Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada WhatsApp’ni bloklashga tayyorlanishmoqda
Davlat dumasidagilar WhatsApp Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishiga to‘g‘ri kelishini aytishdi. Telegram esa, aftidan, hozircha blokirovkadan qutulib qoladi.
Pavel Lisitsin / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
RF prezidenti Vladimir Putin 17 iyul kuni hukumatga Rossiya hukumati «nodo‘st» deb topgan davlatlarga oid dasturiy ta’minotdan foydalanishga qo‘shimcha cheklovlar bo‘yicha takliflar tayyorlashga topshiriq berdi.
Tegishli takliflar 1 sentabr kunigacha taqdim etilishi kerak bo‘ladi.
18 iyul kuni Dumaning axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Anton Gorelkin «WhatsApp Rossiya bozoridan ketishga tayyorgarlik ko‘rishi vaqti kelgani»ni aytdi. Uning ma’lum qilishicha, messenjer «katta ehtimol bilan» hukumat tomonidan ishlab chiqiladigan «nodo‘st» mamlakatlarning dasturiy ta’minoti ro‘yxatidan o‘rin oladi.
Shu bilan birga, Gorelkin Telegram Rossiyadagi faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, chunki kompaniya bosh ofisi «do‘stona davlat hisoblangan» Birlashgan Arab Amirliklarida joylashganini aytib o‘tgan. «Ayniqsa, agar u Rossiya qonunchiligi talablarini bajarsa va bozorda qolish istagini isbotlasa», – deya qo‘shimcha qilgan Gorelkin.
Deputat WhatsApp’ning bozordagi ulushiga Max milliy messenjeri da’vogar bo‘lishini taxmin qilgan.
Prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan ikki suhbatdosh hamda Davlat dumasidagi manba «Meduza»ga WhatsApp bloklanishini tasdiqlagan. «Bu 99 foizga ro‘y beradi. Faqat 1 foiz holatda „boshqa nimadir“ bo‘lishi mumkin», – degan ulardan biri. U 1 foiz bilan messenjer rossiyaliklar orasida juda mashhur ekanini nazarda tutgan: «Blokirovka kafolatlangan norozilikni keltirib chiqaradi, bu esa shusiz ham (hukumatning) pasayib borayotgan reytinglari sharoitida maqsadga muvofiq emas».
«Meduza»ning Davlat dumasidagi manbasi messenjerlar bloklanishi, shuningdek VPN reklamasi va «ekstremistik materiallar qidirish»ga qarshi kurashni o‘sib borayotgan ijtimoiy norozilik bilan bog‘lamoqda. «Narxlar oshmoqda, odamlar bu haqda ko‘proq o‘qishni istaydi», – degan «Meduza» suhbatdoshi.
WhatsApp – Rossiyadagi eng mashhur messenjerdir. Mediascope ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprelida undan har kuni 84 million kishi, har oyda – 97 million kishi foydalangan. Rossiya aholisi soni – 144 millionga yaqin.
WhataApp Meta kompaniyasiga tegishli hisoblanadi, u urushning ilk haftalaridayoq Rossiya hukumati tomonidan «ekstremistik tashkilot» deb topilgan. O‘shanda RFda Meta’ga tegishli Facebook va Instagram yopilgan, ammo hukumat WhatsApp faoliyatini cheklashga qaror qilmagandi (bunga izoh ham berilmagan).
O‘tgan vaqt mobaynida Rossiya rasmiylari messenjerni hamkorlikdan bosh tortgan taqdirda bloklash bilan bir necha bor tahdid qilgan va turli «qoidabuzarliklar» uchun jarimaga tortgan. 2024 yil yozida Dumaning axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasining o‘sha paytdagi rahbari Aleksandr Xinshteyn agar WhatsApp hamkorlik qilmasa, «davlatning sabr-toqati tugashi» va xizmat «butun Meta taqdiri»ga duch kelishini aytgandi.
VK kompaniyasi tomonidan yaratilgan Max messenjeri agressiv reklama kampaniyasini o‘tkazmoqda va o‘z funksiyalarini kengaytirmoqda. Yaqinda telegramdagiga o‘xshash kanallar paydo bo‘ldi. Umuman olganda, Max Xitoyning WeChat ilovasini eslatadi, u o‘zida messenjer, ijtimoiy tarmoq, qidiruv tizimi va to‘lov tizimini birlashtiradi. WeChat Xitoy rasmiylarining to‘liq nazorati ostida bo‘lib, u bir necha bor senzurada va foydalanuvchilarni kuzatishda ayblangan.
Mavzuga oid
08:58 / 30.12.2025
RF sudi Telegram va WhatsApp’ni cheklashga qarshi da’voni rad etdi
12:15 / 24.12.2025
WhatsApp messenjeri Rossiyada ishi cheklanganini tasdiqladi
14:00 / 23.12.2025
Rossiyada WhatsApp messenjeri ishi 70–80 foizga sekinlashtirildi
15:11 / 04.12.2025