15:23 / 04.04.2022
154125

O‘qituvchilar attestatsiyasi: Mashmashaga aylangan e’tirozlar va rasmiylar javobi

Shu kunlarda butun respublikada maktab o‘qituvchilari uchun attestatsiya imtihonlari bo‘lib o‘tyapti. Ko‘plab o‘qituvchilar testlar sifati, savollar darajasi va sharoitlardan shikoyat qilyapti. Kun.uz bildirilayotgan e’tirozlar va mas’ul organning bunga izohlarini o‘rgandi.

Foto: KUN.UZ

Mart-iyun oylarida 22 ta fan bo‘yicha o‘tkaziladigan attestatsiyada ishtirok etish uchun 280 ming nafardan ortiq o‘qituvchidan ariza kelib tushgan.

Ko‘p sonli o‘qituvchi imtihon topshirayotgani uchun ham o‘qituvchilar o‘rtasida hozir kun mavzusi attestatsiyalar bo‘lib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni kuzatib, attestatsiyani ma’qullaydiganlar va uni kerak emas deb hisoblovchi o‘qituvchilar borligini anglash mumkin.

Muhokamalarda bildirilayotgan ayrim fikrlarni e’tiboringizga havola qilamiz:

  • “Test yechtirib o‘qituvchining mahoratini aniqlab bo‘lmaydi”.
  • “Bizda bugun o‘qituvchilar o‘z kuchi bilan o‘tishdi. Bilimi bor nolimaydi. O‘z ustida ishlasa, hamma narsaning uddasidan chiqsa bo‘ladi”.
  • “5 yil oldin tayyorlanib o‘tgandim. Hozir yana qaytadan yodlashga to‘g‘ri kelyapti. Ha, ha, yodlashga. Yodlangan narsa hech qancha vaqt o‘tmay yoddan chiqadi”.
  • “Attestatsiya – mutaxassisning layoqatini baholash degani. Kerakmi? Kerak. Lekin test qilish mezonlarini puxta ishlab chiqish zarur”.

Attestatsiyaning sifati haqida salbiy fikrlardan tashqari, imtihondan o‘ta olmay asabiylashib, qon bosimi oshgan, stressga tushgan o‘qituvchilar haqida ham izohlar yozildi.

Attestatsiya nega kerak o‘zi?

Attestatsiya orqali o‘qituvchilar malaka toifasini (oliy, birinchi, ikkinchi darajali) olishi mumkin. Bir marta imtihondan o‘tib toifa olgan o‘qituvchi 5 yilgacha uni saqlab qoladi.

Toifasiga qarab o‘qituvchilarning oyliklari ham farq qiladi. Oliy toifa o‘qituvchi birinchi toifaga qaraganda, birinchi toifa esa ikkinchi toifaga qaraganda ko‘proq maosh oladi.

Bundan tashqari, o‘qituvchilarning toifalari maktablar reytingini aniqlashda ham ahamiyatga ega.

Ko‘rinib turibdiki, attestatsiyadan o‘tish o‘qituvchilarning oyligiga, qolaversa, maktabning reytingiga ta’sir qiladi. Shu sabablar uchun ham o‘qituvchilar attestatsiyani og‘riqli qabul qilayotgan bo‘lishi mumkin: imtihonni yaxshi topshira olmagan oliy toifali o‘qituvchi birinchi toifaliga aylansa, maoshi ham shunga muvofiq kamayadi.

Qolaversa, mutaxassis darajasidagi o‘qituvchi attestatsiyadan o‘ta olmasa, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmagani sabab u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga ham haqli.

O‘qituvchilar toifasi raqamlarda

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, maktablarda ishlayotgan 670 682 nafar o‘qituvchining 30 095 nafari oliy, 86 356 nafari birinchi, 150 643 nafari ikkinchi hamda 247 341 nafari mutaxassis toifasida.

Foizda ko‘rsak, oliy toifalilar atigi 4,5 foiz, birinchi toifali o‘qituvchilar esa 12,9 foiz ekani anglashiladi. Ya’ni oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarning umumiy ulushi 18 foizga ham yetmaydi.

Attestatsiyada o‘qituvchi 100 ball to‘plashi kerak bo‘lib, uning 20 balli o‘qituvchining pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligiga qarab maktab tomonidan qo‘yiladi. Qolgan 80 ball esa 40 ta testni ishlash orqali to‘planishi kerak. Har bir toifa uchun o‘tish ballari belgilangan, buni o‘qituvchilar yaxshi biladi.

Attestatsiya kimlarga pulli?

