08:00 / 07.02.2023
12137

Yevropa Ittifoqi Turkiya va Suriya uchun yordam mexanizmini ishga tushirdi

Integratsiyalashgan siyosiy inqirozga javob berish (IPCR) tizimi hozirda to‘rtta inqiroz uchun faollashtirilgan: Ukrainadagi urush, koronavirus pandemiyasi, migratsiya hamda Turkiya va Suriyadagi zilzilalar.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya Turkiya va Suriyadagi zilzila munosabati bilan Yevropa Ittifoqining tabiiy ofatlarga eng yuqori javob berish tizimi – Integratsiyalashgan siyosiy inqirozga javob berish (IPCR) mexanizmini joriy etish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda 6 fevral, dushanba kuni YeI kengashi saytida ma’lum qilindi.

Bunday mexanizm Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, institutlari va boshqa tomonlar darajasida qaror qabul qilishni osonlashtirish va tezlashtirish uchun ishlab chiqilgan. Erta tongda Yevropa fuqarolik mudofaasi mexanizmi ishga tushirildi. Endilikda IPCR doirasida yuqori darajadagi amaldorlar zilzila qurbonlariga yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirishga jalb etiladi.

Bryussel o‘ndan ortiq qidiruv-qutqaruv guruhlarini safarbar qildi, xaritalash xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zining Copernicus sun’iy yo‘ldosh tizimini faollashtirdi va Suriyadagi jabrlanganlarni gumanitar yordam dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, dedi Yevropa komissiyasi vakili.

Yevropa kengashi veb-saytida qayd etilganidek, Turkiya va Suriyadagi zilzila xuddi shunday mexanizm joriy qilingan to‘rtinchi favqulodda holat. Avvalgilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, koronavirus pandemiyasi va migratsiya muammolari bilan bog‘liq.

Turkiyada 6 fevral kuni erta tongda 7,8 magnitudali birinchi zilzila qayd etilgan edi. Zarbalar natijasida Turkiyaning bir qancha mintaqalarida va qo‘shni Suriyada keng ko‘lamli vayronagarchiliklar yuz berdi. Har xil intensivlikdagi silkinishlar kun davomida davom etdi.

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, dushanba oqshomiga qadar mamlakatda zilzila oqibatida 2379 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yana 15 mingga yaqin kishi jarohatlangan. Suriyada kamida 1444 kishi halok bo‘ldi, 3530 kishi jarohatlandi, deb xabar beradi AFP agentligi. AQSh Geologiya xizmati bu mamlakatda so‘nggi yuz yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzilalardan biri bo‘lganini ta’kidladi. U 1939 yilda Turkiyada sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila bilan solishtirildi. O‘shanda 30 000 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top