Fransiyadagi saylov natijalari ma’lum: Ikkinchi turga Makron va Le Pen o‘tdi
Fransiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turiga amaldagi davlat rahbari Emmanuel Makron va ultrao‘ng qarashlarni ifoda etuvchi «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen o‘tdi.

Gonzalo Fuentes / Reuters / Scanpix / LETA
Byulletenlarning 97 foizi hisob-kitob qilinganidan keyin, Makron birinchi turda 27,6 foiz, uning asosiy raqibi Le Pen - 27,41 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘ldi. Endi 24 aprel kuni ikkinchi tur bo‘lib o‘tadi.
Saylovda jami 12 nomzod ishtirok etdi. Uchinchi o‘rinni 22 foiz ovoz bilan so‘llar nomzodi, «Zabt etilmagan Fransiya» partiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon egallagan. Melanshon tarafdorlarini Le Penni qo‘llamaslikka chaqirdi. «Ikkinchi raundda birorta ovoz Le Penga berilmasligi kerak», degan u tarafdorlariga murojaatida.
Avvalgi saylovlarda ham birinchi turda uchinchi bo‘lgan Melanshon tarafdorlaridan ikkinchi turda ikki nomzodgayam ovoz bermaslikni so‘ragandi.
Birinchi turda beshinchi o‘rinda qolgan (7 foiz atrofida) respublikachilar nomzodi Valeri Pekress, «yashillar» vakili Yanik Jaddo, kommunist Faben Russel hamda sotsialistlar nomzodi, Parij shahri meri Ann Idalgo o‘z tarafdorlarini ikkinchi turda Makronga ovoz berishga chaqirgan.
O‘ta o‘ng siyosatchi, 7,2 foiz ovoz olib to‘rtinchi bo‘lgan Erik Zemmur (ko‘plar uni Donald Tramp bilan qiyoslashgandi) ikkinchi turda Le Penni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tahlilchilar voqealarning shunday rivojini taxmin qilishgandi. Saylovdan oldingi so‘rovlar Makron favoritligicha qolayotgani, ammo u Le Penni atigi olti foiz punktga ortda qoldirayotganini ko‘rsatgandi.
2017 yilda bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlarda ham Makron va Le Pen ikkinchi turda o‘zaro raqib bo‘lgan. O‘shanda Makron birinchi turda 24 foiz ovoz olgan, Le Pen — 21 foizdan ko‘proq. Ikkinchi turda Makronni saylovchilarning 66 foizi qo‘llagan, uning raqibi esa 34 foizdan kamroq ovoz to‘plagan.
Makron — G‘arb davlatlari yetakchilari orasida Vladimir Putin bilan asosiy muzokarachi bo‘ldi. 7 fevral kuni u Moskvaga kelib Rossiya prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Undan oldin va keyin ham Putin bilan ko‘p marta telefon orqali muloqot qildi. Tahlilchilar Makron Angela Merkel Germaniya kanslerligidan ketganidan keyin Yevropa yetakchisi rolini egallashga urinayotganini tusmol qilishgan.
Makron Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirgan. U Kiyev oblastidagi Bucha shahrida tinch aholi vakillari o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgach, qat’iy pozitsiyasini e’lon qilgan. «Harbiy jinoyatlar sodir etilganining aniq belgilari bor. Rossiya armiya [Buchadagi qotilliklar] uchun javobgar», degan Makron. U sanksiyalar doirasida Rossiya ko‘miri va neft mahsulotlari eksporti cheklanishi zarurligini qayd etgan.
Le Pen ham Ukrainaga bosqinni qoralagan, ammo sanksiyalar Yevropaning o‘ziga tahdid qilishidan ogohlantirgan. «Men bir necha bor ukrain xalqi bilan birdamligimni izhor etdim va ukrainalik qochqinlar munosib qabul qilinishi kerakligini aytdim», degan Le Pen. Shu bilan birga, u Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevropada gaz va boshqa resurslar narxi oshishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirgan.
Marin Le Pen 2017 yildagi prezidentlik kampaniyasi davrida Putin bilan uchrashgan. U o‘shanda Rossiya prezidenti bilan uchrashish uchun Moskvaga borgandi. Uning «Milliy front» partiyasi (partiyaning eski nomi) 2014 yilda Rossiya banklaridan biridan kredit olgandi.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ispaniya kubogi. "Barselona" 116-daqiqada "Real"ga gol urib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi
Sport | 03:45
-
Kamayadigan bojsiz limit, sotiladigan zavodlar va Lavrovning nolishi - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 23:15 / 26.04.2025
-
2024 yilning eng ochiq va eng yopiq davlat tashkilotlari ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 21:57 / 26.04.2025
-
Dafn marosimi va urush
Jahon | 21:30 / 26.04.2025
Mavzuga oid

14:10 / 07.04.2025
Parijda Marin Le Penni qo‘llab-quvvatlash namoyishi bo‘lib o‘tdi

07:54 / 02.04.2025
Fransiyada ultrao‘ng siyosatchilar ommaviy norozilik namoyishlar o‘tkazmoqchi

18:22 / 01.04.2025
Marin Le Pen qamoqqa hukm qilindi

11:33 / 01.04.2025