19:47 / 28.02.2023
28610

O‘zbekistonda pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish taklif qilindi

Bolalarni zo‘rlagani isbotlangan va psixologik tashxis qo‘yilgan ashaddiy pedofillar kastratsiya qilinishini kerak, deya fikr bildirdi deputat Bobur Bekmurodov. Boshqa bir deputat Odiljon Tojiyev bu taklifga qarshi chiqib, masalaning qaltis tomonlari borligini aytdi.

Foto: Depositphotos

Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov qonunchilikka pedofillarni kastratsiya qilish amaliyotini kiritish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida post qoldirgan.

“Qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyoti kiritilishi shart. Jazo muddatlarini qancha oshirmaylik, takroran sodir etish xavfi saqlanib qoladi. 20 yoshli erkak pedofillik qilsa, 15 yil o‘tirib chiqqanda 35 ga kirgan bo‘ladi. Yana shu jinoyatni sodir etadi. Pedofiliya – bu kasallik”, – deya yozgan Bekmurodov.

Deputatning taklifini uning hamkasbi, Qonunchilik palatasining boshqa bir deputati Odiljon Tojiyev rad etib, taklifning qaltis tomonlari borligini eslatgan.

“Hukmda belgilangan jazo muddatini boshidan oxirigacha o‘tasa, yetarli, menimcha. Siz aytayotgan taklifning qaltis tomonlari bor”, degan deputat.

Bekmurodov yuzaga kelgan bahsda o‘z fikrlarini to‘ldirar ekan, jismoniy bichish amaliyoti hammaga ham qo‘llanmasligini qo‘shimcha qilgan.

“Qonunga kimyoviy va jismoniy bichish chorasining kiritilishi – bu ushbu choraning hammaga qo‘llanishini anglatmaydi. Ya’ni, aybi aniq dalillar bilan isbotlangan va psixologik tashxis qo‘yilgan ashaddiylariga qo‘llanishi mumkin”, – degan u.

Odiljon Tojiyev esa “Yuksalish” umummilliy harakati raisining “keskin” taklifiga qarshi chiqishda davom etib, shunday yozgan:

“Bunday qo‘shimcha jazo olishini bilgan jinoyatchi, aybini yashirishga ko‘proq harakat qiladi. Oqibatda jabrlanuvchining hayoti xavf ostida qolishi mumkin”.

Bobur Bekmurodov esa taklifi muhimligini urg‘ulashda davom etarkan, ko‘pchilik hali ham pedofillarni oddiy jinoyatchi sifatida ko‘rayotgani, pedofiliya bu o‘ta og‘ir kasallik ekani haqida yozgan.

Uning yozishicha, pedofiliya bu o‘ta og‘ir kasallik va buni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham tasdiqlagan. Pedofil qilayotgan ishini ham nazorat qilmaydi va katta ehtimol bilan qayta-qayta jinoyat sodir etaveradi.

Deputat Odiljon Tojiyev esa jinoyatning oddiy sifati bo‘lmasligi, barcha jinoyat ham og‘ir ekanini aytgan va Bekmurodovning pedofiliya kasallik ekani haqidagi fikriga qisman qo‘shilishini bildirgan.

Shuningdek, u “Yuksalish” raisiga “Jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxsga kimyoviy kastratsiya (bichish) qo‘llanishi bilan nimaga erishiladi?” degan savol bilan yuzlangan.

“Mening nazarimda, mayda bezorilik bu oddiy jinoyat. Pedofiliya – bu kasallik tufayli sodir etiladigan jinoyat. Kimyoviy kastratsiya (bichish) shahvatni so‘ndirish uchun, jismoniy bichish esa, masalan, retsedivistlar xavfini batamom yo‘qotish uchun qo‘llanadi. Bu tibbiy isbotlangan”, – deya bahsda o‘z fikrlarini tugatgan Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgan edi.

27 fevral kuni “Milliy tiklanish” partiyasining parlamentdagi fraksiyasida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilingan.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugungi kunda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Jumladan, xotin-qizlar va bolalar huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Qonunchilikda ayollarni ish va o‘qish joyida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha kafolat yo‘q.

Top