlarga nisbatan sust munosabatini tanqid ostiga oldi. Jumladan, hukumat aholini tabiiy ofat yaqinlashayotganidan ogohlantirmagani, qutqaruv amaliyotini tashkillashtirishda esa hayallagani uchun tanqid qilinmoqda.

Mamlakat bosh vaziri Ismoil Sabri Yoqub hukumat tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tan olgan.

Top