10:14 / 14.02.2023
18065

Putin samolyotlardan zirhli poyezdni afzal ko‘ryapti - «Dose» 

Ikki yildirki, Putin Rossiya bo‘ylab uchishni emas, balki maxsus zirhli poyezdda yurishni ma’qul ko‘ryapti, deb yozadi «Dose» markazi. Bu poyezdni temiryo‘lda tanib bo‘lmaydi.

Foto: Sputnik

Rossiya prezidenti Vladimir Putin so‘nggi ikki yil davomida Rossiya bo‘ylab samolyotda emas, balki maxsus zirhli poyezdda sayohat qilishni afzal ko‘ryapti. Bu haqda 13 fevral, dushanba kuni «Dose» markazi Putinning tanishi va prezident ma’muriyatiga yaqin manbaga tayanib yozdi. «Urush boshlanganidan so‘ng, fevral-mart oylarida u (Putin) poyezddan, ayniqsa, Valdaydagi qarorgohiga yetib borish uchun juda faol foydalana boshladi», — deydi «Dose» manbasi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, poyezd 2014—2015 yillarda Putinning sayohatlari uchun o‘zgartirilgan, biroq u Rossiya qo‘shinlari Ukraina bilan chegaraga o‘tkazilishidan biroz avval – 2021 yil avgust-sentabr oylarida undan muntazam foydalana boshlagan. Ushbu turdagi transportning asosiy afzalligi shundaki, uning harakatini kuzatib bo‘lmaydi - kuzatish uchun maxsus servislar mavjud samolyotlardan farqli o‘laroq. Poyezdning tashqi ko‘rinishi ham e’tiborni tortmaydi - bu Rossiya temiryo‘llariga xos qizil chiziqli kulrang vagonlardir. Faqat maxsus aloqa antennalari, vagonlardagi ko‘proq o‘qlar (oltita emas, to‘rtta) va og‘ir zirhli vagonlarni tortish uchun zarur bo‘lgan uchta lokomotivlar e’tiborni tortadi.

Poyezd oligarx Yuriy Kovalchuk tuzilmalari bilan bog‘liq bo‘lgan «Grand Servis Ekspress» kompaniyasiga tegishli bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda, Markaziy klinik shifoxonaning shartnomalari Rossiya davlat xaridlari veb-saytidan yo‘qolib qoldi, deb yozadi «Sistema» surishtiruv loyihasi dushanba kuni. Bu rasmiylar ushbu shifoxona shifokorlari xizmat ko‘rsatayotgan Putinning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni yashira boshlaganini ko‘rsatishi mumkin. Xususan, 2022 yilning aprel oyida «Proyekt» nashri davlat xaridlari ma’lumotlarini tahlil qilib, ko‘pincha Putinga qalqonsimon bez saratoni bo‘yicha ixtisoslashgan jarroh va LOR hamrohlik qilishini aniqladi. Bundan tashqari, bir safarda Putinga 6 nafardan 13 nafargacha mutaxassis hamrohlik qilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top