O‘zbekiston | 17:34 / 26.01.2022
54633
2 daqiqa o‘qiladi

“Haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi” - Prezident avtomaktablar bo‘yicha topshiriqlar berdi

Shavkat Mirziyoyev bosh prokuror va vazirlarga ko‘rsatma berdi. “Prava”ni sotib olish jinoyatlariga qarshi kurash kuchaytiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi. Muammoni bartaraf qilish uchun avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, tizimdagi korrupsiya uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

«Ichki ishlar vaziri, Transport vaziri viloyat hokimlari bilan birga, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun, harakatlarni boshqarishni to‘liq raqamlashtirishi zarur.

Koronavirusdan emas, avariyalardan ko‘proq odam o‘lyapti. Endi har 15 kunda bu borada xulosa qilib, hisobot kiritasiz!» deya davlat rahbari so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qildi.

«Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi.

Bu muammoni bartaraf qilish uchun, Davletov, Bobojonov, Yo‘ldoshev, avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha, bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritsin», deya qat’iy talab qo‘ydi davlat rahbari. 

Mavzuga oid