O‘zbekiston | 12:25 / 08.08.2020
36904
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir raisligida videoselektor o‘tkazilmoqda. Ayrim mahallalar raislari keskin tanqid qilindi

Bosh vazir buni hech qaysi mezon bilan oqlab bo‘lmasligini ma'lum qilgan.

Foto : KUN.UZ/Arxiv

Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, videoselektor yig‘ilishida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyati tanqidiy muhokama qilinmoqda.

Hukumat rahbari moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarga respublika budjetidan ajratilgan bir martalik moddiy yordam pullarini tarqatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim mahallalar raislarining qilmishini keskin tanqid qildi.

Bosh vazir buni hech qaysi mezon bilan oqlab bo‘lmasligini ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 avgust kuni pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlarini to‘g‘ri va haqqoniy shakllantirish, ajratilgan mablag‘larni adolatli tarqatish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Davlat nozirlik organlariga mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlanishi va to‘lanishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatish, qonun buzilish holatlarining oldini olish topshirildi.

O‘z navbatida, Bosh prokuratura ro‘yxat asosida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam puli tarqatilishi jarayonida qonunbuzilish holatlari kuzatilayotganiga oid ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Unda yordam puli ajratilishidagi qonunbuzilishlar yuzasidan prokuraturaga murojaat qilish so‘raldi.

Toshkentda moddiy yordam pullari faqat “Temir daftar”ga kiritilganlarga tarqatilgani haqida hokimlik vakili vaziyatga oydinlik kiritdi.

Mavzuga oid