Jahon | 20:41 / 10.08.2025
11924
7 daqiqa o‘qiladi

Putin Xerson va Zaporijjyadan voz kechishga tayyor emas

The Washington Post nashri yozishicha, Amerika tomoni Putinning Zaporijjya va Xerson oblastlarida harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini u yerdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishga tayyorlik sifatida qabul qilgan.

Foto: Brendan Smialowski/AFP via Getty Images

Oq uyda Zelenskiyni Alyaskaga taklif qilish masalasi muhokama qilinmoqda. Manbalarga ko‘ra, uning «ba’zi uchrashuvlar»da ishtirok etishi istisno qilinmagan

Oq uy Donald Tramp va Vladimir Putinning 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadigan uchrashuviga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Volodimir Zelenskiy u yerga taklif qilinadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Oq uy Zelenskiyni Alyaskaga taklif qilish imkoniyatini «ko‘rib chiqayotgani» haqida NBC News to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi. Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakiliga ko‘ra, «barcha bu sodir bo‘lishiga qattiq umid qilmoqda».

Reuters ma’muriyat vakiliga tayanib yozishicha, Tramp «uch tomonlama sammit uchun ochiq», biroq hozircha Oq uy Putinning iltimosiga ko‘ra ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Oq uyning yuqori martabali vakili NBC News’ning Zelenskiy Alyaskaga rasmiy taklif olgan-olmagani haqidagi savoliga shunday formulirovkada javob qaytargan.

Biroq CNN’ning ikki manbasiga ko‘ra, Oq uy «Zelenskiyning ba’zi uchrashuvlarda ishtirok etishi mumkinligini istisno qilmayapti». Oq uy vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy ishtirokidagi har qanday tadbir «katta ehtimol bilan Tramp va Putin uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tadi». NBC News manbasi ta’kidlashicha, agar Zelenskiy Alyaskaga boradigan bo‘lsa, u yerda Putin bilan shaxsiy uchrashuvi o‘tkazilishi va «ular bir xonada bo‘lishi» aniq emas.

Yevropa yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatladi va urushni tugatish rejasini taqdim etdi: birinchi navbatda – o‘t ochish to‘xtatilishi kerak

9 avgust kuni London yaqinidagi Chivning Haus rasmiy qarorgohida Yevropa, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokida yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi, unda Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi oldidan tomonlarning umumiy pozitsiyasi muhokama qilindi. Ukraina tomonidan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak va iyul oyida Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi etib tayinlangan sobiq mudofaa vaziri Rustem Umerov bor edi. AQSh nomidan vitse-prezident Jyey Di Vens ishtirok etdi.

Yig‘ilishlar yakunida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Finlandiya yetakchilari Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan birgalikda bayonot berdi, unda «mazmunli muzokaralar faqat o‘t ochishni to‘xtatish yoki harbiy harakatlar intensivligini pasaytirish sharoitida o‘tkazilishi mumkinligi» aytilgan. Yevropa yetakchilari muzokaralarning boshlang‘ich nuqtasi hozirgi to‘qnashuv chizig‘i bo‘lishi kerakligini ta’kidlashmoqda va «Ukrainada tinchlik yo‘lini Ukrainasiz aniqlab bo‘lmasligi»ni aytishmoqda.

The Wall Street Journal gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvlar yakuni Yevropa yetakchilarining yordamchilari Amerika tomoniga taqdim etgan urushni tugatish bo‘yicha qo‘shma reja bo‘ldi. 9 avgust kuni tushdan keyin Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb ham Trampga qo‘ng‘iroq qilib, unga Yevropa tashabbusini taqdim etdi, deb yozadi WSJ. Gazeta manbalariga ko‘ra, Chivning Hausdagi uchrashuvlar «urushni to‘xtatish yo‘lida olg‘a siljishga yordam bergan», Amerika tomoni esa Yevropa rejasiga «ijobiy munosabatda bo‘lgan». «Sezilarli taraqqiyot» haqida Axios ham manbaga tayanib yozmoqda.

Volodimir Zelenskiy Ukraina «Yevropa yetakchilarining qo‘shma bayonotini qadrlashi va to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirdi. Bir kun avval u o‘zining kechki murojaatida Putin Xerson va Zaporijjya oblastlarining bir qismini, shuningdek, Donbass va Qrimni egallab olgani «kechirilishi»ni istashini, biroq Ukraina o‘z hududini yana «bo‘lib olishga urinish»ga yo‘l qo‘ymasligini alohida ta’kidlagandi. «Qotilliklarda pauza emas, real, davomli tinchlik kerak. Qachondir, bir necha oydan keyin emas, darhol o‘t ochishni to‘xtatish kerak», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Rossiya TIV Yevropa yetakchilari bayonotini «navbatdagi natsistcha varaqa» deb atadi. «Bankova (Kiyevdagi Bankova ko‘chasida Ukraina prezidenti qarorgohi joylashgan) va Bryussel byurokratiyasi o‘rtasidagi munosabatlar allaqachon nekrofiliyaga o‘xshaydi va u tomonlarning qizg‘in o‘zaro munosabati bilan ajralib turadi», – dedi Tashqi siyosat idorasining rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Kreml Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismlaridan voz kechishga tayyor emas. AQSh va Yevropadagilar Putinni avvaliga noto‘g‘ri tushungan

Vladimir Putin Xerson va Zaporijjya oblastlarida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni Ukrainaga qaytarishga tayyor emas, deb yozadi The Washington Post Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiya prezidenti bilan uchrashuvi mazmunidan xabardor manbaga tayanib.

6 avgust kuni Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Putin Kiyevdan Donbassdan voz kechishni talab qilib, buning evaziga o‘t ochishni to‘xtatish va front chizig‘ini hozirda egallab turilgan pozitsiyalarda muzlatishga rozi bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, Donald Tramp Volodimir Zelenskiy va Yevropaning qator yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi. Ushbu muloqotning hech bo‘lmaganda ayrim ishtirokchilari «Putin Xerson va Zaporijjya oblastlariga da’volaridan voz kechishga rozi bo‘ldi», degan taassurotda edi, deb yozadi Axios.

The Washington Post suhbatdoshi ham Amerika tomoni dastlab Putinning Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini u yerdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishga tayyorlik sifatida qabul qilgan. Ammo gazeta manbasiga ko‘ra, Kreml bosib olingan hududlardan voz kechishga tayyor emas. Putin hali ham Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini to‘liq nazorat qilishni xohlayotgani haqida bir kun oldin Bild gazetasi ham manbalarga tayanib xabar bergandi.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, keyinroq Uitkoff Ukraina va Yevropa rasmiylari bilan suhbatda Putin faqat Rossiyaning Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi hozirgi pozitsiyalarini muzlatishga rozi bo‘lganini aytgan.

Mavzuga oid