Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oshkora “reyderlik”: Bosh prokuratura departamenti tadbirkorlarning milliardlab pullarini g‘ayriqonuniy tarzda ushlab turibdi
Bo‘rttirilgan ayblov ortidan juda ko‘p miqdordagi mablag‘lari tergov davrida tortib olingan tadbirkorlar sudda qisman adolatga erishgan. Ammo Bosh prokuratura xuzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining markaziy mahkamasi olib qo‘yilgan pullarini qaytarish bo‘yicha sud hujjatlarini bajarmayapti. Uni undirishi kerak bo‘lgan MIB esa departamentning “tug‘ishgan ukasi”.
Bosh prokuratura departamenti tomonidan sud hujjatlarini ochiqchasiga ijro qilmaslik holatlari ko‘paymoqda. Bu ayniqsa, jinoyat ishi tergovi paytida departamentning depozit hisobraqamiga majburiy tarzda olingan mablag‘larni egalariga qaytarish bilan bog‘liq sud hujjatlari ijrosida ko‘proq ko‘zga tashlanyapti. Tadbirkorlar o‘z pulini departamentdan qaytarib ololmasdan, oylab sarson bo‘lmoqda.
1-holat
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida “The Elite Case”, “The Fall” va “Max Standart” MChJlar ta’sischisi G‘ayrat Karimjonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. U soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishda ayblangan.
Sudning 2025 yil 25 martdagi hukmi bilan G‘ayrat Karimjonov aybdor deb topilgan hamda 75 mln so‘m miqdorida jarima jazosiga tortilgan. Shuningdek, Bosh prokuratura departamenti depozit hisobraqamiga topshirilgan 2 mlrd 667 mln 888 ming so‘m pul mablag‘i yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun Uchtepa tuman davlat soliq inspeksiyasi orqali davlat foydasiga undirilishi belgilangan.
Biroq sud hukmi bilan tergov organi depozit hisobraqamiga topshirilgan 15 793 AQSh dollari va 21 mln 406 ming 101 rubl (21 oktyabr holatiga Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha 3 mlrd 377 mln 192 ming so‘m) pul mablag‘larining taqdiri hal qilinmagan. JIB Uchtepa tuman sudining 2025 yil 24 apreldagi ajrimi bilan ushbu mablag‘larni depozit qo‘yuvchiga, ya’ni G‘ayrat Karimjonovga qaytarish belgilangan.

Ammo Bosh prokuratura departamenti 5 oydirki sud hujjati ijrosini ta’minlamasdan, ushbu pul mablag‘larini tadbirkor G‘ayrat Karimjonovga qaytarmay kelmoqda. Bu orada departament JIB Uchtepa tuman sudiga 2025 yil 12 iyunda yuqoridagi jinoyat ishi bo‘yicha davlatga yetkazilgan zararni undirishdan ortib qolgan pul mablag‘larini “The Elite Case”, “The Fall” va “Max Standart” MChJlarning budjet va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha talablarni qanoatlantirishga yo‘naltirishni so‘rab, murojaat yo‘llagan. JIB Uchtepa tuman sudi 2025 yil 20 iyun kuni ushbu murojaatga rasmiy javob qaytarib, sudda jinoyat ishini muhokama qilish faqat ayblanuvchilarga nisbatan va e’lon qilingan ayblov bo‘yicha olib borilishini, sud hukmida ayblov doirasiga kiritilgan zararni undirishgina belgilanganini ma’lum qilgan. Ya’ni sud Bosh prokuratura departamenti so‘rovini rad etgan.

Shu tariqa Bosh prokuratura departamenti hech bir huquqiy asossiz G‘ayrat Karimjonovning 3,3 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘larini qaytarmasdan kelmoqda. Sud hujjati esa oylab ijro etilmayapti.
2-holat
JIB Chilonzor tuman sudida “Beautifully Future” va “New Address Stroy” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ular ham soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishda ayblangan.
Sudning 2025 yil 14 avgustdagi hukmi bilan “Beautifully Future” MChJ rahbari va “New Address Stroy” MChJ norasmiy rahbari Sherali Jo‘rayevga BHMning 210 baravari, “New Address Stroy” MChJ rahbari Zafar Murodullayevga BHMning 110 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
Sud hukmida ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida “New Address Stroy” MChJ tomonidan Bosh prokuratura departamenti depozit hisobraqamiga o‘tkazilgan 1 mlrd 760 mln 212 ming so‘m pul mablag‘idan davlat daromadiga Yangiyo‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi orqali 416 mln 808 ming so‘m, Qibray tumani davlat soliq inspeksiyasi orqali 141 mln 246 ming so‘m undirish, qolgan 1 mlrd 202 mln so‘m pul mablag‘ini esa “New Address Stroy” MChJga qaytarish belgilangan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 27 avgustdagi ajrimi bilan sud hukmiga aniqlik kiritilgan. Ya’ni 1 mlrd 202 mln so‘m pul mablag‘i “New Address Stroy” MChJga emas, depozitga qo‘ygan fuqaro Bahodir Jalolovga qaytarilishi lozimligi belgilangan.

MIB Chilonzor tuman bo‘limi Bosh prokuratura departamenti depozit hisobraqamidagi 1,2 mlrd so‘m pulni Bahodir Jalolovga qaytarish bo‘yicha ijro hujjati yuritgan. Bo‘lim tomonidan 2025 yil 3 sentabr kuni departamentga pulni qaytarish yuzasidan rasmiy xat jo‘natgan.

Ammo departament ushbu holatda ham pulni egasiga qaytarmasdan, 1,2 mlrd so‘m pulni huquqiy asosi bo‘lmagan holda g‘ayriqonuniy tarzda ushlab turibdi. MIB esa “tug‘ishgan akasi” bo‘lgan departamentdan pulni undirib berolmayapti.
Bu – qonunni buzish
Sud hujjatlari ijrosi majburiy hisoblanadi. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiydir, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Sud hujjatini ijro etmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti esa ochiqchasiga qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘ymoqda.
Kun.uz har ikki holat bo‘yicha departamentga so‘rov yubordi. Biroq uzoq kutishlarga qaramay departament mas’ullari izoh bermadi.
Mavzuga oid
09:45 / 12.12.2025
Ijtimoiy tarmoqlarda MIB nomidan kelayotgan xabarlar feyk ekani aytildi
13:08 / 09.12.2025
Otasini ta’minlashdan bo‘yin tovlagan o‘g‘il 15 sutkaga qamaldi
10:06 / 27.11.2025
Aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali chet elga chiqishi mumkin bo‘ladi
14:24 / 17.11.2025