O‘zbekiston | 18:05 / 10.06.2024
10985
3 daqiqa o‘qiladi

14 ta tuman elektr va gazni tejash bo‘yicha namunaviy tumanlarga aylantiriladi

O‘zbekistonda ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqiladi. Har bir hokim 1 tadan tumanni tanlab, uni elektr va gaz tejash bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirishi kerak.

Foto: Prezident matbuot xizmati

10 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligi, ko‘p qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Rasmiy relizga ko‘ra, o‘tgan yili elektr va gazni tejash bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilingan. Xonadonlar va ijtimoiy obektlarda o‘rnatilgan quyosh kollektorlari hisobiga 20 million kilovatt tejalmoqda.

Sanoat korxonalari ham “yashil energiya” manbalarini joriy qilmoqda. Masalan, “O‘zbekko‘mir” tizimida quyosh kollektorlari va issiqlik nasoslari o‘rnatilgani hisobiga yiliga 150 ming kilovatt elektr iqtisod qilinmoqda.

Lekin ayrim hududlarda ishlar sust bo‘lgani uchun elektr iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda 580 ta maktab, 169 ta bog‘chaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Yangi ijtimoiy obektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, issiq oylarda ma’muriy va tijorat obektlarini sovutishga qish bilan bir xil energiya sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish topshirildi. 

Mutasaddilarga 1 mingta ijtimoiy obektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

“Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart”, – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid