O‘zbekiston | 02:07 / 17.01.2018
55911
2 daqiqa o‘qiladi

Tangem O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm elchisi bo‘ladi

Foto: "Saroy javohiri" serialidan kadr

O‘zbekistonliklarga "Saroy javohiri" serialidagi Tangem roli bilan mashhur bo‘lgan janubiy koreyalik aktrisa Li Yong E O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub va Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi hamkorligida «O‘zbek diplomatiyasining yangi voqe'ligi: Burch, mas'uliyat va vazifalar» mavzusidagi anjumanda xabar berdi. 

Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Tourism brand Ambassador of Uzbekistan lavozimi joriy etilgan. Ushbu lavozimga chet ellik mashhur siyosiy arboblar va media sohasida mashhur artistlar tayinlanib, ularga O‘zbekistonga turistlarni jalb qilish vazifasi yuklatiladi. 

"Bitta misol keltirishimiz mumkinki, yurtboshimiz o‘zlari Koreyada bo‘lganlarida "Saroy javohiri" serialining mashhur yulduzi bilan uchrashgan edi. Hozir biz u bilan muzokaralarni yakunladik va u O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm elchisi sifatida faoliyat yuritishiga kelishib oldik", – deya qo‘shimcha qildi Aziz Abduhakimov. 

Mavzuga oid