Iqtisodiyot | 14:40 / 21.01.2026
9182
4 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Xo‘jayev Tojikiston qo‘yayotgan savdo cheklovlariga javob choralarini istisno qilmadi

Tojikiston tomoni O‘zbekiston qurilish materiallariga bojlarni oshirgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorlar bilan uchrashuvda bu haqdagi shikoyatni tinglarkan, agar vaziyat o‘zgarmasa, javob choralari bo‘lishini aytdi. “Bojxona, [Tojikistondagi] hamkasblaringiz bilan gaplashasiz. Agar shunaqa qiladigan bo‘lsa, biz ham “zerkalnaya mera” qilamiz. Siz, elchimiz, ularga signalni yetkazib qo‘ying”, dedi u.

O‘zbek tadbirkorlari Tojikistonga eksport qilayotgan qurilish materiallaridan qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilayotganidan shikoyat qildi. Buni eshitgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tegishli mas’ullarga Tojikiston tomoni bilan bu masalani muhokama qilish topshirig‘ini berib, natija bo‘lmasa O‘zbekiston javob choralari ko‘rishi mumkinligini istisno etmadi.

Bu haqda 17 yanvar kuni tadbirkorlarning hukumat a’zolari va elchilar bilan uchrashuvida so‘z bordi.

Uchrashuvda Knauf kompaniyasining savdo direktori Tojikiston, Turkmaniston va Kavkaz mamlakatlari bozorlariga mahsulot eksport qilishda muammolar borligini aytdi.

Mahsulotlarimizni Tojikiston bozoriga eksport qilamiz. Hamma hujjatlarni to‘liq taqdim qilishimizga qaramay, mahsulotimizni zaxira usulida “rastamojka” qilishadi. Bu – mahsulotimizning narxi bu bozorda 15 foizga qimmat bo‘lishiga olib kelyapti.

Turkmaniston bozoriga ham katta miqdorda eksportni amalga oshiramiz. Yangi innovatsion mahsulotlarimizni u yerga olib chiqish, taqdimotlarini o‘tkazish uchun xodimlarimizga viza olishda hamisha qiynalib kelganmiz. Bu masalaga ham yechim bo‘lsa, yaxshi bo‘lar edi.

Uchinchi dolzarb muammo – Kavkaz bozoriga chiqish uchun logistika koridorlarida narx juda qimmatligi. Biz qimmat transport sababli bu bozorga chiqa olmaymiz”, dedi Knauf vakili.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Tojikistondagi holat o‘zgarmasa, O‘zbekiston tomoni ham javob choralarini ko‘rishi mumkinligini istisno etmadi.

Agar ular shunday qilayotgan bo‘lsa, biz ham chora ko‘rishimiz mumkin. Ular 15 foiz qo‘shishdimi?» – so‘radi u.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi v.b. Ilyos Rahimov vaziyatga aniqlik kiritdi.

Ular bazaviy qiymatni 300 dollar qilib qo‘ygan. Undan tashqari, 2025 yil 1 dekabrdan keramik plita mahsulotlarimiz uchun tonnasiga 450 dollar to‘lov kiritishdi. Avval logistika va bojlarni qo‘shgan holda qiymat 2 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 12 ming dollarga chiqdi. Keyin [tojikistonlik] tadbirkorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Tojikiston hukumatiga murojaat qilishdi. Bizda yozishmalar bor, ular ham bunga qarshi bo‘lyapti va bu choralarni bekor qilishni so‘ragan. Lekin 2 oy o‘tdi, qaror haligacha bekor qilinmayapti”, dedi Ilyos Rahimov.

Buni eshitgan bosh vazir o‘rinbosari Bojxona qo‘mitasi va O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisiga topshiriq berdi.

Bojxona, o‘zingizning [Tojikistondagi] hamkasblaringiz bilan gaplashasiz. Agar shunaqa qiladigan bo‘lsa, biz ham “zerkalnaya mera” qilamiz. Siz, elchimiz, ularga signalni yetkazib qo‘ying”, dedi Jamshid Xo‘jayev.

O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchisi ham viza masalasida amaliy yordam berilishini ta’kidlab o‘tdi.

Jamshid Xo‘jayev Transport vazirligi vakiliga yuzlanib, Kavkazga logistika masalasida barqarorlikni qanday ta’minlash va narxni pasaytirish bo‘yicha o‘ylab ko‘rish kerakligini aytdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid