Diskriminatsiya, ko‘zbo‘yamachilik va ishlamaydigan qonun. Eshitishi zaif insonlarni kim eshitadi?
O‘zbekistonda 35 ming nafar eshitishi zaif odamlar yashaydi. Ularning atigi bir foizi ish bilan ta'minlangan. Ular ham sog‘lom odamlar qatori ishlashga harakat qilishadi, lekin ishga kirishdagi muammolar, noteng ish sharoiti bunga imkon bermayapti. 2017 yilda futzal bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik kar-soqovlar jamoasi esa mashg‘ulotlarni qishda ham ochiq havoda o‘tkazishyapti, sportzal esa xarob ahvolda...
Biz kundalik hayotda eshitadigan tovushlar shu qadar ko‘pki, ko‘pincha ularning hammasini eshitaverishdan charchaymiz.
Lekin atrofimizda shunday odamlar borki, ular eshitishmaydi, biz ham ularni eshitmaymiz, ya'ni ularning ko‘pchiligi gapirolmaydi ham. Lekin ularning ham o‘z tili bor, ular shu tilda gaplashishadi, muhokamalar qilishadi, fikrini ifoda etadi.
Shuningdek, ular bizni tushunishadi, ular bizga yaqin, ular biz bilan bitta shaharda, bitta mahallada, bitta ko‘chada, ehtimol, bitta shift ostida yashaydi.
Biz ularni shunchaki kar-soqovlar deb bilamiz. Aslida, ular biz bilan bir xil. Ular boshqalar kabi o‘qishi, ishlashi mumkin, lekin ularga bizday bo‘lishga, bir xil ishlashga, bir xil sharoitda yashashga aynan biz – sog‘lomlar imkon bermayapmiz.
«Ularning qo‘l-oyog‘i butun, tilanchilikdan ko‘ra ishlashni xohlashadi»
Shu sababli bugun O‘zbekistonda 35 ming nafar kar-soqovlarning atigi 1 foizi ish bilan ta'minlangan, xolos.
«Kar-soqovlarni ish bilan ta'minlash esa juda og‘ir masala. Sababi ularning tilini tushunadiganlar juda kam.
Ularning qo‘l-oyog‘i butun, ular tilanchilik qilishdan ko‘ra ishlashni xohlashadi», – deydi O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov.
Yaqinda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi (qonun 2021 yil 16 yanvardan kuchga kiradi). Unda 20 kishidan ko‘p odam ishlovchi tashkilotda nogironlar uchun 3 foizlik alohida kvota ajratilishi nazarda tutilgan.
Oybek Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, bunga oid norma azaldan bo‘lgan, ammo amalda deyarli ishlamagan.
«Mehnat birjasiga borilsa, ularga ham umumiy vakansiya ko‘rsatiladi, lekin umumiy vakansiya orqali ishga borishsa, nogironligini ko‘rib, biz bu o‘ringa odam olib qo‘ydik, deyishadi», – deydi O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi.
«Bizga gapiradigan ishchilardan ko‘ra kamroq oylik berishardi»
Guli Aliyeva va Jumagul Jumaniyozova ham eshitmaydi. Ular shu kunga qadar ko‘p joylarda ishlab ko‘rishgan. Ishsiz paytlari esa ish topishga harakat qilishgan. Ular hozir ham ishsiz.
Jumagul Jumaniyozovaning aytishicha, ishlagan joylarida kar-soqov xodimlarni ajratish holatlariga ko‘p duch kelgan.
«Masalan, akkumulyator zavodida ishlaganimda, biz soqovlarni olib qolib, hududni supurtirishardi. Gapira oladigan ishchilar esa uyiga ketardi», – deydi u.
Jumaniyozovaning aytishicha, u ishga kirmoqchi bo‘lib ko‘p harakat qiladi. Lekin ishga kirgan joylarida oyligini kam qilib berishadi yoki ozgina kamchilik bilan ishdan haydashadi. Gapiradigan odamlar bilan bir xil ishlasa ham, kamroq oylik berishgan.
