Sport | 17:40 / 24.02.2019
14142
3 daqiqa o‘qiladi

As-Saboh Toshkentda. U bilan Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi muhokama qilinadi

Bugun, 24 fevral kuni Osiyo Olimpiya Kengashi (OCA) prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Martabali mehmon Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan kutib olindi.

As-Saboh bilan birga delegatsiya tarkibida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo o‘yinlari-2018 direktori Haydar Farmon, OCA kotibi Lyusen Alvarez ham Toshkentda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga alohida e'tibor qaratilgandi. Davlat rahbari o‘shanda O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini o‘tkaza olishga qodir mamlakat ekanligini ham alohida qayd etib o‘tgandi.

Shu munosabat bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bu boradagi loyihani hayotga tatbiq etishni boshlab yuborgan. Bu bo‘yicha 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini Toshkent va Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha ariza Osiyo Olimpiya Kengashiga taqdim etilgan. 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun O‘zbekistondan tashqari Qatar, Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar da'vogarlik qilmoqda.

As-Saboh boshchiligidagi delegatsiya ikki kun davomida O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini keng muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonda bo‘ladi.

«Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish va qabul qilish – yirik loyiha hisoblanadi. Tashkilotchilik masalalarida o‘ziga yarasha yangiliklar va boshqa jihatlar mavjud. Musobaqa uchun sport inshootlarini qurish, Olimpiya shaharchasi, logistika, qulay transport marshruti, yuqori saviyadagi tadbirlarni tashkil qila olish, translatsiya va boshqa masalalar shular jumlasidandir. Uchrashuv davomida aynan shu kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tiladi», deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq, Toshkentda yangi olimpiya stadioni qurilishi mumkinligi, stadion qurilishi uchun dastavval O‘zbekiston Osiyo o‘yinlariga mezbonlik huquqini qo‘lga kiritishi lozimligi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid