O‘zbekiston | 21:40 / 20.01.2022
99798
9 daqiqa o‘qiladi

“Sabriya” mashmashasi: Serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi

“Sevimli” telekanalining egalaridan biri Amira Rashidova serialdagi o‘sha epizodni “axloqsiz” deb ta’riflab bo‘lmasligini aytib, rejissyorni himoya qilib chiqdi. Lekin baribir otasi Firdavs Abduxoliqovning aytgani bo‘ldi: holat bo‘yicha keskin choralar ko‘rildi. Endi esa kun tartibiga boshqa mavzu chiqdi: Abduxoliqov o‘z farzandlari va rafiqasiga tegishli telekanalga davlat buyurtmalari va subsidiyalarini olib berayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Kollaj: Kun.uz

“Sevimli” telekanalidagi “Sabriya” milliy serialida behayo sahnalar efirga uzatilgani va bu tanqidlarga sabab bo‘lgani ortidan telekanal bosh direktori va bosh muharriri ishdan olindi.

Biroq endi masalaning boshqa jihati ayon bo‘lmoqda: “Sevimli” telekanalining egalari – Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning o‘g‘li, qizi va rafiqasi. Bu telekanalning kamida uchta milliy serialida davlat buyurtmachisi – ayni shu agentlik.

Bugun Abduxoliqovning oila a’zolaridan iborat telekanal ta’sischilari uni telekanal Kuzatuv kengashiga rahbar etib tayinladi. Bu esa manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi savollarni uyg‘otadi, chunki milliy seriallar uchun xususiy telekanallarga budjetdan beriladigan milliardlab subsidiyalarning taqsimlovchisi – aynan Kinematografiya agentligidir.

Kun.uz mazkur voqealar xronikasidagi asosiy nuqtalarni sanab o‘tadi.

Saida Mirziyoyevaning tanqidi va Amira Rashidovaning javobi

14 yanvar kuni “Sevimli” telekanalida “Sabriya” serialining 32-qismi namoyish etildi. Undagi sahnalardan birida giyohvand yigit qizni to‘shakda zo‘rlab, u bilan jinsiy aloqa qilishga urinayotgani tasvirlanadi.

Efirga ketgan epizod lavhasi 17 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. 18 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi serial bo‘yicha ekspertiza tayinladi.

19 yanvarga kelib Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham serialni jiddiy tanqid ostiga oldi. U nafaqat behayo sahna, balki serialning butun mazmuni axloqsizlik va ayollarni yomonotliq ko‘rsatishga yo‘g‘rilganini ta’kidladi.

“Badiiy saviya haqida gapirib ham o‘tirmayman, unaqa narsaning o‘zi yo‘q”, degan Mirziyoyeva “hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmagani”ni aytdi. “Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib ko‘rsatilgan”, – dedi u.

Shu kuni “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova tanqidlarga javob berib, serialda “ochiq zo‘ravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar ko‘rsatilmagani”ni aytdi.

“Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz, Xudoga shukr”,dedi Rashidova. U axloqsiz degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli ekanini qo‘shimcha qilgan.

Amira Rashidova rejissyor Nasiba Tursunovani himoya qilarkan, bu serial uning ilk ishi bo‘lgani, telekanal u bilan hamkorlikni davom ettirishi va “ijodkorni sindirishlariga qarshi” ekanini ma’lum qildi.

Abduxoliqovning aralashuvi va Allamjonovning reaksiyasi: “Uyda kelishib olsangiz bo‘lmaydimi?”

Firdavs Abduxoliqov / Foto: "O‘zbekkino"

20 yanvar kuni Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov “Sabriya” seriali atrofidagi muhokamalar bo‘yicha bayonot berdi va serial “haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz” ekanini ta’kidladi.

Abduxoliqov o‘z bayonotida bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni “telekanal ta’sischilari va ijodiy jamoasi albatta inobatga olishi” kerakligini qayd etdi.

Agentlik rahbarining bu bayonotidan keyin jamoatchilik kanalning uch nafar ta’sischisidan ikki nafari uning o‘z farzandlari ekaniga e’tibor qaratdi.

“Shu masalani uyda kelishib olsangiz bo‘lmaydimi?” degan Mass-media fondi raisi, “Milliy” telekanali ta’sischisi Komil Allamjonov manfaatlar to‘qnashuvi masalasini ko‘tardi.

“Sevimli” kanali qizingiz va o‘g‘lingizga ham tegishli, seriallarning davlat mablag‘lari evaziga asosiy buyurtmachisi esa o‘zingiz, kinolar sifatiga ham asosiy mas’ul o‘zingiz bo‘lsangiz”,dedi Allamjonov.

Komil Allamjonov / Foto: Kun.uz

“Sevimli” telekanali muassisi – “Master Media Production and Broadcast” MChJ. Uning 20 foiz ulushi Rashidova Amira Firdavsovna, 10 foizi Abduxoliqov Abdullojon Firdavsovichga tegishli. Kompaniyaning 70 foiziga Sharopova Firuza Sadridinovna egalik qiladi. Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Firuza Sharopova – Firdavs Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i.

Telekanal joylashgan manzil – Toshkent shahri Amir Temur shohko‘chasi 53-uyda “Silk Road Media” MChJ ham joylashgan bo‘lib, bu kompaniyaning 100 foizlik ulushi Firdavs Abduxoliqovga tegishli. “Silk Road Media”ning rahbari Abduvohid Xo‘jayev bugungacha “Sevimli” telekanalining bosh direktori sifatida ham ishlab kelayotgandi.

Yuqoridagi manzilda, shuningdek, “Darakchi Inform Servis” MChJ ham joylashgan va uning ham huquqiy egalari – Amira Rashidova, Abdullojon Abduxoliqov va Firuza Sharopova. Eslatib o‘tamiz, “Darakchi” gazetasining asoschisi Firdavs Abduxoliqov hisoblanadi.

O‘zbekcha Wikipedia'da Firdavs Abduxoliqov “Sevimli” telekanalining egasi deb ko‘rsatilgan. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu – faqatgina de-yure eskirgan ma’lumot. Ta’kidlash kerak, 2022 yildan boshlab O‘zbekistonda davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtoqlari va 18 yoshga to‘lmagan farzandlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda ularning 2022 yilgacha topgan daromadlari taftish qilinmasligi belgilangan.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi

2021 yilda milliy seriallar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga oid prezident farmoni qabul qilingan edi. Farmonga asosan, telekanallarga Kinematografiya agentligi tomonidan har yili kamida 12 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalarni milliy seriallarni suratga olayotgan telekanallar orasidan qaysilariga berishni aniqlash vakolati Kinematografiya agentligiga berilgan. Agentlik serial loyihalarini qator omillar asosida baholab, uni suratga olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab beradi.

20 yanvar kuni agentlik muhokamalarga sabab bo‘lgan “Sabriya” va “Daydi qizning daftari” kabi seriallarning buyurtmachisi emasligini ma’lum qildi. Biroq shunisi aniqki, agentlik tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali kamida uchta serial suratga olgan yoki olmoqda. Bular –“Orzular palatasi”, “Ona zamin” va “Tuzoq” seriallaridir.

Mazkur holatda davlat buyurtmachisi va xususiy ijrochilarning o‘zaro yaqin qarindosh ekani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazishga asos bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, 20 yanvarda Aksilkorrupsiya agentligi e’tibor qaratishi mumkin bo‘lgan yana bir holat ro‘y berdi. Endilikda Firdavs Abduxoliqov o‘zi davlat buyurtmalarini berayotgan “Sevimli”telekanali bilan oila a’zolari orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi bog‘langan shaxsga aylandi.

Gap shundaki, “Sabriya” seriali bo‘yicha mashmashalardan keyin “Sevimli” telekanalining uch nafar ta’sischisi yig‘ilish o‘tkazib, bosh direktor Abduvohid Xo‘jayev va bosh muharrir Qahramon Saydaliyevni lavozimidan bo‘shatdi; shu bilan birga, oilaviy yig‘ilishda qatnashgan Firdavs Abduxoliqovni telekanal Kuzatuv kengashi raisi etib tayinladi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasiga ko‘ra, davlat xaridlarida affillanganlik holatlari aniqlansa, xarid ishtirokchisi jarayondan chetlatilishi lozim.

  • Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Jaloliddin Safoyev “Sevimli” kanali bosh direktori etib tayinlandi. O‘zEOAVMA ham Firdavs Abduxoliqovga begona tashkilot emas, u hozirda assotsiatsiya boshqaruvi raisi hisoblanadi.

Mavzuga oid