Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida bo‘ldi.

Darhaqiqat, xalq tili bilan aytganda, Qizildaryoning o‘zani anchagina keng ekan. Ayniqsa, yog‘in-sochinli mavsumda suv sathi ko‘tarilib, aholiga noqulaylik tug‘dirib kelgan.

Mahalla faoli Tohir Donayev mazkur ko‘prikni ikki yil avval sel olib ketganini aytdi. Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu ko‘prik orqali bir necha qishloq va ko‘cha aholisi Eski Yakkabog‘ shaharchasiga chiqishgan. Faolning aytishicha, maktab o‘quvchilari o‘tib-qaytishda qiynalib qolgani sababli 2020 yilda mahalla ahlining sa'y-harakati bilan ko‘prik o‘rni biroz tartibga keltirilgan. Ammo bu «qo‘lbola ko‘prik»ning bardoshi bir marta sel kelgunicha ekani ko‘rinib turibdi.

«Daryoga yaqin hududda yashayman. Yaqin ellik yil mobaynida bunchalik katta sel kelganini ko‘rmagandim. Ellik-oltmish yillik katta ko‘prikni bir soat ichida olib ketganiga guvoh bo‘ldik. Maqsadimiz, mana shu ko‘prikni tezroq qurib berishsin. Daryoning narigi tomonida yashayotganlar farzandini maktabga jo‘natishga qo‘rqib qolgan. Shu yergacha kelib, bolalarni o‘tkazib qo‘yishadi.

Mana, bir yildan beri ustalar kelib qo‘l uchida ishlab, yana ko‘rinmay ketishadi. Mana, ozmi-ko‘pmi ish olib borildi, beton quyishdi. Yana yog‘inli mavsum boshlanyapti, agar shu kunlarda sel kelsa, mana shuncha mehnat havoga sovuriladi», — deydi Xayriniso Rajabova.

Guliston mahallasining yana bir faoli Jamoliddin Kamolov ham qurilish sohasidan xabardor ekanini aytdi. U kishining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda daryo o‘zani yopib qo‘yilgan. Sel yo‘li to‘silib qolgani sababli, istalgan vaqtda qilingan ishni suv olib ketishi mumkin. Ko‘prikning himoya qatlami ham qilinmagan. Ushbu holat ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytildi.

«Sarflangan mablag‘ isrof bo‘lishiga achinaman», deydi Jamoliddin aka.