10:43 / 09.08.2022
9124

Borrell: Lukashenko rejimi qurbonlarini unutmaymiz

YeI belaruslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va Lukashenko hokimiyatining qonuniyligini tan olmaydi, dedi Borrel Belarusdagi tinch namoyishlarning ikki yilligi munosabati bilan.

Yevroittifoq Belarus xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va Aleksandr Lukashenkoning hokimiyatini qonuniy deb hisoblamaydi, dedi YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Belarusda 2020 yil 9 avgust kungi prezident saylovlaridan keyin boshlangan norozilik namoyishlarining ikki yilligi munosabati bilan. 

«Biz Belarus xalqining demokratik intilishlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Aleksandr Lukashenkoning hokimiyati demokratik qonuniylikka ega emasligini yana bir bor ta’kidlaymiz», - deyiladi 8 avgust, dushanba kuni e’lon qilingan bayonotda. 

Borrell Minskdagi rejim tomonidan belaruslarga qarshi boshlangan ommaviy repressiyalarni esladi. Hozir mamlakatda 1200 dan ortiq siyosiy mahbus bor va bu raqam kundan-kunga oshib bormoqda, dedi u. Demokratik muxolifatning ko‘plab vakillari mamlakatdan ketishga majbur bo‘ldi, faollar esa qo‘rqitildi, jumladan, o‘lim jazosi bilan tahdid qilindi, tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikda aybdorlar esa hali sudga tortilmadi, deya qo‘shimcha qildi Borrel. 

«Biz Belarusda zo‘ravonlik qo‘llaganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, bunda inson huquqlari buzilishiga oid dalillarni to‘plash va saqlash hisobga olinadi. Biz Lukashenko rejimi qurbonlarini ham, uning o‘tmishdagi va hozirgi jinoyatlarini ham unutmaymiz», dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

U, shuningdek, Minskdagi rejimning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi rolini qoraladi. «Rossiya Ukrainaga qarshi asossiz bosqinchilik urushini boshlaganida, Lukashenko rejimi Belarus xalqining mutlaq ko‘pchiligi irodasiga qarshi Putinning sherigiga aylanib, RFga Belarus hududidan Ukrainaga bostirib kirish, raketalarni uchirish uchun foydalanishga ruxsat berdi, Moskvaga to‘liq siyosiy va moddiy-texnik yordam ko‘rsatdi. Endi rejim urushga qarshi chiqqan belaruslarni ta’qib qilmoqda», - dedi Borrel. 

U Minskni Rossiya bilan urush bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatishga, shuningdek, «zudlik bilan va so‘zsiz barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilish va reabilitatsiya qilishga hamda repressiyalarni bas qilishga» chaqirdi. 

«Belarus xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qat’iyligimiz o‘zgarishsiz qoladi. 2020 yilning avgust oyidan boshlab YeI Belarus xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 65 mln yevro ajratdi. Belarusda demokratik o‘tish amalga oshishi bilanoq 3 mlrd yevrolik keng qamrovli iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash rejamizni safarbar qilishga tayyormiz», - dedi YeI oliy vakili. 

Mavzuga oid
Top