Jahon | 20:21 / 20.06.2023
30850
12 daqiqa o‘qiladi

«Bu juda og‘ir jang». Ukrainlarning qarshi hujumi haqida nimalar deyishmoqda?

Ukraina armiyasining qarshi hujumi boshlanganidan ikki hafta o‘tib erishilgan yutuqlar kamtargina, ammo 1000 kilometrga cho‘ziluvchi butun front chizig‘i bo‘ylab uch yo‘nalishda harbiy harakatlar davom ettirilmoqda.

Foto: Reuters

Oldindagi bo‘linmalar razvedka janglari o‘tkazmoqda, ukrain kuchlarining katta qismi esa Rossiya mudofaasida yetarlicha kattalikdagi teshik hosil bo‘lishini kutgancha zaxirada turibdi - shu joydan asosiy hujumni boshlash va mamlakat janubidagi hududlarni qaytarib olish uchun.

Janglar juda og‘ir kechmoqda va ikki tomon ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Ikki armiya ham muntazam ravishda yutuqlar haqida hisobot bermoqda. Ukrainaning Donetsk oblasti janubidagi ilgarilashi sekinlab qolgan, ammo yurish davom etmoqda.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ukrain armiyasi uch yo‘nalishda taxminan bir kilometrdan ilgarilagani haqida hisobot bergan: Baxmut atrofi va janubiy frontdagi ikki yo‘nalishda.

Bu olg‘a siljishlar qaysi vaqtda ro‘y berganiga Malyar aniqlik kiritmagan, uning 19 iyun tongidagi xabariga ko‘ra, qarshi hujum boshlanganidan buyon quyidagi sakkizta aholi yashash manzili ozod etilgan: Zaporijjya oblastining Novodarivka, Levadne, Lobkove va Pyatixatki, Donetsk oblastining Storojyeve, Makarivka, Blahodatne va Neskuchne qishloqlari.

Malyarning so‘zlariga ko‘ra, ukrain qismlari Baxmutdan shimolda va u Berdyansk va Mariupol yo‘nalishlari deb atagan uchastkalarda yurish qilmoqda - bular janubiy frontdagi, Orixiv va Velika Novosilkadan janubdagi hududlar.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, brigada qo‘mondoni Oleksiy o‘tgan haftada jurnalistlar qarshisidagi chiqishida so‘nggi haftada ukrain qo‘shini ozod etgan umumiy maydon hajmi 100 kvadrat kilometrdan ortiqni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida frontdagi vaziyat murakkabligi, ammo «pozitiv xarakterga ega» ekanini aytgan, ammo tafsilotlarga to‘xtalmagandi.

«Bizning odamlarimiz, hozirda dushmanning birinchi liniyasiga kirgan harbiylar - qahramonlardir. Ular jiddiy qarshilikka duch kelishmoqda. Va bu negaligi tushunarli. Chunki Rossiya Ukrainaning bu qarshi hujumida mudofaa amaliyotida yutqazishini men butun urushni yutqazishi deb hisoblayman», degan Zelenskiy.

Bu vaqtda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ukrainlarning qarshi hujumi hali ko‘p jihatdan boshlanmagani, qo‘shinlar esa faqat rossiyaliklar mudofaasidagi zaif nuqtalarni aniqlash bilan mashg‘ulligi haqida aytdi.

«Rossiyadagilar biz allaqachon yutib bo‘ldik, qarshi hujumni qaytardik deyayotgan qarshi hujumni biz hali boshlaganimiz yo‘q», degan Podolyak ukrain telemarafoni efirida.

Podolyakning aytishicha, hozirda ukrain qo‘shinlarining maqsadi - raqibning imkon qadar ko‘proq texnikalari va safarbar etilgan askarlarini yo‘q qilish va mudofaa liniyasidagi nisbatan zaif nuqtalarni aniqlab, asta-sekin oldinga yurishdir.

Ko‘plab kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Kiyevning yil boshida bo‘lajak qarshi hujum samaradorligini ta’minlash uchun Ukraina qurolli kuchlariga zarur bo‘lgan qurollarni (jumladan, g‘arb qiruvchi samolyotlari, uzoq masofaga zarba beruvchi o‘q-dorilar, yetarli miqdorda artilleriya va jangovar tanklar) yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlarining ko‘p qismi bajarilmadi, shuning uchun qo‘shinlar Rossiya mudofaa liniyalarini asta-sekin «g‘ajib borish» taktikasini qo‘llashga majbur bo‘lmoqda va bu jarayon bir necha oy davom etishi mumkin.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Podolyakning so‘zlariga izoh berib, u «katta ehtimol bilan o‘zlarining safarbar qilingan askarlari haqida gapirayotgani»ni aytib, qoidaga ko‘ra, hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari mudofaalanayotgan tomon yo‘qotishlaridan bir necha barobar ko‘p bo‘lishiga e’tibor qaratdi.

Hozirgi yurish vaqtida ikki tomonning yo‘qotishlari ko‘lamini mustaqil ravishda baholash imkonsiz.

AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli ham Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi borishiga bahosini bergan.

Amerikaning eng yuqori martabali generali bo‘lgan Millining so‘zlariga ko‘ra, ukrain qo‘shini asta-sekin yutuqlarga erishmoqda, ammo yurish uchun to‘lov katta ehtimol bilan juda yuqori, jang esa - haddan tashqari og‘ir bo‘ladi.

«Ukraina yurishni boshladi va ular asta-sekinlik bilan olg‘a siljishmoqda. Bu juda og‘ir jang. U juda beshafqat va ancha vaqt talab etadi, to‘lov esa yuqori bo‘ladi», degan harbiy mulozim.

General Millining baholariga ko‘ra, Ukraina armiyasi yaxshi yetakchilik fazilatlari va yuksak ruhi bilan ajralib turadi, rossiyalik harbiylar haqida esa bunday so‘zlarni aytib bo‘lmaydi.

«Ularning yetakchilari hamisha ham kelishib harakatlanmaydi, ularning qo‘shinida ruhiyat yuqori emas va ular chuqur mudofaada o‘tirishadi. Ulardan ko‘pchiligi nima uchun bu joyga kelib qolganini ham tushunmaydi», degan amerikalik general Rossiya armiyasi haqida.

«Hal qiluvchi bosqich hali oldinda»

Yuqori intensivlikdagi harbiy harakatlar ulkan miqdordagi o‘q-dorilar sarfini talab etadi va amaliyot muvaffaqiyati ularning o‘z vaqtida to‘ldirilishiga bog‘liq.

Britaniyaning Mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha birlashgan qirollik instituti (RUSI) harbiy eksperti Jyek Uotling o‘z tahlilida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi borishiga bahosini bergan va bu yurish kelgusida qanday rivojlanishi mumkinligini taxmin qilishga uringan.

Tahlilchining hisoblashicha, ukrain harbiylari allaqachon frontning keng uchastkasida RF armiyasining dastlabki pozitsiyalarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan, biroq hozircha ular asosiy mudofaa chizig‘idan uzoqda. «Kiyev hozircha o‘z kuchlarining asosiy qismini ishga solmayapti va uning ilg‘or bo‘linmalari yorib o‘tish uchun sharoit hozirlashga harakat qilmoqda», deya yozgan Uotling.

U ukrain kuchlari operatsiyaning birinchi bosqichida katta qiyinchilikka duch kelganini qayd etgan. Ekspertning baholariga ko‘ra, birinchi mudofaa liniyasi faqat qo‘lda qazilgan xandaq va blindajlardan tashkil topgan, ammo ularning ortida minalangan keng maydon mavjud bo‘lib, bu hudud muntazam ravishda rossiyaliklarning dronlari va artilleriyasi nishonida turadi.

Ukrainlarning hozirgi pozitsiyalaridan 15-20 kilometr masofada joylashgan RF qurolli kuchlari asosiy mudofaa chizig‘i professionallik bilan qazilgan transheyalar, betonlangan o‘t ochish nuqtalari, tankka qarshi to‘siqlar va minalardan tarkib topgan, deya yozadi Uotling. Bu yerda artilleriya zarbalarini muvofiqlashtirish uchun aloqa tarmog‘i ham mavjud. Ikkinchi mudofaa liniyasi ortida yana bir uchinchi, zaxira pozitsiyasi jihozlangan, deya xulosa qiladi ekspert.

Siyohrang strelkalarda ukrainlarning qarshi hujum yo‘nalishlari ko‘rsatilgan

Uotlingning taxmin qilishicha, harbiy harakatlar tez orada Ukraina qurolli kuchlari uchun yanada qiyinlashadi, chunki ular rossiyaliklar mudofaasiga chuqur kirib borgani sari Rossiya artilleriyasi ularga aniqroq zarba bera boshlaydi. Shu bilan birga, ukrainlarning artilleriya qurilmalari yetarli darajada samarali ishlay olmaydi, Ukraina qurolli kuchlarining harakatlarini esa oldindan ko‘rib turish mumkin bo‘ladi, chunki ular faqat minalardan tozalangan uchastkalar bo‘ylab harakatlanishiga to‘g‘ri keladi. Ukrain qo‘shinlariga qarshi Rossiya aviatsiyasini qo‘llash xavfi ham oshib boradi.

