O‘zbekiston | 14:56 / 04.02.2021
6534
2 daqiqa o‘qiladi

«Istiqlol» majmuasi quriladigan joydagi barcha daraxtlar muhofazaga olinadi - poytaxt hokimligi

Toshkent shahar hokimligi sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab barpo etiladigan va shahar markazidagi bog‘ o‘rnida joylashadigan “Istiqlol” majmuasi bo‘yicha e'lon qilingan tanlov qizg‘in bahs-munozaralar keltirib chiqadi.

Poytaxt hokimligi bayonotida aytilishicha, maydondagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni saqlab qolgan hamda hozirgi xiyobon faoliyatiga ta'sir qilmagan holda mamlakat tarixi, mustaqillik yillaridagi yutuqlar, milliy o‘ziga xoslikni namoyon etuvchi majmuani barpo etish e'lon qilingan tanlov shartlarida alohida ko‘rsatib o‘tilgan. 

“Bugundan e'tiboran Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi”, - deyiladi hokimlik bayonotida.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan majmua loyihasining fotosurati qurilish uchun asos emas. Tanlov e'lon qilinishining sababi - keng jamoatchilik uchun loyihalarni ochiqlik asosida muhokama qilishga sharoit yaratib berishdan iborat.

Tanlov hay'ati tomonidan ijodkorlarning loyihalaridagi birinchi navbatda maydondagi barcha daraxtlarni saqlagan, insonlar uchun obod muhit va qulay sharoit yaratishga qaratilgan takliflari qabul qilinadi, deyiladi hokimlik ma'lumotida.

Avvalroq, Toshkent shahri hokimligi mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab quriladigan “Istiqlol” majmuasi loyihasi uchun tanlov e'lon qilgandi.

Yangi majmua Toshkent markazidagi xiyobon o‘rnida quriladi: Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko‘chalari oralig‘ida, Markaziy univermag (TsUM) qarshisidagi hudud tanlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni 2021 yilga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. "O‘zbekiston 24" efirida ketgan kadrlarda Markaziy univermag (TsUM) ro‘parasiga qurish taklif etilayotgan majmua loyihasini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid