18:25 / 02.02.2023
16238

Qozog‘istonda 300 ming gektar yer Nazarboyevning ukasidan davlat ixtiyoriga qaytarildi

Ularning qiymati yuz millionlab dollarga baholangan.

Foto: Tengrinews.kz.

Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyevning shu’ba korxonalariga qarashli deyarli 300 ming gektar yer davlatga qaytarildi. Bu haqda hukmron Amanat partiyasi huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika jamoat kengashi raisi Yerlan Sairov ma’lum qildi, deb yozdi Tengrinews.

Uning aniqlik kiritishicha, olib qo‘yilgan 239 ming gektar yer Mang‘istou viloyatida, yana 60 ming gektari esa Jambil viloyatida joylashgan.

«Partiyamizning asosiy vazifasi xususiy qo‘llarga noqonuniy o‘tgan milliy boyliklarni o‘z holiga qaytarishdir. Bu ishlarni tizimli ravishda olib boramiz. Familiyaning «mashhurligi», o‘tmishdagi xizmatlari va hamyonning qalinligi adolatni tiklashga to‘sqinlik qilmaydi. Odamlardan tortib olinganmi? Qaytarib berasiz», dedi Sairov.

Avvalroq, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda 244 gektardan iborat 59 ta yer uchastkasi aniqlangan bo‘lib, ularning egasi «shubhali holatda Bolat Nazarboyevga aylangan», deyiladi Amanat partiyasi matbuot xizmati xabarida. Hujjatlarga ko‘ra, bu yerlar kottej, ma’muriy bino va bozor qurish uchun sotib olingan. Ularning narxi yuzlab million dollarga baholanmoqda.

Bolat Nazarboyev Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi, 1953 yil 23 martda tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1988 yilda «Shamlgan» sovxozida mexanizator, direktor o‘rinbosari sifatida boshlagan. O‘tgan yillar davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan, «Inkar Agro» MChJ vitse-prezidenti bo‘lgan. 1997 yildan BN Invest xolding direktori.

Top