O‘zbekiston | 17:53 / 25.11.2025
9964
2 daqiqa o‘qiladi

Adiz Boboyev Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi

Prezident yangi hokimga ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish va energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

«Biz yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, iqtisodiyotni barqaror o‘stirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha katta-katta marra va rejalarni olyapmiz. Bu ishlarni tashkil qilish uchun viloyatga zamonaviy fikrlaydigan, muammolarni tizimli tahlil qilib, innovatsion yechim bera olishga salohiyatli rahbar kerak», dedi davlat rahbari.

Prezident Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.

Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident yangi hokimga u ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish va energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Adiz Boboyev 2024 yil 28 noyabrda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid