18:46 / 15.02.2022
37235

Navbat Navoiy ko‘chasiga. Toshkent ko‘chalari trassaga aylanmoqda

Toshkent shahar hokimligi nafaqat ilmiy tadqiqotlar xulosalarini inkor qilyapti, balki prezident Shavkat Mirziyoyevning shahar birinchi navbatda piyodalar uchun qulay bo‘lishi kerakligi haqidagi topshirig‘iga ham teskari yo‘l tutmoqda.

Toshkent shahar hokimligi videosidan kadr

Toshkent shahar hokimligi Alisher Navoiy shohko‘chasi rekonstruksiya qilinishini e’lon qildi va loyiha renderini taqdim etdi.

Hokimlik bu orqali “tirbandliklarni kamaytirish, haydovchilar hamda piyodalarga qulaylik yaratish” maqsad qilingani, loyiha “malakali mutaxassislar” guruhi tomonidan ishlab chiqilganini bildirgan.

Gazeta.uz nashri loyihadagi kamchiliklarni ko‘rsatib, poytaxt hokimligi bunday xatolarga avval ham yo‘l qo‘ygani, shaharda transport muammolarini hal etishning noto‘g‘ri strategiyasi qo‘llanayotgani haqida yozib chiqdi.

Nashr mazkur maqolasi orqali davlat rahbariga murojaat qilgan. “Hokimlik jamoatchilik ovozini eshitmayapti”, deya qayd etgan Gazeta.uz.

Ta’kidlash lozim, Toshkent shahar hokimligi transport muammolarini hal qilish bo‘yicha tanlagan yo‘l (yo‘llarni kengaytirish, yo‘l o‘tkazgichlar qurish – umumiy aytganda piyodalarni emas, avtomobillarni birinchi o‘ringa qo‘yish) – shaharsozlik sohasidagi tadqiqotlar xulosalariga zid.

Dunyoning yirik megapolislari tajribasida isbotlangan qoidaga ko‘ra, yo‘l qancha ko‘p va keng bo‘lsa, tirbandlik shuncha ko‘payadi. Shahar yo‘llari avtomobillarni ko‘proq va tezroq o‘tkazishni emas, balki ko‘proq odamni o‘tkazish orqali xavfsiz muhitni ta’minlashi kerak; ko‘proq odam yo‘lda yurishi uchun esa sifatli jamoat transporti zarur.

Afsuski, Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi nafaqat bu ilmiy yondashuvdan yuz o‘girib xatolar ketidan xatolar qilishda davom etmoqda, balki shaxsan davlat rahbarining takror-takror bergan topshiriqlariga ham zid yo‘l tutyapti.

“Yo‘llarimizda piyodalar harakati, odamlarning halovati, salomatligi ustuvor bo‘lishi kerak”, degandi prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yildagi taqdimotlardan birida. Davlat rahbari 2022 yil 2 fevralida tasdiqlagan Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirishning 2025 yilgacha bo‘lgan konsepsiyasida ham quyidagicha belgilab qo‘yilgandi:

“Konsepsiyaning asosiy mohiyati Toshkent shahrida qulay, jozibador bo‘lgan jamoat transporti tizimini tashkil etish, bunda birinchi o‘rinda piyodalar, keyingi o‘rinda mos ravishda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishdan iborat”.

Gazeta.uz Alisher Navoiy ko‘chasining rekonstruksiya loyihasini tahlil qilib, unda quyidagi kamchiliklar borligiga e’tibor qaratgan.

Piyodalar o‘tish joylari soni kamroq bo‘ladi. Hozirda ular qulay va mantiqiy – kesishuvchi trotuarlar bo‘ylab joylashgan bo‘lsa, endilikda ular sonini kamaytirgan holda boshqa joylarga ko‘chiriladi. Piyodalar qo‘shimcha yuzlab metr masofani piyoda bosib o‘tishlari kerak bo‘ladi, bu esa odamlarning ko‘chadan yugurib o‘tishi va o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishiga olib kelishi mumkin.

O‘tish joylarida piyodalar uchun yo‘l uzunroq bo‘ladi – to‘rttagacha bo‘lakni kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Navoiy-Labzak chorrahasida odatdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri kesib o‘tish “P” shaklida kesib o‘tishga almashadi, bu esa o‘nlab qo‘shimcha metrlar va “huquqbuzar” piyodalar sonining ko‘payishini anglatadi.

Yo‘lning ayrim qismlarida avtomobil harakatlanish bo‘laklari ko‘payadi. Haydovchilarga qulaylik yaratish uchun o‘ngga burilishlar to‘siqsiz qilib qo‘yiladi. Ayrim uchastkalarda svetoforsiz o‘tish paydo bo‘ladi, bu ham piyodalar uchun xavflarni oshiradi.

Burilishlar va ortga qayrilib olishlar Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagidek, ya’ni eng chetdagi o‘ng bo‘lakdan tashkil etiladi. Bu ko‘chada birinchi marta harakatlanayotgan haydovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi, buni Farg‘ona yo‘lida doimiy ravishda kuzatish mumkin, bu yerda haydovchilar ko‘pincha o‘ngga burilish/ortga qayrilib olishlarni o‘tkazib yuboradi va qo‘shimcha aylanalar qilishga majbur bo‘ladi. Svetofor ishlamagan vaqtlarda bu yerlarda kollaps vujudga keladi.

Piyodalar uchun xavfsizlik orolchalari yo‘q (avtomobillar qulay burilishi uchun mo‘ljallangan uchburchaklarni xavfsizlik oroli deb bo‘lmaydi). Ayrim o‘tish joylarida ba’zi harakat bo‘laklari uchun qizil, ba’zilari uchun yashil svetofor yonadi.

Navoiy ko‘chasidan chapga, Paxtakor ko‘chasiga burilish yopib qo‘yiladi, shu bilan birga Paxtakor ko‘chasidan Navoiy ko‘chasiga chapga burib bo‘lmaydi.

Ko‘plab do‘konlar va umumiy ovqatlanish joylari bor ko‘chada avtomobillar tartibli to‘xtashi uchun joylar ko‘zda tutilmagan. Bu esa tartibsizlik avj olishi, haydovchilar mashinalarini trotuarlarga va hovlilarga qo‘yib ketishini anglatadi.

Bekatlar uchun kamgaklar ko‘zda tutilgan. Bu avtobuslarning bekatlardan chiqib ketishini qiyinlashtiradi.

Faqat jamoat transporti uchun mo‘ljallangan harakatlanish bo‘laklari loyihada yo‘q. Bu esa prezident tasdiqlagan konsepsiyaga zid ravishda, ustuvorlik jamoat transportiga berilmaganini anglatadi.

Navoiy ko‘chasi avvalboshdan tramvay yurishini hisobga olgan holda qurilgan bo‘lib, Toshkent tramvayining ilk yo‘nalishi ham shu ko‘chadan o‘tgandi. Biroq hokimlik loyihasida bu transport turini qayta tiklash bo‘yicha hech qanday ishoralar yo‘q. Bu haqda kuni kecha prezident tomonidan e’lon qilinganiga qaramay, na hokimlik, na Transport vazirligi haligacha aniq bayonot bergani yo‘q.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi holatlardan saboq chiqarilmagan: u yerda o‘t o‘chirish mashinalarining chiqishi uchun ajratgichni o‘rnatish va tartibga solinmagan “zebra” chizishga to‘g‘ri kelgandi. Muqimiy ko‘chasida esa tramvay yo‘q qilinganidan keyin rasmiylar “svetoforsiz trassa” qurishga qaror qilgan, ammo keyinchalik panjaralarni olib tashlashga, chorrahalarni qaytadan ochishga va svetoforlarni qaytarishga hamda piyodalar o‘tish joylarini tashkil etishga to‘g‘ri kelgandi.

Nashr shaharda rekonstruksiya qilingan ko‘chalar, trotuarlar, veloyo‘laklarni mustaqil auditdan o‘tkazish, zaruratga qarab loyihalarga o‘zgartishlar kiritish va kamchiliklarni bartaraf etishni taklif qilgan. Audit yakuniga qadar, shuningdek yagona standartlarni belgilab olmaguncha loyihalarni to‘xtatib turish, jamoatchilik bilan ham hisoblashish zarurligi ta’kidlangan.

“Hokimlik xabarini shunchaki qayta e’lon qiladigan O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu safar ham shunday qildi. Bu YHXXda loyiha bo‘yicha savollar yo‘qligi va uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini anglatadimi? Xuddi yo‘llar o‘rtasiga to‘siqlar o‘rnatilishi, ko‘chalarning kengaytirilishi, mahluqsifat transport bog‘lamalari, yer usti piyodalar o‘tish joylari qurilishlari va kelgusida ham rejalashtirilayotgan qurilishlar hamda boshqa “takomillashtirishlar”ni qo‘llab-quvvatlagani singarimi?” – deya qo‘shimcha qilingan maqolada.

Toshkentning qoq markazida qayta-qayta ta’mir

Murojaat-maqola e’lon qilingach, qator blogerlar undagi fikrlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Telegram'dagi Davletovuz kanali Toshkent faqat markaziy ko‘chalardan iborat emasligiga e’tibor qaratdi.

“Faqat Toshkentning qoq markazida qayta-qayta ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadigan poytaxt hokimligi uchun obodonlashtirish kerak bo‘lgan o‘nlab ko‘chalarni ko‘rsatish mumkin.

Masalan, Muqimiy ko‘chasidan boshlanadigan Qatortol va al-Xorazmiy ko‘chalari bo‘ylab Katta Xirmontepa ko‘chasigacha odamlar hordiq chiqarishi, piyodalar harakatlanishi mumkin bo‘lgan va avtomobillar bilan kesishmaydigan ajoyib yaxlit alleya qursa bo‘ladi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev, modomiki alleya qurmasa ham, o‘sha yo‘l bo‘ylab bir piyoda yurib ko‘rsa bo‘lardi. Toshkent faqat markazdan iborat emas.

Chilonzor hokimligi shu yo‘nalishda piyodalar uchun go‘yoki qilgan ta’mirlash-obodonlashtirish ishlari alaloqibat yana avtomobillar uchun qulay bo‘lib qolgan edi”, deya yozdi bloger.

Yana yashirin farmoyishlarmi?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning taxmin qilishicha, buzish-qurish ishlari yana yopiq farmoyishlar bilan tasdiqlangan.

“Davletov to‘g‘ri yozyapti. Poytaxtning qoq markazida qayta-qayta ta’mirlash ishlarining afzalligi ancha yuqori. Gap balki shunda.

Shunaqa taassurotki, juda tez boshlab olishmasa, quruq qolishadigandek. Birdaniga Navoiy va Bobur ko‘chalari, Aviasozlar saroyi, Kosmonavtlar xiyobonini yoppasiga buzib-ta’mirlashga tushib ketishdi. Hammasida hokimga taalluqli sub’yektlar. Lekin birortasining loyiha qiymati, moliyalash manbalari e’lon qilinmagan. Buzilayotgan makonlarning madaniy meros nuqtai nazaridan asralishi lozimligi yana alohida masala.

Katta ehtimolki, buzish-qurish ishlari yana yopiq farmoyishlar bilan tasdiqlangan. Begona bo‘lmagan pudratchilar tendersiz belgilangan.

Aytganday, o‘tgan yili Katta halqa yo‘li va Kichik halqa yo‘lini birlashtiradigan Istirohat ko‘chasi bo‘ylab xiyobon ko‘cha qurishni va’da etishgan. Yotibdi bu ko‘cha haliyam, changga botib, yamalarga to‘lib. Bundan ko‘ra yaltiragan Bobur ko‘chasini yanada yaltiratish foydaliroq ularga”, deya yozdi iqtisodchi.

Qayta va qayta Amerika ochish

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shahar hokimligining bunday qarorlari tagida yotgan yondashuvning o‘zi xato ekaniga urg‘u bergan.

“Gazeta.uz'ning davlat rahbariga qilgan murojaatiga men ham to‘liq qo‘shilaman. Negadir biz “yo‘llarni kengaytirsak, muammolardan qutulamiz”, degan eskicha va noto‘g‘ri qarashdan voz kecha olmayapmiz. Rivojlangan davlatlar tajribasi buning teskarisi ekanligini allaqachon isbotlagan. Yo‘q, biz baribir qayta va qayta Amerika ochishda davom etishimiz kerak”, deb munosabat bildirdi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Mavzuga oid
Top