11:24 / 10.03.2023
9086

O‘zbekistonda ayrim davlat mulklari xususiylashtirilmasligi belgilandi

Prezident «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Foto: iStock

Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek quyidagi asoslarga ko‘ra ham yuzaga keladi: shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda; mol-mulkni yoki mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yo‘li bilan ulushni olishda; sud qarorlari asosida.

Qonunga ko‘ra, ayrim davlat mulklari xususiylashtirilmaydi, jumladan: O‘zbekiston hududi doirasidagi yer, yerosti boyliklari, suv omborlari, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi; moddiy madaniy meros obektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari.

Davlat mulkini boshqarish sub’yektlari quyidagilardan iborat: Vazirlar Mahkamasi; Agentlik; maxsus vakolatli davlat organlari; davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari; mahalliy davlat hokimiyati organlari.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organidir. Davlat mulki reyestrini yuritish Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda va shaklda Agentlik tomonidan amalga oshiriladi. Agentlik har yili 1 avgustgacha davlat ishtirokidagi korxonalarning o‘tgan moliya yilidagi faoliyati samaradorligi to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.

Top