Attestatsiyadan o‘qituvchilar 5 yilda bir marta majburiy tarzda o‘tkaziladi, lekin o‘qituvchilar navbati kelishidan oldin ham attestatsiyadan o‘tishlari mumkin. Buning uchun ular 5 yil o‘tishini kutishi shart emas. Faqat to‘lovi bor – 1 BHM (270 ming so‘m) miqdorida. Murojaat my.gov.uz portali yoki Ta’lim inspeksiyasining rasmiy sayti orqali murojaat qilinganda, yig‘im summasidan 10 foiz imtiyoz beriladi.

To‘lanadigan mablag‘ning 50 foizi Ta’lim inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, bu mablag‘ malaka (test) sinovlari uchun test tuzadigan va ekspertizadan o‘tkazadigan ekspertlarga shartnoma asosida haq to‘lash, xalqaro ekspertlarni jalb qilish, sinovlarni tashkil qilishda pedagoglarga sharoit yaratish, yuqori tezlikdagi internetga ulanish, zarur jihoz va uskunalar xarid qilish va boshqa shu kabi maqsadlar uchun sarflanadi.

Imtihondagi sharoitlar

Attestatsiyaning ilk kunlarida o‘qituvchilarning ko‘chada sovuqda o‘tirib (mart oxiri yog‘ingarchiliklar hali butunlay tugamagani bois yerlar nam edi), navbatini kutayotgan surati tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ba’zi o‘qituvchilar belgilangan vaqtdan kechroq imtihonga kirgani haqida ham aytildi.

Ta’lim inspeksiyasi izohiga ko‘ra, bu yil imtihonda qatnashayotgan o‘qituvchilar soni ko‘proq ekani sabab sinovlar uchun kattaroq binolar tayyorlangan. Hukumat tomonidan mahalliy hokimliklarga ushbu jarayonlarda zarur shart-sharoitlar yaratish, internet va elektr toki uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Har bir o‘qituvchiga testga kirish vaqtidan yarim soat oldin kelishi xabar qilingan. Bir guruhda birdaniga 100-200 kishi attestatsiyada qatnashsa, taxminan 200 kishi uchun kutish joylari tashkillashtirilgan.

“Biroq ko‘pincha tushdan keyin testga kiradigan o‘qituvchilar o‘z navbatlaridan xabarlari bo‘lsa-da, boshqa hamkasblaridan testlar haqida taassurotlarini so‘rash, savollari haqida bilish uchun ertalab kelib olishmoqda. Hattoki, ayrim holatlarda attestatsiyaga o‘sha kuni kirmaydigan pedagoglar ham borib, testga kirib chiqqanlar bilan suhbatlashishmoqda. Bu vaziyatda kutish joyida emas, ko‘chada boshqa joyda o‘tirishni ma’qul ko‘rishmoqda.

Tan olib aytish kerak: ayrim hududlarda elektr tokidagi uzilish yoki boshqa sabablar bilan pedagoglar belgilangan vaqtdan sal kechroq testga kirgan holatlar ham kuzatildi”, deya izoh berdi inspeksiya Kun.uz'ga.

Savollar sifati haqida e’tirozlar

Attestatsiya savollarining darslikdan tashqari manbalardan tushgani, asosan, yodlashga asoslangani haqida ham e’tirozlar bor.

Bunga Ta’lim inspeksiyasi quyidagicha izoh berdi:

“Nazorat savollari, asosan, darsliklarga emas, davlat ta’lim standartlariga suyangan holda pedagogning kompetentligini va pedagogik mahoratini ochib berishga qaratilgan.

Test savollarini haqiqiy imtihon jarayonida ishlatish uchun, ekspertiza, aprobatsiya, validlik va ishonchlilik tahlillari kabi bir necha jarayonlardan o‘tkaziladi.

Shu bilan birgalikda, alohida ta’kidlash lozimki, test savollarini shakllantirishda har bir fanga alohida yondashiladi. Chunki matematika fani uchun zarur bo‘lgan malaka va ko‘nikmalar, tabiiy fanlar yoki ijtimoiy fanlardan farq qilishi mumkin.

Shundan kelib chiqqan holda bu o‘rinda barcha fanlarni umumlashtirib, test jarayonlarida berilgan 40 ta savoldan aynan qanchadir qismi mantiqiy yoki nazariy savollarga ajratiladi, deyish biroz mushkul.

