Jamiyat | 15:00 / 23.07.2019
211390
6 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvi: Yakkabog‘da tadbirkor hokim o‘rinbosarini yoqib yubormoqchi bo‘ldi. Sabab nimada?

Internetda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tadbirkor do‘konini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosariga benzin quyib yoqib yubormoqchi bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi.

Unda guvohlar tilidan «Do‘kon egasi 2 litr baklashkaga solingan benzinni olib chiqdi-da, buldozer ustida o‘tirgan hokim o‘rinbosarining ustiga sepib yubordi. Keyin gugurt chaqib, ustiga otgan edi Tuymayev yonib ketdi. Odamlar uni buldozerdan tushirib, tepib-tepib o‘chirdi» deyiladi.

Kun.uz muxbiri mazkur hodisa bo‘lib o‘tgan hududga borib, voqea guvohlari bilan suhbatlashdi. Shu mahallada yashovchi, voqeani ko‘zi bilan ko‘rgan bir necha kishi 20 iyulda sodir bo‘lgan ushbu voqea videoyozuvlarini taqdim etdi. Videotasvirlarda Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning ekskavatorda o‘tirib tadbirkorlarga tegishli binolarni buzayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, hokim o‘rinbosari tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini buza boshlaganida tadbirkor keskin norozilik bildiradi. Uning noroziligi e'tiborsiz qoldirilgach 1 litrli suv idishida ekskavator kabinasiga benzin sepib yuborgan. Tasvirlarda hokim o‘rinbosari M.Tuymayev o‘tirgan kabina va tadbirkorning o‘ziga taxminan ikki soniya olov o‘rlaganini ko‘rish mumkin. 

Guvohlarning aytishicha, olov hokim o‘rinbosari tanasini ham bir lahza qoplagan. Biz voqeaga yanada aniqlik kiritish maqsadida Yakkabog‘ tuman markaziy shifoxonasida bo‘ldik. Shifoxona qabul bo‘limida 20 iyul kuni soat 20:25 da hokim o‘rinbosari M.Tuymayev yuz, ikkala kaft kuyishi tashxisi bilan, shifoxonaga o‘zi kelgani qayd etilgan. Xodimlar M.Tuymayevning ayni vaqtda shifoxona reabilitatsiya bo‘limida davolanayotganini ma'lum qilishdi. Ammo bu vaqtda soat tungi 00:55 bo‘lgani, Mansur Tuymayevning uxlayotgani bois ko‘risholmadik. Biroq, tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari, ertalab hokim o‘rinbosari Toshkentga ketganini ma'lum qildi, aslida u shifoxonada ekani surishtiruvlarimiz asnosida oydinlashdi.

Ayni vaqtda videotasvir orqali tadbirkor Bahriddin Isomov ham kuyish tan jarohati olganini bilganimiz sababli tadbirkor bilan ko‘rishishni niyat qildik. Mahalla vakillari tadbirkorni ichki ishlar xodimlari olib ketishganini ma'lum qilishgach, tuman IIBga bordik. Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi bino ta'mirlanayotgani sababli tadbirkorning bu yerda emasligi, aynan qaysi tuman IIBda saqlanayotganini bilmasligini ma'lum qildi. Tadbirkorning o‘g‘illari esa otasiga 21 iyul kuni soat tungi 00:00 atrofidagina tibbiy xizmat ko‘rsatilganini aytmoqda.

Tadbirkor nega bunchalik darajaga bordi?

Tadbirkorning olov yoqib o‘zi va hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev kuyishiga sababchi bo‘lishini oqlab bo‘lmaydi. Shu bilan birga, uning nima sababdan bu darajaga borganini aniqlash ilinjida yana voqea guvohlari olgan videotasvirlariga murojaat qilamiz.

Tasvirda hokim o‘rinbosari buldozerda binolarni buzarkan, texnika ikki qavatli bino devoriga zarba bergan vaqtda bino pillapoyasida tadbirkor va uning yaqinlarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, ikkinchi qavatda ishchilar va mijozlar bo‘lgan. Bu esa aftidan, tadbirkorni jazavaga solgan. Shuningdek, mahalla ahlini eng qattiq norozi qilgan narsa – hokimlik shu vaqtgacha hech qanday yozma ogohlantirish bermaganidir. Ogohlantirishsiz buzilishni esa aholi, jumladan, tadbirkorlar adolatsizlik, qonunsizlik deb topgan.

«Nihoyat, mana shu xunuk voqeadan keyin oradan bir kun o‘tibgina hokimlik vakillari bizga ogohlantirish xati olib kelib berishdi. (20 iyul sanasi bilan). Hokimlik vakillari mazkur xat bino buzilishida sodir bo‘lgan janjaldan keyin yozilganini tan olishdi», - deydi tadbirkorning o‘g‘li Sh.Daminov.

Voqeadan keyin tadbirkor va uning yaqinlari taqdiri qanday kechgan?

Hokim o‘rinbosariga benzin sepib yuborgan tadbirkorni to‘ppa to‘g‘ri  IIB bo‘limiga olib ketishgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, Bahriddin Isomovga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hodisa oqibatda tuman hokimi o‘rinbosari tanasining 35—40 foizi kuygani aytilgan.

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Shu bilan birga, olov yoqishda ishtirok etmagan o‘g‘li M.Daminovni ham IIBda 50 soatdan ortiq vaqt mobaynida ushlab turilgan. Uning boshi va yelkasidagi jarohatlarni ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi. M.Daminovning ta'kidlashicha, bu jarohatlarga IIB xodimlari sabab bo‘lgan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni tadbirkorning yana bir o‘g‘li Sh.Daminov farzandli bo‘lgani uchun mahallada bo‘lmagan. Ammo kechqurun, soat 19:00 lar atrofida mahallaga kirib kelgan Sh.Daminovni ham IIB xodimlari olib ketib, 11 soat davomida ushlab turishgan, biroq Sh.Daminovga uning aybi nimada ekanligini aytishmagan.

Mazkur dastlabki xabar Yakkabog‘dagi Mustaqillik mahallasida obodonlashtirish ishlari nomi bilan bo‘layotgan buzilishlarga guvoh bo‘lganlar va mavjud video, audio materiallari asosida e'tiboringizga havola etilmoqda.

Ta'kidlash joizki, hokimlik, IIB va boshqa tegishli tashkilotlarning fikr va xulosalari olingandan so‘ng voqea tafsilotlari haqida yanada batafsil ma'lumot beriladi.

Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri.
Yakkabog‘, Qashqadaryo

Mavzuga oid