Jahon | 01:15 / 17.04.2019
7757
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Notr-Dam soborini 5 yilda tiklashga va'da berdi

Foto: RIA Novosti

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron millatga murojaatida yong‘inda talofat ko‘rgan Notr-Dam sobori 5 yilda tiklanmoqchiligini ma'lum qildi.

“Biz Notr Damni yanada chiroyliroq qilib qayta quramiz. Men bu qurilish 5 yilda yakunlanishini istayman. Agar birlasha olsak, biz buni qila olamiz”, deb aytgan Makron.

“Fransuzlar va Fransiyani hamda Parijni yaxshi ko‘ruvchi barcha xorijliklar, bugun sizga shuni aytmoqchimanki, sizning dardingiz va umidlaringizga sherikman. Hozir harakat qilmog‘imiz zarur va biz harakat qilamiz, biz barchasini uddalaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Fransiya yetakchisi.

Makron 6 daqiqaga yaqin davom etgan nutqida o‘zini xavf-xatarga qo‘yib, soborni qamrab olgan yong‘inni o‘chirgan o‘t o‘chiruvchilarga minnatdorlik bildirgan. “Bugun biz Parijda ko‘rganlarimiz kurashish uchun jipslasha olishimiz, birlasha olishimiz bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qilgan Makron.

Soborda 15 aprelda kuchli yong‘in chiqqan. Yong‘in 900 yildan ko‘proq tarixga ega tarixiy yodgorlikning shpili, tomi va soatini vayron qilgan. Mutaxassislarning fikricha, soborni tiklash ko‘p yillar va katta mablag‘larni talab qiladi.

Mavzuga oid