Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qumqo‘rg‘on hokimiga hadya qilingan Equinox egasiga qaytarildi
Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov tadbirkor sovg‘a qilgan avtomobilni hokimlik balansiga olish to‘g‘risidagi farmoyishini bekor qildi. Aksilkorrupsiya agentligiga ko‘ra, ushbu holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmagan, lekin hokimlikka sovg‘a qilingan avtomobil narxi hukumat qarorida belgilangan me’yorlardan yuqori.
Suratda – Qumqo‘rg‘on hokimi Anvar Normamatov
Shu yil 17 oktyabr kuni «Qumtex Invest» MChJ rahbari Ural Begimqulov Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimligiga 400 million so‘mdan qimmat turuvchi avtomobil sovg‘a qilgan edi. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, hokimlikka korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish haqida taqdimnoma kiritgan.
Kun.uz muxbiriga intervyu bergan agentlik direktori Akmal Burhonovga ko‘ra, ushbu holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanmagan. Lekin hokimlikka sovg‘a qilingan avtomobil narxi hukumat qarorida belgilangan me’yorlardan yuqori.
Shu sababli Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov taqdimnomaga asosan, avtotransport vositasini hokimlik balansiga o‘tkazish haqidagi farmoyishini bekor qildi.
Oktyabr oyida hokimlikka qimmatbaho avtomobil sovg‘a qilgan shaxs – Ural Xalmurzayevich Begimqulov bo‘lib, u «Qumtex Invest» MChJning rahbari hisoblanadi. Yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bilan shug‘ullanadigan bu korxona ta’sischilari turli xil klaster va tekstillarga chatishib ketgan.
Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng farmoyishni jamoatchilikdan yashirib qo‘ygan edi.
Ma’lumot uchun, amaldagi hukumat qarori bilan tasdiqlangan me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha tuman va shahar hokimliklari uchun xizmat mashinalarini sotib olishning eng yuqori narxi BHMning ming barobaridan (hozirgi kunda 330 mln so‘m) oshmasligi kerak. Hokimlikka sovg‘a qilingan Equinox avtomobilining eng arzon opsiyalari esa 408,4 million so‘mdan boshlanadi.
Mavzuga oid
11:09 / 20.10.2025
Surxondaryoda Cobalt va Nexia to‘qnashdi
14:55 / 16.10.2025
“Hech kim tezak qilmay qo‘ydi” – Qumqo‘rg‘on tumani hokimi qish uchun tappi-tezak g‘amlashga chaqirdi
12:10 / 16.03.2025
Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
11:19 / 05.10.2024