11:33 / 04.02.2023
40482

Aql bovar qilmaydigan hodisa: 10 kilometr balandlikdan qulab tirik qolgan qiz

1972 yilda Yugoslaviyaning JAT aviakompaniyasiga tegishli samolyot Stokholmdan Belgradga uchayotganda terrorchilar tomonidan portlatib yuboriladi. Oqibatda samolyot dengiz sathidan 10 ming balandlikda ikkiga bo‘linib ketadi. Samolyot qismlari yerga zarb bilan urilib bo‘laklanib ketgan. Qutqaruvchilar yo‘lovchilarning jasadlarini yig‘ishtirib olayotganda 22 yoshli styuardessani tirik topishadi.

Foto: Kun.uz

Aviahalokatlar orasida Yugoslaviyaning JAT (Jugoslovenski Aerotransport) aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan McDonnell Douglas DC-9-32 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa alohida ajralib turadi.

Bu samolyot Shvetsiya poytaxti Stokholm shahridan Yugoslaviya poytaxti Belgradga uchayotganda noma’lum shaxslar tomonidan portlatib yuboriladi.

Oqibatda samolyot osmonning o‘zida ikkiga bo‘linib ketadi va 10 160 metrdan Chexoslovakiya hududiga qulab tushadi. Qutqaruvchilar samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining jasadlarini yig‘ishtirib olayotganda 22 yoshli styuardessani tirik topib olishadi.

Styuardessa og‘ir tan jarohatlari olib, ikki oyog‘i, bir nechta qovurg‘asi singan bo‘lsa-da, tirik qolgan edi. Shifokorlar qizning hayotini saqlab qolishadi.

Keyinchalik samolyotni portlatganlar Xorvatiyani ozod qilish harakati a’zolari ekani ma’lum bo‘ladi.

Foto: viewfromthewing.com

Hodisadan oldingi vaziyat

Ikkinchi jahon urushidan keyin Bolqon yarimorolida Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasi tuziladi. Bu davlat tarkibida oltita ittifoqdosh respublika – Serbiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Sloveniya, Bosniya va Gersogovina hamda Makedoniya bor edi.

Ikkinchi jahon urushigacha mustaqil bo‘lgan Xorvatiya, qolaversa, boshqa ittifoqdosh respublikalar ham serblar qo‘l ostida yashashga rozi emasdi. Xuddi SSSRdagi kabi ular ittifoq tarkibida kuch bilan ushlab turilgan.

Sobiq Yugoslaviya xaritasi

O‘sha paytlarda Xorvatiyani ozod qilish tashkiloti a’zolari bo‘lgan xorvatlar tez-tez qo‘poruvchilik harakatlari sodir etib turardi. Stokholmdan Belgradga uchayotgan samolyotni portlatib yuborgan kimsalar ham aynan xorvatlar bo‘lishgan.

Halokat

1972 yil 26 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da Yugoslaviyaning JAT (Jugoslovenski Aerotransport, xalqaro nomi — Yugoslav Airlines) aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan McDonnell Douglas DC-9-32 samolyoti Stokholm-Kopengagen-Zagreb-Belgrad yo‘nalishida parvoz qiladi.

Soat 14:30 da samolyot Kopengagenga qo‘nadi va bort kuzatuvchilari guruhi almashadi. Soat 15:15 da McDonnell Douglas Daniya poytaxtidan havoga ko‘tariladi. O‘shanda uning bortida 5 nafar ekipaj a’zosi va 23 nafar yo‘lovchi bor edi.

Soat 17:00 da samolyot Xorvatiya poytaxti Zagrebga qo‘nishi kerak edi. Biroq u manzilga yetib bormaydi.

Parvozdan 45 minut o‘tib samolyot 10 160 metr balandlikka ko‘tarilgan paytda samolyot bortida qattiq portlash ovozi eshitiladi. Uning uchuvchilar kabinasi joylashgan tumshuq qismi asosiy korpus-fyuzelyajdan uzilib ketadi. Ikkiga bo‘lingan samolyot qulay boshlaydi.

