Jahon | 20:54 / 12.01.2026
13299
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston TIV targ‘ibotchi Solovyov bayonotlari tufayli Rossiya elchisini chaqirtirdi

Targ‘ibotchi Vladimir Solovyov Armaniston va Markaziy Osiyoda «maxsus harbiy operatsiyani boshlashni» taklif qildi. Rossiyaning Yerevandagi elchisiga norozilik notasi topshirildi.

Vladimir Solovyov / Foto: RIA Novosti

Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin boshlovchi Vladimir Solovyovning ushbu mamlakatda harbiy operatsiya o‘tkazish ehtimoli haqidagi so‘zlaridan so‘ng Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Targ‘ibotchi bir necha kun oldin teleefirlaridan birida Rossiya, xuddi AQSh Venesueladagi kabi «xalqaro huquqqa tupurishi» va Armaniston bilan Markaziy Osiyo respublikalarining Rossiya «ta’sir zonasidan» chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning ichki ishlariga kuch bilan aralashish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerak, degan fikrni bildirgan edi.

«Biz uchun Armanistondagi voqealar Venesueladagi voqealardan ko‘ra ancha og‘riqli. Armanistonni yo‘qotish - bu ulkan muammo. [...] Xalqaro huquqqa, xalqaro tartibga tupurdim. Agar biz milliy xavfsizligimiz uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiyani boshlagan bo‘lsak, nega aynan shu mulohazalardan kelib chiqib, ta’sir doirasimizning boshqa nuqtalarida ham maxsus harbiy operatsiyani boshlay olmaymiz?», dedi u.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiya elchisiga «davlat telekanali dasturi efirida qilingan bayonotlardan chuqur norozilik bildirilgan» norozilik notasi topshirilgan. Idoraning ta’kidlashicha, bunday bayonotlar Moskva va Yerevan o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga mos kelmaydi.

Rossiya va Armaniston rasman yaqin ittifoqchidir - ikkala davlat ham KXShT va Bojxona ittifoqiga a’zo. Ammo Rossiya amalda ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan Ozarboyjon bilan mojaro fonida rasmiy Yerevan AQSh va YeI bilan hamkorlikka tobora ko‘proq intilmoqda. Rossiya telekanallari efirlarida muntazam ravishda Nikol Pashinyan hukumatining harakatlari tanqid qilinadi.

Mavzuga oid