O‘zbekiston | 16:48 / 06.11.2020
12966
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sovuq qurol sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan ashyolarni bemaqsad olib yurish taqiqlandi

Jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir yangi qonun bilan, «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: iStock

Jumladan, qonunga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolar tushunchasi kiritildi. Unga ko‘ra, bunday ashyolarga quyidagilar kiradi:

kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan –

  • tig‘li, kesuvchi ashyolar (pichoqlar, bigizlar va boshqa uchi o‘tkirlangan sanchiladigan, kesuvchi ashyolar);
  • jismoniy kuch ishlatganda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar (beysbol bitalari, softbol o‘yini uchun bitalar).

Ushbu qonun bilan sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish taqiqlandi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 185-2-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra:

  • sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish – BHMning 0,5 – 1 baravari miqdorida (111 500 so‘mdan 223 ming so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi;
  • sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan ov qilishda, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish, shuningdek o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, BHMning 1–5 baravari miqdorida (223 ming so‘mdan 1 115 000 so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid