Jahon | 16:32 / 31.10.2025
11016
4 daqiqa o‘qiladi

Sudanda dahshatli qirg‘in: isyonchilar shifoxonadagi 460 kishini otib tashlagan

Mamlakatda ikki yildan oshiq vaqtdan buyon fuqarolik urushi davom etmoqda. BMTning sobiq komissari buni dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz deb atab, u «ko‘zdan panada sodir bo‘layotgani va deyarli hech kim e’tibor qaratmayotgani»ni ta’kidlagan.

Mohammed Jamal / Reuters / Scanpix / LETA

2025 yil oktyabr oyi oxirida Sudanda hukumat armiyasiga qarshi turgan «Tezkor harakat kuchlari» harbiylashgan guruhi Al-Fashir shahrini egallab oldi. Bu mamlakat g‘arbidagi Shimoliy Darfur mintaqasining ma’muriy markazi bo‘lib, taxminan bir yarim yil davomida qamalda bo‘lgan. Bir necha kun o‘tgach, huquq himoyachilari Al-Fashirning asosiy shifoxonasi hisoblangan Saudiya kasalxonasida (the Saudi Hospital) bir necha yuz kishi o‘ldirilgani haqida xabar berishdi.

«Sudan shifokorlar tarmog‘i» nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari kasalxonada bo‘lganlarning barchasini, jumladan, bemorlar va ularga hamrohlik qilgan odamlarni «sovuqqonlik bilan o‘ldirgan». Bundan tashqari, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari olti nafar tibbiyot xodimini – to‘rt nafar shifokor, farmatsevt va hamshirani o‘g‘irlashda ayblangan. «Sudan shifokorlar tarmog‘i» ularni ozod qilish uchun 150 ming dollardan ortiq tovon puli talab qilinayotganini ma’lum qildi. Tashkilot qurbonlar soni haqida aniq ma’lumotga ega emas – ammo shahar egallangach, o‘z tibbiyot muassasalari «qassobxonalarga aylangani»ni ta’kidladi. Saudiya shifoxonasiga hujum haqida mahalliy faollar guruhi bo‘lgan Al-Fashir qarshilik qo‘mitasi ham xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari qurolsiz kishilarni o‘ldirayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyyesusning aytishicha, Saudiya kasalxonasida 460 dan ortiq bemor va ularga hamrohlik qilgan odamlar o‘ldirilgan. Bundan tashqari, avvalroq JSST Sudandagi tibbiyot muassasalariga 185 ta hujumni qayd etgan, natijada 2023 yil aprel oyida boshlangan fuqarolik urushi davrida 1204 kishi halok bo‘lgan va yana 416 kishi jarohatlangan.

JSST bayonotida aytilishicha, 26 oktyabr kuni shaharda qisman ishlaydigan yagona tibbiyot muassasasi bo‘lgan shifoxonaga bir oy ichida to‘rtinchi marta hujum uyushtirilgan (bunda tashkilot shifoxonaga kim hujum qilganiga aniqlik kiritmagan va «Tezkor harakat kuchlari»ni tilga olmagan). Shu kuni bir hamshira halok bo‘lgan, yana uch nafar tibbiyot xodimi jarohat olgan. Oradan ikki kun o‘tib, 28 oktyabr kuni olti nafar tibbiyot xodimi o‘g‘irlab ketilgan. Shu kuni shifoxona binosida 460 dan ortiq odam otib o‘ldirildi, deya ta’kidlaydi JSST.

Al-Fashir qamali bir yarim yil davom etdi. 2025 yil fevral oyidan boshlab – ocharchilik va ommaviy hujumlar sharoitida – shaharga insonparvarlik yordami yetkazib berish bloklandi, oziq-ovqat va dori-darmonlar zaxiralari deyarli to‘liq tugadi. Shu bilan birga, u yerda 260 mingga yaqin tinch aholi, jumladan, 130 ming bola qolmoqda. Ko‘pchilik uchun Saudiya shifoxonasi so‘nggi boshpanaga aylangandi.

BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha sobiq vakili Yan Egeland Al-Fashirni «Yer yuzidagi eng yomon joy» deb atagan. «Barcha oylar davomidagi qiyinchiliklar, ochlik va tibbiy yordamning yo‘qligiga ommaviy qotilliklar ham qo‘shildi. Bu dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz bo‘lib, deyarli butunlay qorong‘ilikda sodir bo‘lmoqda – unga juda kam e’tibor qaratilmoqda», – deydi u.

Mavzuga oid