Jahon | 23:08 / 09.11.2020
22794
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Rossiyaning Mi-24 vertolyotini urib tushirgani uchun uzr so‘radi

Avvalroq Rossiya qurolli kuchlariga tegishli Mi-24 vertolyoti Armaniston-Ozarboyjon chegarasida ko‘chma zenit-raketa majmuasidan urib tushirilgani xabar qilingandi.

Foto: Armaniston FVV

Armanistonda Rossiyaning Mi-24 jangovar vertolyoti Ozarboyjon tomonidan tasodifan urib tushirildi. Boku Rossiya tomonidan uzr so‘raydi va kompensatsiya to‘lashga tayyor. Bu haqda Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilmoqda.

Qayd etilishicha, vertolyot Armaniston-Ozarboyjon chegarasiga juda yaqin hududda, sutkaning qorong‘i vaqtida, yuqori bo‘lmagan balandlikda, radarlarning aniqlash hududidan tashqarida parvoz qilgan hamda ushbu hududda Rossiya qurolli kuchlarining vertolyotlari ilgari kuzatilmagan.

 "Yuqoridagi omillar hamda mintaqadagi keskin vaziyat va Armaniston tomonidan bo‘ladigan ehtimoliy ig‘vogarliklarga qarshi yuqori darajadagi tayyorgarlik sababli navbatchi qism tomonidan o‘t ochish qarori qabul qilingan", - deyiladi bayonotda.

 Ozarboyjon ushbu hodisa munosabati bilan Rossiya tomonidan uzr so‘ragan.

"Ozarboyjon tomoni halok bo‘lgan ekipaj a'zolarining oilalariga chuqur ta'ziya bildiradi va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayishlarini tilaydi. Ozarboyjon tomoni tegishli kompensatsiya to‘lashga tayyorligini ma'lum qiladi", - deya ta'kidlanadi TIV bayonotida.

 Avvalroq Rossiya qurolli kuchlariga tegishli Mi-24 vertolyoti Armaniston-Ozarboyjon chegarasida ko‘chma zenit-raketa majmuasidan urib tushirilgani xabar qilingandi.

 Vertolyot Armaniston hududiga qulagan. Ikki nafar ekipaj a'zosi halok bo‘lgan, yana bir a'zosi yarador holda evakuatsiya qilingan. Vertolyot Rossiyaning Armanistondagi harbiy bazasi avtokolonnasini bazaga kuzatib borayotgan bo‘lgan.  

 Rossiyaning Armanistondagi 102-harbiy bazasi Gyumri shahrida joylashgan. Kelishuvga ko‘ra, harbiy baza bu yerda 2044 yilgacha qoladi.

Mavzuga oid