O‘zbekiston | 17:23 / 28.07.2023
31801
3 daqiqa o‘qiladi

Uchta viloyat YHXB boshliqlari lavozimidan ozod qilindi

48 foiz avariyalarning sababi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hisoblanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ahvolidan xalq mutlaqo noroziligini ta’kidladi.

Masalan, o‘tgan olti oyning o‘zida 4 mingga yaqin avto-avariyalar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortig‘i jarohat olgan.

«E’tibor bering, 48 foiz avariyalarning sababi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hisoblanadi.

Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha «O‘zavtoyo‘l» va hokimliklarning mas’uliyati umuman sezilmayapti. Ular faqat asfalt yotqizish bilan ovora, harakat xavfsizligi esa e’tibordan chetda qolib ketgan», - dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi rahbari Olim Saidovga hayfsan berildi. Shuningdek, Jizzax (2017 yildan buyon Husan Xolqo‘ziyev), Surxondaryo (2020 yildan Ilhom Soipov) va Xorazm viloyatlari YHXB boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.

Yig‘ilishda «Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida» tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.

Endi yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.

Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun:

  • nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerak;
  • qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarur;
  • harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan «yama» va «garmoshkalar»ni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.

Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish loyihasini boshlashga ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid