Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining oyligi 2 baravar oshiriladi
Qirg‘izistonda 2026 yil 1 apreldan o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining ish haqi 100 foizga oshiriladi. Natijada qirg‘iz pedagoglarining o‘rtacha maoshi 26 ming somdan (3,6 mln so‘m) 52 ming somga (7,2 mln so‘m) ko‘tariladi. Shifokorlarniki esa 31 ming 500 somdan (4,3 mln so‘m) 62 ming 500 somga (8,6 mln) yetadi.
2026 yil 1 apreldan boshlab pedagogik va tibbiyot xodimlarining ish haqi 100 foizga oshiriladi. Bu haqda Xalq qurultoyida davlat rahbari Sadir Japarov ma’lum qildi.
«O‘qituvchi millat kelajagini shakllantiradi, shifokor esa insonning sog‘ligi va hayotini asraydi. Biroq bugun biz ularga nisbatan qo‘pol munosabat, hurmatsizlik, hatto zo‘ravonlik holatlariga ham duch kelmoqdamiz. Bu madaniyatsizlikning eng yuqori darajasidir. Biz ushbu ikki muqaddas kasb egalariga munosib obro‘-e’tibor va jamiyatdagi yuksak maqomini qaytarishimiz shart. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati, har bir oila — barchamiz o‘qituvchi va shifokor nufuzini mustahkamlashga majburmiz. Farzandlarimizni o‘qitayotgan va bizni davolayotgan insonlarga yetarli hurmat bo‘lmaguncha, chinakam madaniyatli va rivojlangan mamlakat bo‘la olmaymiz», — deya ta’kidlagan Japarov.
Qirg‘iziston prezidentining qo‘shimcha qilishicha, hozirda qirg‘iz pedagoglarining o‘rtacha ish haqi 26 ming somni (3,6 mln so‘m) tashkil etadi. 2026 yil 1 aprelidan keyin bu ko‘rsatkich qariyb 52 ming som (7,2 mln so‘m) bo‘ladi. O‘qituvchilarning maoshi ta’lim darajasi, pedagogik staj, malaka toifasi, hududiy joylashuv, o‘qitiladigan fan va haftalik dars yuklamasiga qarab belgilanadi.
«Masalan, shahar umumta’lim maktabida pedagogik stajsiz, o‘rta maxsus pedagogik ma’lumotga ega yosh o‘qituvchining ish haqi 1 apreldan 36 ming 800 somni tashkil etadi, soliq va ijtimoiy ajratmalardan so‘ng qo‘liga taxminan 31 ming 200 som oladi.
Tuman koeffitsiyenti 1,8 bo‘lgan olis tog‘li hududda yashab ishlayotgan, 30 yildan ortiq pedagogik stajga ega matematika fani o‘qituvchisining hozirgi maoshi 65 ming 800 som bo‘lsa, kelasi yil 1 apreldan 97 ming 600 somga yetadi», — degan u.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shifokorlarning o‘rtacha ish haqi 31 ming 500 som (4,3 mln so‘m)ni tashkil etadi, 1 apreldan esa 62 ming 500 somga (8,6 mln so‘m) yetadi, soliq va boshqa yig‘imlardan so‘ng ularning qo‘llariga tegadigan pul 50 ming som atrofida bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi o‘rtacha maoshlar 4 mln 188 ming so‘mni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 3 mln 765 ming so‘mni tashkil etgan.
Mavzuga oid
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:15 / 02.04.2026
Ta’lim xizmatlari O‘zbekistonda o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchi bo‘ldi
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
22:25 / 31.03.2026