«Agar men ham gapira olganimda, ishga kirishim oson bo‘lardi, yaxshi joyda ishlardim. Chunki mehnat qila olaman. Soqovlarni ajratishadi, agar gapira olganimda, meni ajratishmagan bo‘lardi», – deb hisoblaydi u.
«Prezident kelganda yangiliklarni o‘qib xursand bo‘lgan edim...»
Bloger Ma'mur Ahliddinov eshitishi zaif bo‘lgan fuqarolar muammolari haqida doimiy materiallar e'lon qilib boradi. U kar-soqov insonlarning ko‘chada breloklar, bayroqchalar sotib kun ko‘rishidan xavotirda. Ular ham o‘qimishli bo‘lishi, yaxshi joylarda ishlashi mumkin, degan fikrda.
2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev Karlar madaniyat markaziga tashrif buyurganda, aholining mazkur qatlami savodxonligi, tarbiyasi, ishlashi, dam olish va davolanish sharoitlarini yaxshilash maqsadida alohida qaror tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan.
«Prezident kelganda yangiliklarni o‘qib xursand bo‘lgan edim. Prezident karlarning ham sharoitini yaxshilash uchun buyruq bergan edi-ku. Ish bilan ta'minlash, tarjimonlarga qulayliklar yaratish haqida», – deydi Ma'mur Ahliddinov. Ammo, uning aytishicha, ikki yil ichida sezilarli yangilik bo‘lmagan.
«Prezident kelganda mana shu yerda tikuv sexi ochilgan edi. Yotoqxona ham yaqin joyda, ishga qabul qilishgan edi. Ko‘pchilik, men o‘zim ham xursand bo‘lgan edim. 2ta blok noma'lum sabablarga ko‘ra begonalarniki edi, hozir uchinchi blok ham begonalarniki bo‘lgan, hokimiyat esa bizga javob bergani yo‘q», – deydi bloger.
«Tashrif arafasida ochilgan tikuv sexi yopilib ketdi, shundan beri ishsizman»
O‘sha tashrif davomida prezident O‘zbekiston karlar jamiyati hududida tashkil etilgan va 100dan ziyod xotin-qiz ishga joylashtirilgan tikuvchilik korxonasi bilan ham tanishgan edi.
«2018 yilda kar-soqovlar hududimizda aynan biz uchun tikuv sexi ochilgandi. Men o‘sha yerda ishlaganman, lekin sex hozir yopilgan. O‘sha yerda ishlaganimda ham oyligim juda kam edi. Men 600 ming so‘m olgan bo‘lsam, boshqa gapiradigan ishchilar 800-900 ming olardi. Men eshitmaganim uchun nimaga unaqa ekanini bilmasdim.
Hozir tikuv sexidan bo‘shaganimdan beri hech qayerda ishlamayman, lekin mehnat birjasi orqali sartaroshlik kursida o‘qiyapman. Bitta o‘g‘lim bor, uni onamga berib yuborganman, ishlamaganim uchun boqishga kuchim yetmaydi», – deydi o‘sha tikuv sexida ishlagan Guli Aliyeva.
«Davlatning o‘zi ham talabni bajarmayapti»
Nogironlar jamiyati raisi Oybek Isoqovning ta'kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni 3 foizlik kvota asosida ishga olishni dastavval davlat tashkilotlarida joriy etish lozim.
«Davlat o‘zi namuna bo‘lib o‘zidan, boshlasa bo‘lardi. Tadbirkor ham «davlat o‘zi 3 foizlik kvotani bajarmayapti, nega bizga osilasiz», deb aytishi mumkin.
Koreyada davlat tashkilotlarida 7 foiz nogironlar ishlaydi. O‘zbekistonda esa davlat tashkilotlarida 0,001 foiz nogironlar ishlaydi.
Nima qilish mumkinligi haqida ham o‘ylayapmiz. Nogironlarni ishga jalb qiladigan korxonalarimiz ham bor. Davlat kvota asosida ular ishlab chiqqan mahsulotlarni sotib olsa, davlatning puli nogironlarni ish bilan ta'minlashga ketardi», – deydi Oybek Isoqov.
Prezident tashrif buyurganda kar-soqovlar sport zali ta'mirlangan deb xabar berilgan
Imkoniyati cheklanganlar sporti ham achinarli ahvolda. 2017 yilda futzal bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik imkoniyati cheklangan yoshlar esingizdami?
O‘shanda hamma g‘ururlangan, xursand bo‘lgan edi. Lekin O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘targan o‘sha yoshlarning ba'zilari hozirgi sovuqda ham ochiq havoda shug‘ullanyapti.
Ko‘pchilik esa jamoani tashlab ketgan.
Jamoa shug‘ullanadigan zalning ahvoli esa juda xarob. Bino ta'mirga muhtoj, isitish tizimi ishlamaydi.
Lekin prezident 2018 yilda Kar-soqovlar madaniyat markaziga tashrif buyurgan paytda kar-soqovlar sport zali ham ta'mirlandi, deya xabar berilgan. Aslida esa, sportzal qachon ta'mirlanganini bino ahvoliga qarab hattoki taxmin qilib bo‘lmaydi.
«Chempionlarimiz bor, lekin sharoitimiz yo‘q»
Eshitishi zaif yoshlar jamoasi murabbiyi Murodjon Ahmedovning qayd etishicha, agar yoshlarga imkoniyat yaratib berilsa, ular 2017 yilgi natijasidan ham kattaroq yutuqlarga erishishi mumkin.
«Sport bo‘yicha ham jahon va Osiyo chempionlarimiz bor. Lekin afsuski, respublika bo‘yicha nogironlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun markazlar yo‘q. Paralimpiya qo‘mitasi bor, lekin ularning o‘zlarida muammolar yetarli.
Masalan, Qozog‘istonda nogironlarni sportga jalb qilish markazlari bor. Bu markazlarda hamma sharoit qilingan. Bizda chempionlar bo‘la turib hech narsamiz yo‘q», – deydi afsus bilan Oybek Isoqov.
Eshitishi zaif insonlar orasida ma'lumotlilar juda kam
Rustambek G‘oibov 2017 yili chempion bo‘lgan jamoa a'zolaridan biri, hozir u bilan yana ikki kishi jamoada. Qolganlar turli sabablar bilan yo futbolni, yo jamoani tark etgan.
«Men zaif etishuvchiman, lekin gapiradiganlar jamoasida katta futbolda o‘ynash orzuyim bor. Mana hozir shug‘ullanyapmiz, oldinda katta musobaqalar bor. Hozir o‘sish uchun ko‘p mashq qilishim kerak. G‘olib bo‘lib kelishga umid qilamiz.
To‘g‘risini aytsam, biz zaif eshituvchilarga ham e'tibor kerak. Yaxshi natijalarni ko‘rsatish uchun sharoitlar kerak. Faqat futboldan emas, boshqa sport turlarini ham rivojlantirish kerak. Davlat tomonidan biroz sharoit yaratib berilsa, zallarimiz ta'mirlab berilsa, kelajakda Olimpiya o‘yinlarida yaxshi natijalar ko‘rsata olishimizga ishonaman», – deydi u.
Sportchining aytishicha, O‘zbekistonda eshitishi zaif odamlar o‘rtasida ma'lumotlilar juda kam. Ularga bilim, ma'lumot kerak.
«Viloyatlarda o‘rtoqlarim bor. Bilimi yo‘qligi uchun institutlarga kira olishmagan. Shu sabab bilan yomon yo‘llarga tushib qolishlari mumkin. Ularning ham ma'lumoti bo‘lsa, o‘z yo‘nalishida ishlasa yaxshi bo‘lardi», – deydi jahon chempioni Rustambek G‘oibov.
Maqolamizni nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqovning quyidagi so‘zlari bilan yakunlashni joiz topdik:
«Nogironlarga pensiya emas, ish kerak. Biz ham ishlashni xohlayapmiz. Biz birovga muhtoj, birovga yuk bo‘lishni xohlamayapmiz. Ishlash orqali bizning ham vatanimizga, xalqimizga nafimiz tegsin».
Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
11:33 / 23.11.2024
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
12:19 / 22.11.2024
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:32 / 26.10.2024
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bir martalik kompensatsiya beriladi
17:57 / 12.10.2024