09:20 / 16.02.2023
9703

“Bir paytlar “snos”da ham ishlaganmiz” – Prezident maktabi o‘qituvchisi

Dilfuza Izbayeva Farg‘ona shahridagi Prezident maktabida geografiya fanidan dars beradi. O‘quvchisi O‘zbekiston birinchi marta qatnashgan Xalqaro iqtisod olimpiadasi ishtirokchisi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan murabbiy bugungi kundagi o‘qituvchilik faoliyati hamda Prezident maktabida ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berdi.

Dilfuza Izbayeva Ustoz-2020 finalisti, Global Money Week 2022 doirasida eng yaxshi dars tanlovi sovrindori hisoblanadi. “Yil ayoli” tanlovining viloyat bosqichi “Eng jonkuyar ustoz” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

Dilfuza Izbayeva

“Furqat tumanining Navbahor qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganman. 1-maktabni tamomlab Qo‘qon davlat pedagogika institutining geografiya va iqtisodiy bilim asoslari fakultetida tahsil oldim. 2005 yilda Farg‘ona shahriga ko‘chib keldik. 2006 yilda aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o‘qituvchi bo‘lib ishga qabul qilindim. Ta’lim dargohida 15 yil ishladim.

Farg‘ona shahrida Prezident maktabi tashkil etilishi munosabati bilan e’lon qilingan tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib ayni paytda ushbu maskanda faoliyat yurityapman.

 

Oddiy maktab bilan Prezident maktabining farqi katta. Prezident maktabida bir sinfda 12 nafar o‘quvchi tahsil olsa, avvalgi ishxonamda 30 o‘quvchiga dars o‘tganmiz. O‘qituvchi o‘z ustida ishlashi va o‘z navbatida o‘quvchiga kerakli bilimni bera olishi shart.

Kechagidek yodimda, paxta terimiga borish uchun ro‘yxat shakllantirilar edi. Bir haftalik yuklarni tayyorlab olis tumanlarga borib paxta terar edik. Bundan tashqari bir paytlar Farg‘ona shahrida “snos”lar boshlangan. Qurilish ishlariga ham eng avvalo o‘qituvchilar kezi kelganda tekin ishchi sifatida jalb qilingan.

Hozirgi davr bilan solishtiradigan bo‘lsak bugungi kunga kelib hukumat tomonidan o‘qituvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endilikda har bir o‘qituvchining ko‘rsatayotgan natijasi munosib baholanmoqda.

O‘quvchisining iste’dodini sezish, uni aniqlay olish va uning qobiliyati, orzusini ro‘yobga chiqarish albatta o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Prezident maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilar minglab bolalar orasidan saralab olingan. Ularning orasida ham boshqalariga qaraganda yanada iqtidorlisi uchrab turadi. O‘tgan yili o‘quvchim Jaloliddin Abdumo‘minov iqtisodiy bilim asoslari fanidan olimpiadada qatnashib respublikada 3-o‘rinni egalladi. Ana shunday iste’dodli o‘quvchilarni tarbiyalash va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish o‘qituvchining kasbiy mahoratiga ham bog‘liq.

 

O‘qituvchilik eng sharafli kasblardan biri. Chunki o‘quvchilar sizni hurmat qilishadi. Uyda farzandlarimni maktabga kuzatib bu yerga kelsam o‘quvchilarim kutib olib kayfiyatimni ko‘tarishadi.

Inson hayotida uning erishgan yutuqlari, natijalari eng yorqin lahzalar bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. To‘rt nafar farzandim bor. To‘ng‘ich farzandim Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Mirzo Ulug‘bek maktab-internatida tahsil oladi. O‘tgan yili Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Innovatsion g‘oyalar yetakchisi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu hodisa oilamiz uchun esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi.

 

2020 yilda “Ustoz” milliy mukofoti tashkil etildi. Tanlovda 13 mingdan ziyod o‘qituvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, shularning 30 nafar finalchilari qatoridan joy oldim. Bu mukofot hayotimda yorqin iz qoldirib, kasbim bo‘yicha yangi yo‘llarni ochdi.

Prezident maktabida ish vaqtimiz kech yakunlanadi. To‘g‘risini aytganda, maktabdan ketgingiz kelmaydi. Katta qizim 9-sinfda o‘qiydi. Uy yumushlarida menga yordamchi. Fotima Zuhra qizlarim bilan alohida dars qilamiz. Ota-onalar ko‘proq ro‘zg‘or tashvishi bilan bo‘lamiz, lekin farzandlarimizni ham hech qachon yoddan chiqarmasligimiz kerak. Ularga e’tiborni susaytirmaslik lozim.

O‘zimning soham geografiya fani haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, iqlim o‘zgaryapti, anomal issiq va sovuqlar, zilzilalar bularning barchasi hozirgi kundagi iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq hodisalar hisoblanadi. Yer tabiatida ekologiya yomonlashuvi bilan bog‘liq hodisalardir. Shuning uchun o‘quvchilar uchun ekologik tarbiya g‘oyat muhim. Iqlim o‘zgarishlarining sabablari, oqibatlari va ularning oldini olish bo‘yicha alohida dars qo‘yilishi lozim deb o‘ylayman. Chunki o‘quvchilar yuz berayotgan tabiat hodisalarini tahlil qila olishi kerak”, – deydi Dilfuza Izbayeva.

Sarvar Ziyayev,
Abdusalim Abduvohidov

Top