Internetda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tadbirkor do‘konini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosariga benzin quyib yoqib yubormoqchi bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi.

Unda guvohlar tilidan «Do‘kon egasi 2 litr baklashkaga solingan benzinni olib chiqdi-da, buldozer ustida o‘tirgan hokim o‘rinbosarining ustiga sepib yubordi. Keyin gugurt chaqib, ustiga otgan edi Tuymayev yonib ketdi. Odamlar uni buldozerdan tushirib, tepib-tepib o‘chirdi» deyiladi.

Kun.uz muxbiri mazkur hodisa bo‘lib o‘tgan hududga borib, voqea guvohlari bilan suhbatlashdi. Shu mahallada yashovchi, voqeani ko‘zi bilan ko‘rgan bir necha kishi 20 iyulda sodir bo‘lgan ushbu voqea videoyozuvlarini taqdim etdi. Videotasvirlarda Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning ekskavatorda o‘tirib tadbirkorlarga tegishli binolarni buzayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, hokim o‘rinbosari tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini buza boshlaganida tadbirkor keskin norozilik bildiradi. Uning noroziligi e'tiborsiz qoldirilgach 1 litrli suv idishida ekskavator kabinasiga benzin sepib yuborgan. Tasvirlarda hokim o‘rinbosari M.Tuymayev o‘tirgan kabina va tadbirkorning o‘ziga taxminan ikki soniya olov o‘rlaganini ko‘rish mumkin. 

Guvohlarning aytishicha, olov hokim o‘rinbosari tanasini ham bir lahza qoplagan. Biz voqeaga yanada aniqlik kiritish maqsadida Yakkabog‘ tuman markaziy shifoxonasida bo‘ldik. Shifoxona qabul bo‘limida 20 iyul kuni soat 20:25 da hokim o‘rinbosari M.Tuymayev yuz, ikkala kaft kuyishi tashxisi bilan, shifoxonaga o‘zi kelgani qayd etilgan. Xodimlar M.Tuymayevning ayni vaqtda shifoxona reabilitatsiya bo‘limida davolanayotganini ma'lum qilishdi. Ammo bu vaqtda soat tungi 00:55 bo‘lgani, Mansur Tuymayevning uxlayotgani bois ko‘risholmadik. Biroq, tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari, ertalab hokim o‘rinbosari Toshkentga ketganini ma'lum qildi, aslida u shifoxonada ekani surishtiruvlarimiz asnosida oydinlashdi.

Ayni vaqtda videotasvir orqali tadbirkor Bahriddin Isomov ham kuyish tan jarohati olganini bilganimiz sababli tadbirkor bilan ko‘rishishni niyat qildik. Mahalla vakillari tadbirkorni ichki ishlar xodimlari olib ketishganini ma'lum qilishgach, tuman IIBga bordik. Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi bino ta'mirlanayotgani sababli tadbirkorning bu yerda emasligi, aynan qaysi tuman IIBda saqlanayotganini bilmasligini ma'lum qildi. Tadbirkorning o‘g‘illari esa otasiga 21 iyul kuni soat tungi 00:00 atrofidagina tibbiy xizmat ko‘rsatilganini aytmoqda.