Jamiyat | 13:54 / 03.03.2021
3165
2 daqiqa o‘qiladi

COVAX dasturi doirasidagi vaksinalar mart oyi o‘rtalarida yetib keladi - shtab

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov O‘zbekistonda aholini emlash jarayonlarining amalga oshirilishi kechikishi bilan bog‘liq holatlarga izoh berdi.

«Yurtimizda aholining 20 foizini emlash uchun vaksinalar 2021 yilning boshida buyurtma berilgan. COVAX dasturi bo‘yicha O‘zbekiston ham vaksina bilan ta'minlanadi.

Lekin vaksina ishlab chiqaruvchi davlatlar emlanuvchi aholi ko‘pligi uchun barcha ehtiyojlarni to‘liq qamrab olishi qiyin bo‘lyapti. Avvalo kam ta'minlangan davlatlarga vaksina yetkazib berilmoqda. Bosqichma-bosqich o‘rtacha rivojlangan davlatlarga qarab ta'minlab kelinmoqda.

Respublikamizga ham mart oyi o‘rtalarida COVAX’ga a'zo davlatlar singari vaksina yetib keladi», dedi Botir Qurbonov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hammuallif hisoblangan ZF-UZ-VAS 2001 vaksinasini ishlab chiqarish boshlangan. Bu vaksina bilan emlash ham mart oyida amalga oshiriladi.

Ta'kidlanishicha, joriy yilda 4 million nafardan ortiq aholi COVID-19’ga qarshi hech qanday to‘lovsiz emlanadi.

Avvalroq COVAX tomonidan 2020 yil yozigacha 142 mamlakatga qariyb 240 mln doza vaksina tarqatilishi va yetkazib berish muddati turli omillar, jumladan, muvofiqlashtiruvchi organlarning talablari, tasdiqlangan milliy emlash rejalariga bog‘liqligi xabar berilgan edi.

Mavzuga oid