00:48 / 01.02.2023
38727

Eronning bosh yodgorligi oldida raqs tushgan juftlik 10 yilga qamaldi

Tehrondagi Ozodiy yodgorligi oldida ishqiy raqsga tushgan juftlik videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng, ikkalasi ham hibsga olingan edi.

Foto: Arab News

Eron sudi Tehronning eng diqqatga sazovor joylaridan biri oldida raqsga tushgan yosh er-xotinni 10 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qildi. Sud ularning qilmishini davlatga bo‘ysunmaslik ramzi sifatida baholagan.

20 yoshlardagi Astiyoj Haqiqiy va uning eri Amir Muhammad Ahmadiy noyabr oyi boshida Tehrondagi Ozodiy yodgorligi oldida ishqiy raqsga tushgani aks etgan video internetda paydo bo‘lgach, hibsga olingan edi.

Ayol Erondagi qat’iy qoidalarga zid ravishda ro‘mol o‘ramagan. Bundan tashqari, Eronda erkaklar ham, ayollar ham jamoat joylarida raqsga tushishi mumkin emas.

Tehrondagi Inqilobiy sud ularning har birini 10 yilu 6 oyga qamoq jazosiga hukm qildi hamda internetdan foydalanish va Eronni tark etishni taqiqladi, deb xabar berdi Inson huquqlari himoyachilari axborot agentligi (HRANA).

Eron davlat axborot manbalarida bu holat yoritilmadi. Shuningdek, qamoq jazosining haqiqiy yoki shartli ekanini tekshirish ham ilojsiz.

HRANA agentligining ma’lum qilishicha, Instagram blogerlari sifatida o‘z muxlislariga ega bo‘lgan er-xotin «korrupsiya va ommaviy fohishalikni rag‘batlantirish» hamda «milliy xavfsizlikka putur yetkazish maqsadida to‘planish»da ayblangan. Sud jarayonida ular advokatdan mahrum qilingani, ularni garov evaziga ozod qilish uchun barcha urinishlar rad etilgani aytilmoqda.

Astiyoj Haqiqiy hozir Tehron yaqinidagi Karchak ayollar qamoqxonasida bo‘lib, undagi sharoitlar huquq faollari tomonidan muntazam qoralanadi.

2022 yil sentabr oyida ro‘mol o‘rash qoidalarini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Shundan so‘ng, Eron hukumati norozilikning barcha ko‘rinishlarini bostirishga kirishdi. Yosh er-xotinning qattiq jazolanishini ehtimol shu bilan izohlash mumkin.

Tehronning asosiy timsollaridan biri, ulkan va futuristik Ozodiy yodgorligi Eronda juda qadrlanadi. U oxirgi shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hukmronligi davrida, 1970 yillarning boshida ochilgan, o‘shanda u Shohiyod minorasi (shoh xotirasi uchun) nomi bilan mashhur bo‘lgan.

1979 yilda Islom Respublikasi tashkil etilishi bilan shoh hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng, uning nomi Ozodiy deb o‘zgartirilgan edi.

Mavzuga oid
Top