2006 yil Zarafshon shahrida turli millatga mansub yolg‘iz yashovchi keksa fuqarolar sirli tarzda birin-ketin g‘oyib bo‘la boshlaydi. O‘sha davrda aksariyat ruslar Rossiyaga, farzandlari va yaqinlarining oldiga ko‘chib ketayotganligi uchun bu yo‘qolishlar hech kimning e’tiboriga tushmadi. Bilganlar ham uy-joyini sotib, ko‘chib ketibdi, degan o‘yda bo‘lgan. Aslida ularni ayanchli ajal o‘z domiga tortib ketgan edi.

Olinmagan nafaqa puli

2006 yilning 22 iyun kuni fuqaro Anna Pereplyotchikova Zarafshon shahar prokuraturasiga murojaat qilib, tanishi Tsyba Vasiliy bir necha kundan beri dom-daraksiz yo‘qolganligi haqida xabar qiladi. Shahar prokuraturasi va shahar IIB JQB xodimlari tomonidan darhol tezkor qidiruv tadbiri boshlab yuboriladi. Tsyba Vasiliyni taniganlar u kvartirasini sotib, Rossiyaga ketganini aytishadi. Ammo holat shubhali edi.

Tekshirish davomida Tsyba Vasiliy Zarafshon shahridan doimiy ro‘yxatdan chiqmaganligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, u keyingi ikki oy davomida nafaqa pulini ham olmagandi. Ishning bu nuqtasi ham tezkor xodimlarda shubha uyg‘otadi. Yo‘qolgan fuqaro qotillik qurboni bo‘lgan, degan ehtimolda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va tergov harakatlariga kirishiladi.

Fosh bo‘lgan “makler” 

Yaqin orada IIBga hech kim bedarak yo‘qolganlar haqida murojaat qilmaganligi tufayli Tsyba Vasiliyni izlash ishlari biroz mushkul va natijasiz davom etardi. U chindan ham dom-daraksiz yo‘qolgandi. Shuning barobarida, Rossiyaga ham ketmaganligi aniq edi. Qo‘shnilari bilan suhbatlashilganida, u spirtli ichimliklarga mukkasidan ketganligi, oxirgi paytlarda uyiga notanish, shubhali odamlar kelib-ketib yurganligi, ayniqsa, Muxtor ismli shaxs bilan yaqin bo‘lganligi oydinlashadi. Qo‘shnilardan biri taxminan bir oy oldin Muxtor 2-3 nafar sherigi bilan kelib, Tsyba Vasiliyning ayrim uy jihozlarini traktorga ortib, uning o‘zini ham mashinaga mindirib ketganligini aytadi. Shu tariqa, keyingi vaqtlarda shaharda kimlar uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotganligi kuzatuv ostiga olinib, turli taxminlar ishlab chiqiladi hamda qidiruv va tergov ishlari kuchaytiriladi. Nihoyat oradan ikki kun o‘tgach, shaharda Muxtor ismli shaxs “makler”lik qilib yurishi aniqlandi.

1,5 sutkalik tezkor “operatsiya” 

Muxtor Abdullayevdan Tsyba Vasiliy haqida so‘ralganida, u haqiqatdan bu fuqaroni tanishini, Tsyba taxminan bir oy oldin doimiy yashash uchun Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida istiqomat qiluvchi qizining uyiga ko‘chib ketganligini, uni shaxsan o‘zi kuzatib qo‘yganligini bildirgan. Ammo Muxtor Abdullayev tintuv qilinganida, kutilmaganda uning yonidan Tsyba Vasiliyning fuqarolik pasporti topiladi. Chorasiz qolgan “makler” Tsyba Vasiliyning o‘limi uning ko‘rsatmasiga asosan jiyani Baxtijan Ashilov va bojasi Talg‘at Ayimbetov tomonidan sodir etilganligini ma’lum qiladi.