O‘zbekiston | 23:53 / 25.07.2025
6571
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘riqxonada davom etayotgan yong‘in, «Ishdagi ishq» mojarosi, Navoiyni zaharlayotgan korxonalar – mahalliy dayjest

Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda 2 kun oldin boshlangan yong‘in hamon davom etayotgani ma’lum bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i ishda ayol kishini quchoqlab o‘tirgan holda videoselektor kamerasiga tushib qoldi. Navoiy shahrida atmosfera havosini zaharlayotgan korxona hamon topilmadi. Toshkentdagi Rossiya fuqarolari zaharlanib vafot etgan mehmonxona egasiga hukm o‘qildi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash choralari tasdiqlandi

«Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, barcha muhim davlat xizmatlari va investitsiya loyihalari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi «Yagona investitsiya platformasi» axborot tizimi joriy etiladi. Ma’lumotlarni joylashtirish va tizimlarni integratsiya qilish uchun vazirliklar, idoralar va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda 2 kun oldin boshlangan yong‘in hamon davom etayotgani ma’lum bo‘ldi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Surxon davlat qo‘riqxonasi hududidagi yong‘in o‘chirilganini bildirgandi. Biroq mahalliy aholi yong‘in hamon davom etayotgani va kengayib borayotganini aytmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tobora kuchayib, kengroq hududni egallab olmoqda. Uni o‘chirishga bo‘lgan urinish foyda bermayapti.

«Yong‘in minglab gektar maydonni egallab olyapti. Ko‘p yillik archalar yonib ketmoqda, qancha yovvoyi hayvonlar nobud bo‘lmoqda. Odamlar xavotirda», dedi Kun.uz suhbatdoshi. FVV yong‘in o‘chirilganini yana bir bor ma’lum qildi.

Ishdagi ishqning yakuni: selektorda «qo‘lga tushgan» amaldor ishdan olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchisi o‘z xizmat xonasida ayol kishini quchoqlab o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi. Uning bu harakati selektor yig‘ilishida onlayn kameraga tushib qolgan.

Selektor vaqtida «qo‘lga tushgan» bu amaldor Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i ekani aniqlandi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida xabar berdi.

Navoiy shahrida atmosfera havosini zaharlayotgan korxona hali topilmadi

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning aytishicha, havoga chiqarilgan zaharli modda «Navoiyazot» korxonasiniki emas. Asosiy manba «Elektroapparat» hududidagi korxonalar ekani aytilmoqda. Abduhakimov ekoinspektorlarning o‘rganishi tugagach, o‘sha korxonaning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga ariza kiritilishini ma’lum qildi. Qolaversa, rasmiy vakil zavodlarning havo ifloslanishi oldini olishdagi rejalarini ochiqladi.

Toshkentdagi Rossiya fuqarolari zaharlanib vafot etgan mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi

Karaman Palace mehmonxonasi rahbari hamda ushbu mehmonxonaga eski va konstruksiyasiga o‘zgartishlar kiritilgan isitish qozoni o‘rnatgan 3 kishiga hukm o‘qildi. Jumladan, rahbar 8 yilga qamaldi.

Keng qamrovli texnik ekspertiza o‘tkazilganda mehmonxonadagi isitish qozonlari eskirgani va xizmat muddati tugagani aniqlangan. Buning ortidan 3 kishi, jumladan Rossiyaning ikki fuqarosi zaharlanib vafot etgan edi.

Toshkentda voleybol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi

24 iyul kuni «Yunusobod» sport majmuasida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan 19 yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘rtasida FIVB jahon chempionati ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 24 ta jamoa 4 ta guruhga ajratilgan. 1-4 o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi 1-turda Turkiya bilan kuch sinashib, 3:0 (25–22, 25–19, 25–17) hisobida g‘alaba qozondi. Guruhda Pokiston, Argentina, Puerto-Riko va Belgiya ham bor.

Mavzuga oid