08:42 / 07.02.2023
9725

Kiyev Myunxen konferensiyasida qiruvchi samolyotlarni so‘raydi

Yaqinlashib kelayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina o‘z hamkorlarini qiruvchi samolyotlar va uzoq masofali raketalar yetkazib berish zarurligiga ishontirib ko‘radi, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. 

Foto: Reuters

«Bu yil biz Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida Ukraina uchun ustuvor mavzularni ilgari suramiz. Asosiysi - uzoq masofaga uchuvchi raketalar va qiruvchi samolyotlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, chunki samolyotlar taqiqdan chiqarilishi kerak bo‘lgan qurolning oxirgi turidir. Boshqa barcha qurol turlarini o‘tgan yili jamoaviy sa’y-harakatlar bilan yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zoligi va umuman Rossiyaning kelajagi haqida gaplashamiz», dedi Kuleba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev uchun qaysi qiruvchi samolyotlar birinchi bo‘lib yetkazilishi muhim emas. 

«Pozitsiyani ochish, taqiqni olib tashlash va samolyotlarning birinchi eskadrilyasini olish juda muhim. Keyin bozor va xizmat ko‘rsatishda mavjudligini hisobga olib, qaysi modelga asosiy e’tiborni qaratish haqida qaror qabul qilamiz», deb tushuntirdi vazir. 

Dmitriy Kuleba g‘arb davlatlarining shubhalarini «psixologik to‘siqlar» deb atadi.

Bu yil Myunxen xalqaro xavfsizlik konferensiyasiga Rossiya hukumati vakillari taklif qilinmayapti, deb ma’lumot berdi konferensiya raisi Kristof Xoysgen 1 fevral kuni MDR telekanaliga bergan intervyusida. 

U buni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning targ‘iboti uchun xavfsizlik masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro forumda platforma taqdim etishni istamasligi bilan izohladi.

«Kremldan biz har kuni eshitayotgan bayonotlar Rossiya Putin urush maqsadi deb e’lon qilgan narsadan, ya’ni Ukrainani yo‘q qilishdan bir zarra ham chekinadi, degan xulosaga kelishimizga imkon bermaydi», deb tushuntirdi Xoysgen. 

Unga ko‘ra, hukumat amaldorlari o‘rniga Rossiyadan fuqarolik jamiyati va muxolifat vakillari, jumladan shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov va oligarx Mixail Xodorkovskiy taklif qilingan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top