Biroq bu o‘rinda nazariy savollar deganda bevosita yodlashga qaratilgan topshiriqlarni tushunmaslik lozim. Topshiriqlar, asosan, nazariy bilimlarning bevosita amaliyot yoki dars jarayonlariga tatbiq qilinishi bilan bog‘lanadi.

O‘tgan yildan boshlab, Ta’lim inspeksiyasi tomonidan barcha 33 ta umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari formati (fan mazmuni tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yori) va baholash mezonlari e’lon qilindi. O‘qituvchilar ular bilan tanishishi mumkin.

Bundan tashqari, har yili malaka (test) sinovlari oldidan haqiqiy imtihon holatiga yaqinlashtirilgan, test topshiriqlari formatiga mos tarzda namunaviy savollar orqali o‘z bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan”.

O‘qituvchilarning natijalari qanday?

Hozir attestatsiya davom etayotgani uchun o‘qituvchilarning qanday ball olayotgani to‘la tahlil qilinmagan. Biroq taxminan 55 foiz o‘qituvchi ijobiy natijaga erishgan.

1 aprel kunigacha 73,9 ming o‘qituvchi attestatsiya topshirgan va 92ta holatda o‘qituvchilar qoida buzgani uchun dalolatnoma tuzib testdan chetlashtirilgan. Dalolatnoma tuzilgan o‘qituvchiga ball berilmaydi. Lekin keyingi sinovda qatnashishiga taqiq yo‘q.

“Hafta og‘ir o‘tdi”

Ta’lim inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Rashid Tojiboyev Telegram-kanalida shunday yozadi:

“Oldinlari oliy ma’lumotli o‘qituvchi oliy toifani olish uchun 13 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozirda kamida 1 yarim yil talab etiladi. Nafaqadagi, ko‘p yillik mehnat stajiga ega o‘qituvchilar, o‘quvchilari xalqaro olimpiadalar sovrindorlari, xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilarga imtiyozlar berilgan.

Barcha fanlardan test formatlari (fan qamrovi, fan mazmuni, savollar turi, vaqt me’yorlari va baholash mezonlari) e’lon qilindi. Tayyorgarlik uchun namunaviy test savollari sinov rejimida joriy qilindi. Test savollari takomillashtirilib, o‘qituvchiga yangi bo‘lgan manbadan foydalanildi.

Lekin baribir malaka sinovidan o‘ta olmagan o‘qituvchilarning e’tirozlari to‘xtamayapti. 14 martdan beri apellyatsiya komissiyasida ishlayotgan bo‘lsam, o‘qituvchilar tomonidan turli tahdidlar, tamagirlik holatlari, pora taklif qilishlar, so‘kish va qarg‘ishlar bo‘lmoqda.

Test savollariga yangicha yondashilgani bois, darslikda isbotlab berish talab etilmoqda. Ta’lim inspeksiyasi saytidan shaxsiy nomerimni olib, ertalabgacha 30 martalab telefon qilish holatlari bo‘lmoqda. Barchasi bilan ZOOM orqali bog‘lanib, o‘zining savollar kitobi bilan tanishtirganimda, xatolarini ko‘rib birdan unsiz bo‘lib qolmoqda.

Xullas, hujjat topshirgan 281 mingta o‘qituvchiga yoqishning imkoni bo‘lmayapti”.

Ikki tomonning ham o‘z haqiqati bor

O‘qituvchilarni har tomonlama tushunish mumkin: bir sinfda ko‘p sonli bola bilan ishlash, darsdan keyin ham ma’lum vaqtni daftar tekshirish va boshqa shunga o‘xshash ishlar uchun ajratish, qolaversa, maktablarda ham tadbirlar tashkillashtirish, ochiq darslar o‘tish kabi o‘ziga xos tashkiliy ishlar bo‘ladi. Bulardan ortib yana o‘zi ustida ishlashi kerak. Ehtimol, maktablar reytingi sabab attestatsiyadan o‘ta olmaganlar direktordan gap eshitishi ham mumkin.

Qolaversa, yoshi katta ustozlar o‘zlaridan ancha kichik shogirdlarining toifalari o‘zlaridan baland bo‘lishini ham qabul qilishi qiyin bo‘lishi mumkin. “Necha yillik tajribaga ega bo‘la turib, mendan toifasi baland bo‘ladimi?” deb o‘ylashlari ham mumkin.

Lekin hozir raqobat davrida hamma sohada ham yaxshi kadrlar boshqalarga qaraganda ko‘proq maosh olishni, ko‘proq imtiyozlardan foydalanishni xohlaydi. Bunga moslashish va harakatchan bo‘lish orqali ilmlilar qatoriga kirish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Top