Oldindagi bo‘linmalar razvedka janglari o‘tkazmoqda, ukrain kuchlarining katta qismi esa Rossiya mudofaasida yetarlicha kattalikdagi teshik hosil bo‘lishini kutgancha zaxirada turibdi - shu joydan asosiy hujumni boshlash va mamlakat janubidagi hududlarni qaytarib olish uchun.

Janglar juda og‘ir kechmoqda va ikki tomon ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Ikki armiya ham muntazam ravishda yutuqlar haqida hisobot bermoqda. Ukrainaning Donetsk oblasti janubidagi ilgarilashi sekinlab qolgan, ammo yurish davom etmoqda.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ukrain armiyasi uch yo‘nalishda taxminan bir kilometrdan ilgarilagani haqida hisobot bergan: Baxmut atrofi va janubiy frontdagi ikki yo‘nalishda.

Bu olg‘a siljishlar qaysi vaqtda ro‘y berganiga Malyar aniqlik kiritmagan, uning 19 iyun tongidagi xabariga ko‘ra, qarshi hujum boshlanganidan buyon quyidagi sakkizta aholi yashash manzili ozod etilgan: Zaporijjya oblastining Novodarivka, Levadne, Lobkove va Pyatixatki, Donetsk oblastining Storojyeve, Makarivka, Blahodatne va Neskuchne qishloqlari.

Malyarning so‘zlariga ko‘ra, ukrain qismlari Baxmutdan shimolda va u Berdyansk va Mariupol yo‘nalishlari deb atagan uchastkalarda yurish qilmoqda - bular janubiy frontdagi, Orixiv va Velika Novosilkadan janubdagi hududlar.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, brigada qo‘mondoni Oleksiy o‘tgan haftada jurnalistlar qarshisidagi chiqishida so‘nggi haftada ukrain qo‘shini ozod etgan umumiy maydon hajmi 100 kvadrat kilometrdan ortiqni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida frontdagi vaziyat murakkabligi, ammo «pozitiv xarakterga ega» ekanini aytgan, ammo tafsilotlarga to‘xtalmagandi.

«Bizning odamlarimiz, hozirda dushmanning birinchi liniyasiga kirgan harbiylar - qahramonlardir. Ular jiddiy qarshilikka duch kelishmoqda. Va bu negaligi tushunarli. Chunki Rossiya Ukrainaning bu qarshi hujumida mudofaa amaliyotida yutqazishini men butun urushni yutqazishi deb hisoblayman», degan Zelenskiy.

Bu vaqtda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ukrainlarning qarshi hujumi hali ko‘p jihatdan boshlanmagani, qo‘shinlar esa faqat rossiyaliklar mudofaasidagi zaif nuqtalarni aniqlash bilan mashg‘ulligi haqida aytdi.

«Rossiyadagilar biz allaqachon yutib bo‘ldik, qarshi hujumni qaytardik deyayotgan qarshi hujumni biz hali boshlaganimiz yo‘q», degan Podolyak ukrain telemarafoni efirida.