Qulayotgan samolyot bo‘laklari GDR hamda Chexoslovakiya (hozir bu ikki davlat yo‘q. GDR GFRga qo‘shilgan, Chexoslovakiya ikkiga ajralib ketgan) chegarasidagi qishloqqa tushadi.

Samolyot qulab tushgan joyga birinchi bo‘lib qishloq odamlari keyin qutqaruvchilar keladi. Samolyotda bo‘lganlarning jasadi har tomonga sochilib yotar, unda bo‘lganlarning barchasi halok bo‘lganiga hech kim shubha qilmasdi.

Qutqaruvchilar samolyot bo‘laklari orasidan odamlarning jasadlarini yig‘ishtira boshlashadi. Shu paytda qutqaruvchilarga yordam berayotgan mahalliy aholi vakili Bruno Xonke samolyot bo‘laklari orasida tirik qolgan bir qizni ko‘rib qoladi. U 22 yoshli styuardessa Vesna Vulovich edi.

Bruno qizni shifokorlarga topshirganida u komada edi. Styuardessaning ikkala oyog‘i, bir nechta qovurg‘alari singan, tanasining boshqa a’zolari ham turli darajada shikastlangan edi.

Foto: refresher.sk

Halokat sabablarini o‘rganish

Tez orada halokat sabablarini aniqlash ustida ishlar boshlab yuboriladi. Tirik qolgan qiz komada bo‘lgani uchun hali undan ma’lumot olishning iloji yo‘q edi.

Eng avval uchuvchilarning qoni tekshirib ko‘riladi va ularda mast qiluvchi ichimliklar asorati topilmaydi. Shuningdek, uchuvchilar samolyot qulayotgan paytda o‘z o‘rnida bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.

Tekshiruvlar davomida samolyotning texnik holati ham yaxshi bo‘lgani aniqlanadi. Samolyot yangi bo‘lib, halokatdan bir yil avval parvozlarni boshlagandi.

Samolyot bir maromda parvoz qilgani va portlashgacha g‘ayritabiiy holat kuzatilmagani, uchuvchilar tomonidan dispetcherlarga favqulodda xabar jo‘natilmagani aniqlanadi.

Biroq samolyotning tumshuq va fyuzelyaj qismlari bitta joyda emas, bir-biridan qariyb bir kilometr uzoqlikka tushgan edi. Mutaxassislar samolyot parvoz vaqtida portlatilgan degan xulosaga kelishadi.

Shundan so‘ng o‘sha kuni parvoz qilgan yo‘lovchilarning shaxsi tekshirib chiqiladi. Yo‘lovchilar orasida xorvatlarning ultrao‘ng millatchi «Ustashi» tashkiloti a’zosi bo‘lgan va portlashni o‘sha amalga oshirgan degan xulosaga kelinadi. Biroq portlashni aynan kim sodir etgani noaniqligicha qoladi.

Keyinchalik, oradan uch oy o‘tib, styuardessa o‘ziga kelganidan so‘ng samolyot bortida kuchli portlash bo‘lgani haqida aytadi. Shu tariqa samolyot parvoz vaqtida portlatilgan degan taxmin o‘z isbotini topadi.

Keyinchalik hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan Chexoslovakiya davlat xavfsizlik xizmati xodimlari samolyot bo‘laklarini sinchiklab o‘rganadi. Ularning xulosasiga ko‘ra, portlovchi moslama uncha katta bo‘lmagan. Terrorchi uni samolyotga sumkasiga solib olib chiqqan va salonning old qismidagi yukxonaga joylagan.

Styuardessaning keyingi taqdiri

O‘shanda Vesna Vulovich Stokholmdan Belgradga uchayotgan samolyot bortiga tasodifan kelib qolgan edi. U universitetda o‘qish bilan birga styuardessalarni tayyorlovchi maxsus kursda o‘qirdi.

Qiz qishki ta’tilda ingliz tilini yaxshiroq o‘zlashtirish uchun Londonga jo‘naydi. Britaniya poytaxtida bir muddat yashagan Vesna u yerda dugonalaridan birini uchratib qoladi. Dugonasi uni Stokholmga taklif etadi va u Stokholmga boradi.