Uotlingning fikricha, hozirda Ukraina qurolli kuchlari quyidagi uchta asosiy maqsadga erishishga harakat qilmoqda:

  • Birinchidan, ular rossiyalik harbiylar bilan intensiv qarama-qarshi batareya janglari olib borishmoqda, ikki tomon ham o‘z raqibining qo‘mondonlik va logistik markazlari, shuningdek artilleriya qurollarini nishonga olishga urinmoqda.
  • Ikkinchidan, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasini zaxiralarni ishga solishga majbur qilishni istaydi, ya’ni front sektorini mustahkamlash uchun uchinchi mudofaa liniyasida joylashtirilgan qo‘shinlarni oldinga chiqarishini va ularga zarba berishni. Shu tariqa ukrain harbiylari RF armiyasi mudofaasidagi zaif joylarni belgilab olishi osonlashadi, ya’ni yorib o‘tgan otryadlar zaxiradagi yangi bo‘linmalar tomonidan qarshi olinmaydigan hududlarni.
  • Uchinchidan, ukrain armiyasi birinchi mudofaa liniyasidan iloji boricha ko‘proq masofaga ichkari siljish uchun butun front bo‘ylab hujum qilmoqchi. Bu asosiy mudofaa chizig‘iga hujum qilish uchun ko‘proq variantlar taqdim etadi va rossiyalik harbiylar uchun asosiy zarba qayerdan kelishi noaniqligicha qoladi. Bundan tashqari, bunday keng front bo‘ylab harakatlanish Rossiya qo‘mondonligini qo‘shinlarni maksimal darajada tarqoq joylashtirishga majbur qiladi va eshelonlangan mudofaa tashkil etish imkoniyatlarini cheklaydi.

Ukraina yurishining kelajagi haqida yozarkan, Uotling Ukraina qurolli kuchlari qaysidir pallada asosiy zarba yo‘nalishi bo‘yicha bir qarorga kelishi kerakligini aytadi. Amaliyotning hal qiluvchi bosqichi aynan o‘shanda boshlanadi.

«Bu tuzilmalar harakatga keltirilganda yurish yoki muvaffaqiyatga olib keladi yoki halokatga. Mudofaa liniyasi yoki yorib o‘tiladi yoki yo‘q. Va Kiyev jang maydonini shunday tayyorlashi kerakki, yorib o‘tish ehtimoli ko‘proq bo‘lsin», deya hisoblaydi RUSI eksperti.

Agar shunday muvaffaqiyatga erishilsa, asosiy masala Ukraina o‘z yutug‘ini rivojlantirish uchun qancha zaxira tuzilmalarini yubora olishida bo‘ladi, deya davom etadi Uotling. Va bu pallada harakatlar tezligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini qo‘shimcha qiladi.

«Bunday shart-sharoitlar yaratish uchun ukrain kuchlari tomonidan jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirish talab etiladi, bu esa rossiyaliklarni harakatlanishga majbur qiladi. Ammo agar ular muvaffaqiyat qozonsa, mudofaa mustahkamligi tezda darz ketishi mumkin. Ukraina ham xuddi shunday vaziyatni yuzaga keltirishga harakat qilishi mumkin, ammo bunga ishonib qolish kerak emas», deb hisoblaydi Uotling.

Uning prognozlariga ko‘ra, yoz Ukrainaning g‘arbdagi hamkorlari uchun o‘ta og‘ir keladi, chunki ukrainlarning yo‘qotishlari o‘sishda davom etadi, yutuqqa erishish uchun esa vaqt kerak bo‘ladi. Ammo, ekspertning fikricha, g‘arb davlatlari kelgusida ham ukrain harbiylarini tayyorlashda va Ukraina qurolli kuchlarini zarur texnikalar va o‘q-dorilar bilan ta’minlashda davom etishi kerak.

«Ushbu hujum davomida qancha hudud ozod etilishidan qat’i nazar, Kremlga uning mag‘lubiyati muqarrar ekanini ishonchli tarzda ko‘rsatish juda muhim - bu hatto bir necha bosqichda amalga oshirilsa ham», deya xulosa qiladi ekspert.

Mavzuga oid