11:38 / 26.06.2022
84595

Tunda otilgan o‘q. Xatirchida sodir etilgan mudhish qotillik tarixi

Bundan 19 yil oldin Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida sodir etilgan jinoyat tildan tilga ko‘chib, odamlar orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan. Tergov guruhi tomonidan voqea joyi – o‘z uyida boshidan otilgan murda atrofida qo‘lbola o‘q yasashda ishlatiladigan 3 dona «pij» topilgan, xolos. 600 nafardan ortiq odam guvoh tariqasida so‘roq qilingan mazkur ishni ochish huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga oson bo‘lmagan.

Qorachadagi qora tun

2003 yilning 7 noyabridan 8 noyabrga o‘tar kechasi. Xatirchi tumani, Ibn Sino shirkat xo‘jaligining Qoracha qishlog‘i. Atrof jim-jit, barcha uyquda. Biroq kutilmaganda tun sukunatini qishloqdagi xonadonlardan birida otilgan miltiq ovozi buzib yuboradi.  

Yarim tunda qaytib uyg‘onmasligidan bexabar holda o‘z uyida uxlab yotgan Muhiddin Shamsiyev otib ketiladi. Marhumning yaqinlari darhol tuman IIBga xabar qilishadi. Viloyatdan ham tegishli xodimlar zudlik bilan voqea joyiga yetib borishadi.

Qorong‘i tunda qotillikka qo‘l urganlar juda «toza» ishlashgan, o‘zlaridan deyarli iz qoldirishmagandi. Tergov guruhi oldida juda katta ish – chaqilmagan yong‘oqdek sirli jumboq turardi.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Daliliy ashyo – 3 dona «pij»

Qotillik jinoyati o‘g‘irlik yoki talonchilik bilan bog‘liq emasligi dastlabki kuzatuvdayoq ma’lum bo‘ladi. Chunki Shamsiyevning uyidan biror buyum olib chiqib ketilmagan, qimmatbaho taqinchoqlar ham, 2 600 AQSh dollari miqdoridagi pul ham sandiqda turardi. Hatto xonadon eshiklarini qasddan buzib kirish alomatlari topilmagan.

Tergov guruhi marhumning uy-joyini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechiradi. Jarayonda o‘q uchida bo‘luvchi 3 dona, karton qog‘ozdan yasalgan «pij» daliliy ashyo sifatida topilgan, xolos. Darhol viloyat bo‘yicha o‘qotar quroli borligi gumon qilinganlar, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik bilan qamalib chiqqan shaxslar kuzatuv ostiga olinadi. Ammo ish borgan sari chigallashib borar, kalavaning uchi esa hadeganda topilavermasdi. Tergov guruhi ishning yechimini topishda qiyinchiliklarga duch kela boshlaydi.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Haqiqatga aylangan taxmin

Xonadondan hech narsa olib ketilmagani aniq bo‘lgach, Muhiddin Shamsiyev yollanma qotillar tomonidan otib ketilgani haqidagi taxmin ilgari suriladi. Tergov guruhi marhum bilan oldindan o‘zaro adovati bor bo‘lgan shaxslarni aniqlab, ularning jinoyatga aloqadorligini tekshirib chiqadi. Bular orasida Muhiddin Shamsiyev ishlagan Ibn Sino shirkat xo‘jaligi sobiq raisi Bahodir Qurbonov ham bor edi. Sobiq rais va marhum o‘zaro kelishmasdi. Chunki rais ishdan olinishiga Shamsiyev sabab bo‘lgandi.

Bahodir Qurbonov 2002 yil iyun oyidan 2003 yil oktyabrgacha Ibn Sino shirkat xo‘jaligi raisi lavozimida ishlab, ko‘p miqdorda davlat mulkini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuboradi. O‘sha paytda u mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda davlat va jamiyat manfaatlariga jami 4 mln 343 ming so‘m zarar yetkazgan. Bundan xabari bo‘lgan Muhiddin Shamsiyev uning harakatlari haqida ketma-ket tegishli organlarga murojaat yo‘llagan. Buning natijasida rais ishdan olingan. To‘plangan dalillar shu ziddiyat ortidan jinoyat sodir qilingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni yuzaga chiqaradi. 

Bahodir Qurbonov va uning haydovchisi Obid Hamidov qotillikda gumonlanib, qamoqqa olinadi. 

Raisning buyurtmasi

Ishdan bo‘shatilgan Bahodir Qurbonov hali ham shirkatga tegishli mashinada yurardi. Bir kuni u o‘ylab yurgan shum rejasi – Shamsiyevni gumdon qilish kerakligini, xizmat uchun 2 mln so‘m berishini haydovchisi Obid Hamidovga aytadi. Garchi ishdan ketgan bo‘lsa ham shefning topshirig‘i topshiriq, uni bajarmasa bo‘lmaydi, deb hisoblagan haydovchi yollanma qotil izlashga tushadi. Oradan ikki kun o‘tib, Obid Hamidov izlagan odamlarini topadi va raisga ish bitgani, hammasi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechishini bildiradi.

2003 yilning 5 noyabr kuni yarim tunda haydovchi Obid Hamidov «Gaz-31» mashinasida killerlarni olib, Qoracha qishlog‘iga keladi. Yigitlarni manzilda tushirib, o‘zi olisroqda kutib o‘tiradi. Qotillar Muhiddin Shamsiyevning uyi oldiga borib, eshikni taqillatishadi va Farhod ismli tabelchining uyini ko‘rsatib yuboring, deya bahona qilishadi. Ammo ko‘ngli yomonlikni sezganmi, Shamsiyev eshikni ochmasdan javob qaytaradi. Bu bilan jinoiy guruhning rejasi barbod bo‘lgandi.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Oradan ikki kun o‘tib, navbatdagi urinish amalga oshiriladi: qotillar ikkinchi marta Qorachaga borishadi va Shamsiyevning uyiga kirishadi. So‘ng o‘zlari bilan olib borgan, oldindan o‘qlab qo‘yilgan qirqma miltiq bilan divanda bamaylixotir uxlab yotgan Shamsiyevning bosh qismiga o‘q uzishadi. Shu tariqa, sobiq raisning «zakazi» bajariladi.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Jinoyat jazosiz qolmadi

Mazkur jinoyatni ochishda bir qancha tezkor harakatlar olib borilgan, 600 nafardan ortiq odam guvoh tariqasida so‘roq qilingan. Shuningdek, 50 dan ortiq yuzlashtirish tergov-harakatlari amalga oshirilgan va o‘ndan ortiq ekspertizalar tayinlanib, xulosalar olingan.

Yakunda jinoyat Bahodir Qurbonov tomonidan yollangan Obid Hamidov, Valisher Omonov va Bakir Shamilov tomonidan sodir etilgani tasdiqlangan.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi hukmiga ko‘ra, Bahodir Qurbonov va Valisher Omonov 18 yildan, Obid Hamidov 16 yil hamda Bakir Shamilov 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Material Navoiy viloyati IIB bilan hamkorlikda tergov materiallari asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top