O‘zbekiston | 22:22 / 26.02.2026
2661
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi noqonuniy poygalar uchun javobgarlik joriy etish bo‘yicha taklif kiritdi

Ta’kidlanishicha, yo‘llarda noqonuniy tashkil etilayotgan poygalar yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligiga, aholining osoyishtaligiga jiddiy xavf solib, inson o‘limigacha bo‘lgan o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Adliya vazirligi tashabbusi bilan noqonuniy poygalarni tashkil etganlik va unda ishtirok etganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, yo‘llarda noqonuniy tashkil etilayotgan poygalar yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligiga, aholining osoyishtaligiga jiddiy xavf solib, inson o‘limigacha bo‘lgan o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Bu esa aholining, shu jumladan yo‘l harakati ishtirokchilarining haqli e’tirozlari va xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Shuni inobatga olib, Adliya vazirligi yo‘llarda noqonuniy poygalarni tashkil etish oqibatida vujudga kelayotgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritdi. Xabarda javobgarlik qanday bo‘lishiga aniqlik kiritilmagan.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi 17 fevral kuni manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan. Belgilangan tartibda kelishilganidan so‘ng, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid