O‘zbekiston | 12:33 / 02.04.2019
89269
5 daqiqa o‘qiladi

«Bek To‘pi»ning sobiq rahbari hibsxonada vafot etdi

Illyustrativ foto

Qator nashrlarda 30 mart kuni Toshkentda «Piyoz ishi» doirasida sudlanayotgan bozorqo‘mlardan biri - «Bek To‘pi» bozori sobiq rahbari 57 yashar Shukrillaxon Ergashev tergov izolyatorida vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz ushbu ma'lumotga oydinlik kiritishni so‘rab, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, 2019 yil 30 mart kuni soat taxminan 12:20larda O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBBga qarashli 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 06.02.2019 yildan boshlab hibsxonaning Davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limida «Yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya-2, AG-2, qandli diabet kasalligi 2-darajasi» tashxisi bilan davolanayotgan mahbus Sh.E. (Shukrillaxon Ergashev - tah.) «O‘tkir miokard infarkt, o‘tkir yurak qon tomir va o‘pka yetishmovchiligi» tashxisi bilan vafot etgan.

«Mahbus E.Sh.ning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ushbu holat bo‘yicha Qamoqqa olinganlarni saqlash va jazoni ijro etish joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha Toshkent prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda», - deya xabar qildi S.Rahmonova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ergashev tergov davomida davolanishda bo‘lgan. Unga nisbatan ekspertiza tayinlangan, u uni tergovga jalb qilish imkoni haqida xulosa bergan, ehtiyot chorasini o‘zgartirishga qonuniy asoslar bo‘lmagan - taxminan 4 mlrd so‘m miqdoridagi zarar qoplanmagan.

Shuningdek, qayd etilishicha, Shukrillaxon Ergashevning advokatlar va yaqinlari bilan uchrashishiga keng imkoniyat yaratib berilgan.

«Uning o‘zi kasal bo‘lgan, lekin tergov va sud organlariga qarindoshlari yoki o‘zidan ehtiyot chorasini o‘zgartirish yoxud yetkazilgan ziyonni qoplash to‘g‘risida iltimosnoma kelib tushmagan», - dedi mahkama matbuot xizmati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning avgust oyida Toshkentdagi yirik bozorlarning rahbarlari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Sentabr oyida Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahridagi Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish departamenti va «Bek to‘pi savdo kompleksi», «Chorsu buyum savdo kompleksi», «Chilonzor buyum savdo majmuasi», «O‘rikzor savdo kompleksi» bozorlari, «Eski Jo‘va dehqon bozori», «Yunusobod dehqon bozori» dehqon bozorlari va «Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori» mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish tergov qilinayotgani haqida ma'lumot berildi.

Iqtisodiyot asoslariga qarshi qator jinoyatlar sodir etgan 7ta bozor rahbarlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha Savdo va bozorlar departamentining mansabdor shaxslariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov qo‘yildi va ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

«Yunusobod dehqon bozori» AJ bozori rahbarlari O.Mustayev va B.Yusupov tomonidan - taxminan 800 mln. so‘m, shuningdek, «Toshkent oziq-ovqat zaxira» DUK direktori R.Rasulov tomonidan - 3,9 mlrd. so‘m ularning miqdorida yetkazilgan zarar miqdori qoplangani inobatga olinib, ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

2018 yil noyabr oyida «Chilonzor buyum savdo kompleksi» AJ bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Dilshod Abdullayev 1-sonli Toshkent tergov izolyatorida vafot etgandi. Abdullayevni 97 kun davomida «Toshturma»da saqlashgan.

Mavzuga oid