O‘zbekiston | 20:59 / 17.12.2020
18005
8 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar sud qarori ustidan kassatsiya shikoyatini keltirish huquqini cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Bundan maqsad nima?

Qonunchilik palatasi qabul qilgan va ma'qullash uchun Senatga jo‘natilgan bir qator qonunlardan shuni anglash mumkinki, endilikda shaxsning sud qarori ustidan kassatsiya shikoyati keltirish huquqi cheklanishi ehtimoli bor.

Foto: Kun.uz

Buning qo‘rqinchli oqibati shundaki, birinchi instansiya sudining qarori qabul qilinganidan so‘ng, ushbu qaror ustidan belgilangan muddat ichida apellyatsiya shikoyati berilmasa, ushbu sud qarori ustidan keyinchalik umuman shikoyat berib bo‘lmaydi.

«Islohot» mohiyatini yaxshilab tushunib olish uchun so‘zimizni dastlab sud qarori ustidan shikoyat qilishning amaldagi tartibi qanday ekani bilan boshlasak.

Fuqarolik protsessual kodeksning 403-moddasiga ko‘ra, sudning qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan, u qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran 6 oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi va prokuror protest keltirishi mumkin.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksning 498-moddasida, Iqtisodiy protsessual kodeksning 282-moddasida, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 224-moddasida ham shaxslarning kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi mustahkamlangan bo‘lib, ularning barchasida kassatsiya tartibidagi shikoyat apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan sud qarorlari ustidan keltirilishi mumkinligi belgilangan.

Masalan, suddagi bir taraf o‘zi qatnashgan ish bo‘yicha chiqqan sud qaroridan qaror qonuniy kuchga kirganidan keyin qaysidir holatga ko‘ra norozi bo‘lib qoldi. Ushbu holatda shaxs apellyatsiya shikoyati berish muddatini o‘tkazib yuborgan bo‘ladi, ammo unda yuqorida aytilgan protsessual kodekslarda belgilangan huquqidan foydalangan holda kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi mavjud bo‘ladi.

Ammo fuqarolarning bu huquqi o‘tmishga aylanish arafasida turibdi. Basharti Qonunchilik palatasi deputatlari qabul qilgan qonunlar Senatda ham shundayligicha ma'qullansa va ularni prezident imzolasa.

18 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Senatning o‘ninchi yalpi majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan bir qator qonunlar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Ular orasida mavzuga aloqador bo‘lgan 6ta qonun bilan tegishli ravishda quyidagi hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:

  • Konstitutsiya;
  • Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks;
  • Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks;
  • Jinoyat-protsessual kodeksi;
  • Iqtisodiy protsessual kodeks;
  • Fuqarolik protsessual kodeksi.

Aytish joizki, ushbu qonunlar haqida Qonunchilik palatasidagi muhokamalar jarayonida jamoatchilikka ayrim ma'lumotlar berildi. Biroq, shu bilan birga qonunlarning ba'zi jihatlari, xususan, ushbu maqolada so‘z yuritilayotgan masala noma'lumligicha qoldi.

Jamoatchilikdagi haqli e'tirozlardan so‘ng, o‘zini saylagan xalq oldida mas'uliyat his qilgan deputat Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaga qanday o‘zgartishlar kiritilayotgani haqida qisqa ma'lumot berdi.

Yuqoridagi qonunlar nomlarida «sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan» degan bashang jumlalar qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, mohiyatan ushbu loyihalar sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini ta'bir joiz bo‘lsa «botqoqqa botirishi» mumkin.

Keling, aniq misollar bilan ko‘rib chiqsak.

