Sport | 12:10 / 19.09.2025
62742
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionlariga avtomobil va pul mukofotlari topshirildi

Boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lgan jami 13 nafar sportchi va ularning murabbiylariga BYD avtomobillari va pul mukofotlari topshirildi.

Boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlarida yuqori natijalar qayd etgan jami 13 nafar sportchi va ularning murabbiylariga prezident sovg‘alari topshirildi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Musobaqalarda oltin medal olganlarga 15 000 dollar, kumush olganlarga 7500 dollar, bronza olganlarga 3750 dollar hamda ularning murabbiylariga esa mablag‘ning teng yarmi hisobida bir martalik pul mukofoti berildi.

Shuningdek, oltin medal sovrindorlariga BYD Song Plus Champion, kumush va bronza egalariga esa BYD Chazor avtomobillari kalitlari taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, Ruslan Nuriddinov Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilab, uch karra jahon chempioni bo‘lgandi.

Milanda o‘tgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha JChda esa Artur Guliyev oltin medalni qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekiston boks jamoasi joriy yilning 4-14 sentabr kunlarida Angliyaning Liverpul shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatini 11 ta medal (6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) bilan yakunlagandi:

Oltin:

  • -60 kg. Abdumalik Xalokov;
  • -65 kg. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev;
  • -75 kg. Fazliddin Erkinboyev;
  • -80 kg. Javohir Ummataliyev;
  • -85 kg. Akmaljon Isroilov;
  • -90 kg. To‘rabek Habibullayev.

Kumush:

  • -65 kg. Navbahor Hamidova;
  • +90 kg. Jahongir Zokirov.

Bronza:

  • -48 kg. Sabina Boboqulova;
  • -51 kg. Feruza Kazakova;
  • -70 kg. Aziza Zokirova.

Qayd etish kerakki, bu yil ilk bor erkaklar va ayollar o‘rtasidagi musobaqa birgalikda o‘tkazildi va natijalar ham qo‘shib hisoblandi. Natijada 7 ta oltin (erkaklar jamoasida 4 ta, qizlar jamoasida 3 ta) olgan Qozog‘iston umumiy reytingda birinchi bo‘ldi. O‘zbekiston 6 ta oltin bilan ikkinchi o‘rinda qoldi (barchasi erkaklar jamoasiniki).

Erkaklar jamoasi 6 ta oltin va 1 kumush bilan tarixdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Bungacha eng yaxshi natija 2023 yil Toshkentda o‘tkazilgan IBA chempionatida kuzatilgandi  5 ta oltin 2 ta kumush, 2 ta bronza (13 ta vazn toifasida).

Mavzuga oid