07:16 / 20.07.2022
7853

40 ga yaqin kompaniya IT Park rezidenti maqomidan mahrum etildi

Foto: UzA

Direksiya oldidagi majburiyatni bajarmagani uchun 40 ga yaqin kompaniya IT Park rezidenti maqomidan mahrum etildi.

Rezidentlar o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 589-son qarori talablari asosida amalga oshirishi hamda IT Park rezidenti faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarishi shart.

IT Park rezidentlari majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

  • faqat ro‘yxatdagi faoliyat turlariga asoslangan biznes-rejada ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
  • har chorakda IT Park direksiyasiga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish;
  • har yili moliyaviy-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini IT Park direksiyasiga yuborish;
  • rezident IT Park direksiyasi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega.

Nizom talablarini bajarmagan rezidentlar IT Park rezidenti maqomidan mahrum etiladi, soliq imtiyozlari esa bekor qilinib belgilangan tartibda davlat budjetiga to‘lash majburiyatlari tiklanadi. 

Bundan tashqari, 79 kompaniyaning auditorlik xulosasi nizom talablariga muvofiq bo‘lmagani sababli xulosani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha hamda auditorlik xulosasi belgilangan shaklga muvofiq taqdim etilmasa IT Park rezidenti maqomidan mahrum etish bo‘yicha xabarnoma yuborildi.

IT Park rezidenti maqomi ma’lum afzalliklarni beradi. Rezident kompaniyalar 2028 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, ijtimoiy soliqni to‘lashdan ozod etilgan. Ish haqi daromadidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 7,5 foiz miqdoridagi yagona stavka bo‘yicha soliqqa tortiladi.

Top