«Sud hujjatlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Iqtisodiy protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida mazkur Kodeksning:

  • 282-moddasiga birinchi instansiya tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarori ustidan qaror apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, qonuniy kuchga kirganidan so‘ng kassatsiya shikoyati (protesti) berish mumkinligi;
  • 285-moddasiga kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan e'tiboran bir yil ichida berilishi mumkinligi haqidagi qoidalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi ushbu ko‘rinishda qabul qilinishi oqibatini tasavvur qilib ko‘ramiz. Aytaylik, tadbirkor iqtisodiy sudda sudlashmoqchi. Da'vo ariza sudda ko‘rilishi uchun davlat boji to‘ladi. Sud ataylab yo beixtiyor ishni bir yoqlama ko‘rib chiqib, tadbirkor zarariga qaror chiqardi. Tadbirkor uzrsiz sabablar bilan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritish muddatini o‘tkazib yubordi.

Amaldagi qonunchilik bo‘yicha esa tadbirkor apellyatsiya shikoyati berishga kechikkan bo‘lsa, unda kassatsiya shikoyati berish huquqi ham bor (6 oy ichida). Bu muddat oralig‘ida tadbirkor ishda yutib chiqish uchun dalillar to‘plash imkoniga ham ega bo‘lishi mumkin.

Basharti, qonun loyihasi tasdiqlangudek bo‘lsa, misolda aytilgan tadbirkor birinchi instansiya sudining qarori ustidan belgilangan muddat (30 kun) ichida apellyatsiya shikoyati bermasa, u keyinchalik umuman shikoyat bera olmaydi.

Bundan tashqari, amaliyotda jinoyat sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli chiqarilgan noto‘g‘ri hukmlar bir necha yil o‘tib berilgan shikoyat yoki protestlar asosida aniqlangani va adolat qaror topib, nohaq hukm qilingan shaxslar oqlanganiga ham ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlar bilan sud hukmi ustidan shikoyat (protest) berish muddati 1 yildan 20 kunga qisqartirilishi mumkin. Bu – sud tomonidan nohaqlikka uchragan va kelgusida uchrashi mumkin bo‘lgan shaxslarning huquqiga xiyonat bo‘ladi, deb aytsak xato bo‘lmaydi.

Yuqoridagilarga o‘xshash misollarni fuqarolik va ma'muriy ishlar bo‘yicha ham yetarlicha keltirish mumkin.

2020 yil 24 iyuldagi prezident farmonida, apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay'atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish haqidagi ko‘rsatma mavjud edi.

Ammo, bu farmon butun boshli nazorat instansiyasini institut sifatida tugatish evaziga fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqlariga daxl qiladigan mexanizmni joriy etishni nazarda tutmagan edi, nazarimizda.

Sud qarorlaridan shikoyat qilish institutining bu tarzda keskin o‘zgarishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga ham zid.

Deklaratsiyada shaxsning qonun bilan berilgan huquqlari buzilgan taqdirda, o‘z huquqini sudlar orqali samarali ta'minlash huquqiga egaligi belgilangan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: o‘zi bu qonun loyihasini ishlab chiqishda aynan qaysi xorijiy davlatlar tajribasiga tayanilgan? Yoki islohot qilishdan maqsad – sud qarorlari ustidan bo‘ladigan shikoyatlarni «chopish» orqali sudlarning ish hajmini kamaytirish xolosmi?

Aytish lozimki, shaxsni ikkinchi instansiyadagi tanlov imkoniyati (apellyatsiya yoki kassatsiya tanlovi)dan mahrum qilib, ish kassatsiya tartibida ko‘rilishi uchun avval apellyatsiya «darvozasidan» o‘tilishining majburiy etib belgilanishi shaxslarning Konstitutsiya va umume'tirof etilgan xalqaro normalardagi odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini cheklab, davlatimizning xalqaro maydondagi imijini keskin tushirib yuboradi.

Qolaversa, odil sudlovga bo‘lgan huquqlari cheklangan xalqning davlatga, sudga bo‘lgan ishonchi pasayib, adolatni boshqa joydan izlashiga sabab bo‘ladi.

So‘zimiz yakunida Senat a'zolaridan 18 dekabr kuni bo‘ladigan yalpi majlisda qonunlarni tanqidiy ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolamiz. Zero, odil sudlov huquqiga oid har bir yangi norma xalq manfaatlarini to‘la ifoda etishi zarur.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Mavzuga oid