Belgradga qaytish vaqti bo‘lganda styuardessa bo‘lgan dugonasi Vesnaga Stokholm-Zagrab yo‘nalishida o‘zining o‘rniga amaliyotchi sifatida uchishni taklif etadi. Qiz rozi bo‘ladi.

Shu tariqa taqdirning achchiq zarbasiga duch kelishini bilmagan qiz ortga qaytishda samolyotga yo‘lovchi emas, amaliyotchi styuardessa sifatida chiqadi.

Halokatdan so‘ng qiz ancha payt komada yotadi. Shifokorlar uning tanasida o‘ndan oshiq operatsiya o‘tkazishadi. Bir necha oydan so‘ng u o‘ziga keladi.

Samolyotda portlash sodir bo‘lganda qiz o‘rindiqlardan birida bo‘lgan. Biroq u o‘ziga kelgach portlash paytida samolyotning qaysi qismida bo‘lgani va nima bilan band ekanini eslay olmaydi.

Qiz salonda bo‘lganini va yo‘lovchilarga xizmat qilib turganida portlash ovozini eshitganini va hushini yo‘qotganini aytadi.

Qiz tekshirib ko‘rilganda uning umurtqa pog‘onasiga va u yerdan o‘tgan nerv tomirlariga shikast yetgani ma’lum bo‘ladi. Shu sababli ancha payt qiz tanasining beldan past qismi ishlamaydi. Unda yana noyob operatsiyalar o‘tkaziladi.

Foto: Alamy stock

Qiz komadan chiqqanidan so‘ng 10 oy davomida o‘rnidan qo‘zg‘ala olmay yotadi. U halokatdan bir yarim yil o‘tib sog‘ayadi va oyoqqa turib ketadi.

10 ming metrdan tushib ketib tirik qolgan Vesna o‘sha paytda nafaqat Yugoslaviyada, balki jahonda mashhur bo‘ladi. U Yugoslaviyada milliy qahramon darajasiga chiqadi.

Qizdan ko‘plab mahalliy va xorijiy gazetalar hamda telekanallar intervyu olishadi. Vesna haqida hujjatli film suratga olishadi, uni turli ko‘rsatuvlarga chaqirishadi.

Vesna sog‘ayib ketgach eski ish joyi JAT aviakompaniyasiga styuardessalikka qaytishni xohlaydi. Biroq aviakompaniya uni ishga olishni rad etadi.

Biroz o‘tib jamoatchilik bosimi bilan qizni styuardessalikka emas, aviakompaniya idorasiga ishga olishadi. U 1990 yilgacha aviakompaniya idorasida xizmat qiladi.

1990 yilda Vesna sotsialistik tuzumga qarshi namoyishlarda aktiv qatnashadi. Shundan so‘ng aviakompaniya uni ishdan bo‘shatadi.

1992 yil boshida ittifoqdosh respublikalar o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va Yugoslaviya parchalanib ketadi. Belgrad qo‘l ostida faqat Chernogoriya qoladi.

O‘sha paytlarda Yugoslaviyadan ajralib chiqqan mustaqil respublikalar va Serbiya o‘rtasida qurolli mojarolar boshlanadi. Bu mojarolarda Yevropa Ittifoqi va NATO mustaqil respublikalarni qo‘llaydi. Oqibatda Serbiya va Yevropa Ittifoqi munosabatlari yomonlashadi.

Ana shunday vaziyatda Vesna Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi tarafdori bo‘lgan Demokratik partiya safiga kiradi. U vafotigacha mazkur partiya a’zosi sifatida siyosiy tadbirlarda faol qatnashadi.

Foto: www.ctv.by

2016 yilda 66 yoshli Vesna Vulovich bir necha kun Belgraddagi uyidan chiqmaydi. Shunda uning dugonalari politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishadi. Politsiya eshikni buzib kirib, ayolni jonsiz holda topadi.

Vesna Vulovich 1985 yilda eng baland joydan himoya vositalari bo‘lmagan holda qulab tirik qolgan inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top