Jahon | 16:04
2239
10 daqiqa o‘qiladi

«Rus ko‘ngillilari korpusi» komandiri Denis Kapustin halok bo‘ldi

U Ukraina tomonida jang qilgan rossiyaliklar bilan chegara orqali Rossiya hududiga bir necha reydlar uyushtirgandi.

Foto: ArmіyaInform

27 dekabr tongida «Rus ko‘ngillilari korpusi» (RKK) – RF fuqarolaridan tuzilgan va Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgan bo‘linma o‘z komandiri, Nikitin va White Rex laqablari bilan mashhur bo‘lgan Denis Kapustin halok bo‘lganini xabar qildi. O‘tmishda futbol fanati va ultrao‘ng aktivist bo‘lgan Kapustin katta urushning uch yarim yili davomida RFning chegara hududlariga diversiyalar uyushtirib, shov-shuv ko‘targandi. RKK bayonotiga ko‘ra, u «jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida» rossiyaliklar droni zarbasidan halok bo‘lgan. «Meduza» Kapustinning tarixini esladi.

Denis Kapustin 1984 yilda Moskvada tug‘ilgan. 2001 yilda uning oilasi Kyolnga ko‘chib o‘tgan. Der Spiegel ma’lumotiga ko‘ra, oila Germaniyaga yahudiy qochqinlari sifatida kelgan. Bir necha oy o‘tib RKKning bo‘lg‘usi rahbari doimiy yashash ruxsatnomasini qo‘lga kiritgan.

«Agenstvo» nashri qayd etishicha, Germaniyada Kapustin qoidasiz janglar va futbolga qiziqib qolgan. O‘zining aytishicha, u «ko‘cha bezorisi, odamlarni kaltaklovchi skinhed» edi. Vaqti kelib Kapustin Rossiyaga qaytadi va TsSKA klubi fanatlik harakati a’zosiga aylanadi.

Vatanida u aralash yakkakurash janglar (MMA) bo‘yicha turnirlar tashkillashtirgan, ularda mahalliy ultrao‘ng harakatlar vakillari qatnashgan. Kapustin bunday turnirlarni Yevropada ham uyushtirgan. Ulardan ayrimlarida Germaniya Milliy-demokratik partiyasi hamda Italiyadagi CasaPound neofashistik kuchlar a’zolari ishtirok etgan. Ultrao‘ng harakatlarni o‘rganuvchi Robert Klausning fikricha, Kapustin «Yevropadagi o‘ng ekstremistlar orasidagi muhim figura» hamda «qit’adagi eng xavfli neonatsistlardan biri» bo‘lgan.

White Rex brendi ostida Rimda o‘tkazilgan MMA turniri. Musobaqa Casa Pound neofashistik harakati qarorgohi joylashgan kompleksda bo‘lib o‘tgan. 2013 yil
White Rex /​ Telegram

2008 yilda u White Rex kiyim-kechak brendini yaratadi, uning assortimentida natsistlarga xos ramzlar (masalan, neonatsistlarning «Qora quyosh» ramzi yoki 14/88 raqamlari) aks etgan futbolkalar bor edi. «Zaborona» nashri ma’lumotiga ko‘ra, brend asoschisining o‘zi «oq irq ustunligi» haqidagi g‘oyani yoqlagan, rangi oq bo‘lmagan odamlarni «arablar va turli maymunlar» deb atagan. 2016 yilda Kapustin futbol bo‘yicha Yevropa chempionati doirasida Marselda Angliya va Rossiya jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yinda ikki jamoa muxlislari o‘rtasida kelib chiqqan ommaviy mushtlashuv tashkilotchilaridan biri bo‘lgandi.

Denis Kapustin White Rex brendining reklama s’yomkasida
White Rex /​ Telegram

2017 yilda u Ukrainaga kelib, bu yerda ham MMA bo‘yicha turnirlar tashkillashtiradi. U «Azov» polki vakillari bilan yaxshi munosabat o‘rnatgan – masalan, polkning xalqaro bo‘limi kotibi Yelena Semenyakning aytishicha, Kapustin boshqa mamlakatlardagi ultrao‘ng guruhlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda unga yordam bergan, ayrim holatlarda esa xalqaro konferensiyalarda «Azov» manfaatlarini ifoda etgan. 2019 yilda unga 10 yilgacha Yevropa Ittifoqi hududiga kirish taqiqlanadi. Der Spiegel nashri yozishicha, ukrain politsiyachilari Kapustinni giyohvand moddalar savdosida gumonlab, qo‘lga olgan, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan – Ukrainadagi «Zaborona» nashri xabar qilishicha, bu ma’lumot maxfiylashtirilgan.

RF qurolli kuchlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganida Kapustin Kiyevda edi. 2022 yildayoq u «etnik ruslar»dan «Rus ko‘ngillilari korpusi»ni tuzadi – bu bo‘linma Ukraina tomonida turib jang qilishi kerak edi. RKK safidagi a’zolarning aniq soni ma’lum emas. Kapustin o‘z intervyusida bo‘linmadagi «ruslar rossiyaliklar»ga qarshi jang qilishini aytgan. «[Ukraina]dagi barcha o‘z milliy batalyonlarini tuzishga kirishdi. Belaruslar – o‘zinikini, gruzinlar – o‘zinikini, ichkeriyaliklar – o‘zinikini. Xorijiy legion kanadaliklar, britanlar va amerikaliklarni birlashtirdi. Biz uchun yo‘q edi», – deya izohlagan u korpus tuzilishida maqsadni.

Denis Kapustin, 2022 yil
White Rex /​ Telegram

Kapustinning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil avgustidagi holatga ko‘ra, RKK Ukraina qurolli kuchlari bilan «hamkorlikda» harakat qilgan, ammo Ukraina armiyasi tarkibidagi bo‘linma sifatida e’tirof etilmagan. Rossiyalik shunday deydi: «O‘zim haqimda bildirish va rasman jang qilish imkoniyatini so‘rash uchun Ukraina prezidentining huzuriga kirishga to‘g‘ri keldi. Prezident ruxsat berdi va bir kun ichida ishlar yurishib ketdi». O‘sha yil oktyabrida RKK o‘z manifestini e’lon qiladi, unda tashkilot «Ukraina qurolli kuchlari tarkibida» ekanini ma’lum qilgan. Kapustin esa rossiyaliklarning Ukraina armiyasiga aloqador bo‘lgan boshqa bir bo‘linmasi, «Rossiya ozodlik legioni» bilan hamkorlik qilmasligini qayd etgan, u buni «mafkuraviy asoslar turlichaligi» bilan izohlagan.

Denis Kapustin Kiyevdagi matbuot anjumanida, 2024 yil 21 mart
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

2023 yil martida RKK o‘zining birinchi shov-shuvli amaliyotini o‘tkazadi: korpus jangchilari Bryansk oblastining Lyubechane va Sushani qishloqlariga bostirib kiradi va bir muncha vaqt davomida ushbu aholi punktlaridagi ma’muriy binolarni o‘z nazorati ostida ushlab turadi. Rossiya rasmiylari otishmalar natijasida tinch aholi vakillaridan ikki nafari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Keyingi oylarda bunday reydlar RKK va «Rossiya ozodlik legioni»ning «tashrif qog‘ozi»ga aylanadi. Ukraina armiyasiga aloqador «rus» bo‘linmalari kamida bir necha marta Belgorod oblasti hududiga bostirib kiradi. Kapustin RF qurolli kuchlarining asirga olingan harbiy xizmatchilarini topshirish uchun region gubernatori Vyacheslav Gladkov bilan uchrashuv tashkil etishga uringan, biroq baribir yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazilmagan.

RF maxsus xizmatlari Kapustinni 2014 yilda Rossiyaning Donbassdagi proksi-agressiyasi homiysi Konstantin Malofeyevni o‘ldirishga urinishda ayblagan. 2023 yil mart oyi oxirida Kapustin Rossiya ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan va sirtdan hibsga olingan, noyabr oyida esa sirtdan maxsus rejimli koloniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Yana bir oy o‘tgach, RKK Rossiyada terrorchi tashkilot deb tan olindi.

Denis Kapustin 2025 yil iyunida
Foto: Rus ko‘ngillilari korpusi

2023 yil iyun oyi oxirida Kapustin «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin uyushtirgan isyonni qo‘llab-quvvatlaydi, u keyinroq aviahalokat qurboniga aylanganida, xususiy harbiy kompaniya jangchilarini Ukraina tomonga o‘tishga chorlaydi.

2024-2025 yillarda RKK va korpus komandiri OAVda deyarli ko‘rinish bermadi. 2024 yil sentabr oyida bo‘linma Ukraina bosh razvedka boshqarmasi tomonidan Xarkiv oblastining Vovchansk shahridagi agregat zavodini Rossiya qurolli kuchlari harbiylaridan ozod qilish operatsiyasi ishtirokchisi sifatida tilga olingan. O‘sha yilning noyabr oyida Rossiya Federatsiyasida Kapustin yana bir bor sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

2025 yilda RKK o‘z faoliyatining siyosiy yo‘nalishini faollashtirdi. Xususan, 1 mart kuni korpus jangchilari Berlinda Rossiya muxolifatining urushga qarshi mitingida qatnashgan – aksiya oldidan Kapustin Rossiya trikolori ostida ko‘chaga chiqqan namoyishchilarga zo‘ravonlik bilan tahdid qilgan. Yaqinda, 19 dekabr kuni RKK Yevropa Kengashi parlament assambleyasi qoshidagi Rossiya platformasiga qo‘shilish istagini e’lon qilgandi.

Korpusning telegram-kanalidan Kapustin so‘nggi vaqtlarda ommaviy tadbirlarda qatnashmagani (oxirgi marta bu oktyabr oyida Vovchansk agregat zavodini ozod qilish operatsiyasi haqidagi film taqdimotida sodir bo‘lgan), bo‘linma esa frontning eng qaynoq uchastkalarida - xususan, Kupyansk va Pokrovsk hududlarida jangovar harakatlarga e’tibor qaratganini bilish mumkin. Shu bilan birga, RKK komandiri o‘limidan oldingi so‘nggi kunlarda Z-faollar o‘rtasidagi mojarolarga va «Espanyol» brigadasining sobiq komandiri Stanislav Orlovning o‘ldirilishiga alohida e’tibor qaratilgan shaxsiy telegram-kanalida postlar yozib kelgan.

Mavzuga oid